Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Jozep Borrel Qozog‘istonga rasmiy tashrifi chog‘ida YeIning umumiy Markaziy Osiyo va xususan, mintaqadagi eng yirik davlat sifatida Qozog‘iston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan juda manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.
«Biz - sizning asosiy savdo sherigingiz, barcha eksportingizning uchdan biridan ko‘proq qismi bizning hissamizga to‘g‘ri keladi», — dedi u 1 avgust, payshanba kuni Ostona shahrida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan qo‘shma matbuot anjumanida.
Bryusseldan olingan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, YeI 2022 yilda Qozog‘istonga jami to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bo‘yicha 54,8 milliard yevro hissa qo‘shgan, bu bir yil avvalgiga nisbatan 5,5 foizga ko‘pdir.
Nurtleu joriy geosiyosiy va iqtisodiy voqeliklar nuqtayi nazaridan Borrelning tashrifi alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Qozog‘iston TIV ma’lumotlariga ko‘ra, diplomatlar Ostona va Bryussel o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim doirasida keng ko‘lamli munosabatlarni ko‘rib chiqib, «siyosiy muloqot dinamikasi, iqtisodiy hamkorlik sezilarli darajada oshganini ta’kidladilar».
Borrel Qozog‘istonni inson huquqlarini himoya qilishga chaqirdi
Borrel Yevropa Ittifoqi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev boshchiligidagi keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, modernizatsiya yo‘lida iqtisodiy va siyosiy islohotlar yonma-yon borishi kerakligini aytdi. «Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ilgari surish, himoya qilish ochiq, demokratik va inklyuziv jamiyatning kalitidir, bu Qozog‘istonning o‘z mustaqilligi, suvereniteti va kelajagini mustaqil tanlash qobiliyatini mustahkamlaydi», deb ta’kidladi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili.
U har ikki mintaqa uchun qiyinchiliklarni keltirib o‘tdi: Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi va Yaqin Sharqdagi urushning beqarorlashtiruvchi oqibatlari. U Qozog‘istonni urushni tugatish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirdi.
Yangi safarlar uchun imkoniyatlar
Borrelning aytishicha, Qozog‘iston va YeI o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar soni tez orada ko‘payadi, chunki Qozog‘iston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida gorizontal havo qatnovi shartnomasi deyarli tayyor. May oyida Qozog‘iston aviatashuvchilari Yevropa Ittifoqi tomonidan yo‘lovchilarga yetarlicha xavfsizlik va qulaylikni ta’minlamaydigan aviakompaniyalarning «qora ro‘yxati»dan chiqarildi. Mutaxassislar navbatdagi qadam viza rejimini yumshatish bo‘lishi mumkinligini istisno qilmayapti.
Yevropa Ittifoqi davlatlarining Qozog‘istondagi konsulliklari 2023 yilda 160 ming viza arizasini ko‘rib chiqdi, bu rekord ko‘rsatkichdir, dedi Borrel matbuot anjumanida. Jurnalistlarga Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rahbari va Yevropa Ittifoqi bosh diplomatiga savol berish imkoniyati taqdim etilmadi. Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati DW’ga tushuntirganidek, bu shartni qabul qiluvchi tomon belgilaydi.
Bu Borrelning Qozog‘istonga ikkinchi va oxirgi rasmiy tashrifi bo‘ldi, chunki uning vakolati uch oydan keyin tugaydi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan ham uchrashib, so‘ngra Qirg‘izistonga boradi va u yerda tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan ikki tomonlama uchrashuv va favqulodda vaziyatlar vaziri Boobek Ajikeyev bilan alohida muzokaralar o‘tkazadi.