Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi

Jahon 09:01 / 02.08.2024 1905

Gurjistonda 1 avgust, payshanba kuni ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun kuchga kirdi. Huquqiy normada daromadining kamida 20 foizini xorijdan oladigan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalariga davlat ro‘yxatidan o‘tish majburiyati yuklangan

Qonun amal qilishi nazarda tutilgan tashkilotlar har yili Adliya vazirligiga daromadlar va xarajatlar deklaratsiyasini taqdim etishi shart. Ushbu talablarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik uchun 25 ming lari (taxminan 8,5 ming yevro) miqdorida jarima solinadi.

Gurjistonda namoyishlar va prezidentning Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasi

Bahsli qonunning qabul qilinishi aprel oyi o‘rtalaridan boshlab norozilik namoyishlari bilan birga kuzatilmoqda. Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili hujjatga veto qo‘yib, uni «chet el agentlari to‘g‘risida»gi Rossiya qonunining nusxasi deb atadi, biroq hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi parlamentda ko‘pchilik bo‘lgani evaziga davlat rahbari vetosini yengib chiqdi. 

Keyinchalik Zurabishvili Konstitutsiyaviy sudga da’vo arizasi bilan chiqdi. Ayni paytda Gurjiston hukumati «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun davlat suverenitetini mustahkamlaydi va jamiyatdagi qutblanishni kamaytiradi, deb da’vo qilmoqda. 

YeI va AQShning «chet el agentlari» haqidagi qonunga munosabati

«Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun Yevropa Ittifoqi va AQSh tanqidiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa, YeI davlatlari rahbarlari Gurjistonning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi va Tbilisini mudofaa sohasida qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan 30 million yevroni muzlatdi.

O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar bir qator gurji siyosatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlariga viza berishni taqiqladi, shuningdek, Gurjiston bilan hamkorlikni qayta ko‘rib chiqishini e’lon qildi. Xususan, Vashington Tbilisiga ajratiladigan 95 million dollarlik yordamni to‘xtatdi va Gurjiston bilan o‘tkaziladigan «Loyiq sherik» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini noma’lum muddatga qoldirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: