Falastin Haniyaning o‘limi uchun «Isroilni javobgarlikka tortishni» talab qildi

Jahon 13:57 / 02.08.2024 3264

Falastinning Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)dagi doimiy vakili Riyod Mansur Isroilni Eronda Ismoil Haniya o‘ldirilgani uchun javobgarlikka tortishni talab qildi

WAFA rasmiy axborot agentligiga ko‘ra, Falastinning BMTdagi doimiy vakili Mansur BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish, shuningdek, BMT Bosh assambleyasi raisi Denis Fransisk va BMT Xavfsizlik kengashiga raislik qilayotgan Rossiya vakili Vasiliy Nebenzyaga maktub yo‘llagan.

Mansur o‘z maktubida Isroil BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalarini qo‘pol ravishda buzgan holda Falastin xalqiga qarshi «o‘zboshimchalik bilan urush» olib borayotganini aytdi.

«Isroil 300 kundan beri G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi genotsid urushi olib bormoqda. G‘azoda halok bo‘lgan bolalar, ayollar va keksa falastinliklardan tashqari, insonparvarlik yordami va sog‘liqni saqlash sohalarida ishlayotgan ko‘ngillilar va jurnalistlar soni ortib bormoqda», — deyiladi xabarda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi uylar va turar joylarni bombardimon qilishda davom etmoqda, shuningdek, G‘azodan o‘g‘irlab ketilgan tinch aholini Isroil qamoqxonalarida har xil qiynoqlarga duchor qilmoqda. Mansurning ta’kidlashicha, bu davr mobaynida Isroil ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilda va Sharqiy Quddusda ham armiyasi, ham «uzurpator ko‘chmanchilari» tomonidan falastinliklarga qarshi shafqatsiz hujumlarini davom ettirgan.

Siyosatchi Tel-Aviv ma’muriyatining G‘arbiy Sohil va Quddusdagi falastinliklar uylarini buzib, ular yerlarida «yangi turar joy loyihalari»ni amalga oshirganini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, Isroilning keng qamrovli hujumlari G‘arbiy Sohil va Quddusdagi falastinliklarni ko‘chishga majbur qilgan.

Mansurning so‘zlariga ko‘ra, Isroil har kuni o‘zini «yakkalab qolgan davlat» sifatida tutishda davom etishini namoyish qilmoqda. 

«Haniyaning o‘ldirilishi Eron suverenitetini ochiqdan ochiq buzishdir. Isroil armiyasi Livan va Suriya hududlarida shunga o‘xshash harakatlarni bir necha bor takrorlagan», — deb esladi u. 

Doimiy vakili Haniya va G‘azoda 130 mingdan ortiq falastinlik shafqatsizlarcha o‘ldirilgani va yaralangani uchun Isroilning javobgarlikka tortilishini talab qildi va Isroil G‘azoga deyarli 10 oydan beri davom etayotgan hujumlarini to‘xtatishga chaqirdi. 

Riyod Mansur Isroilni mintaqani beqarorlashtirish va Yaqin Sharqni keng qamrovli urushga tortishga urinayotganlikda aybladi.

Ko‘proq yangiliklar: