Bayden ham Rossiyadan qaytarilgan amerikaliklarni aeroportda kutib oldi

Jahon 11:00 / 02.08.2024 5586

ABC News translatsiyasiga ko‘ra, Rossiya bilan almashuv doirasida ozod etilganlarni Gershkovich, Kurmasheva hamda Uilanning qarindoshlari, shuningdek AQSh prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Harris kutib olishgan. 

«Men uydaman», — degan Gershkovich samolyot oldida kutib turgan The Wall Street Journal nashridagi hamkasblariga. 

Jo Bayden bu lahzalarni uzoq kutganini aytgan. «Buni uddalay olishimizga ishonchim komil edi», — degan AQSh prezidenti. 

Bayden ularning uchalasi bilan ham quchoqlab ko‘rishgan, Gershkovich esa prezident va vitse-prezident bilan ko‘rishganidan keyin onasining oldiga borib, uni ko‘tarib olgan.

Oq uy ma’muriyati almashuv ishtirokchilari hali samolyotda ekanida almashtirilayotgan mahbuslarning o‘z oila a’zolari bilan o‘tkazgan telefon muloqoti videosini ham e’lon qildi.

«Men shunchaki munosib so‘zlarni topa olmayapman, qamoqxonada o‘lishimga amin edim. Bo‘layotgan ishlarga ishona olmayapman. Sening ovozingni eshitish o‘rniga hamon Omskda kameramda uxlayotgandekman», — degan o‘z qiziga Vladimir Kara-Murza.

U shuningdek prezident Baydenga murojaat qilgan: «Aytishni istardimki, siz katta ishni bajardingiz, juda ko‘p odamlar hayotini qutqardingiz. Menimcha, bu samolyotda 16 kishimiz. <...> Men shunchaki aytishni istardimki, bu dunyoda insonlar hayotini qutqarishdan muhimroq ishlar bor deb o‘ylamayman».

  • Evan Gershkovich, Alsu Kurmasheva va Pol Uilan 1 avgust kuni Rossiya va G‘arb mamlakatlari o‘rtasidagi almashuv doirasida ozod etildi. Almashuvda Rossiya 16 kishini qo‘yib yuborgan va sakkiz fuqarosini qaytarib olgan. Rossiyaga qaytganlar orasida FXX zobiti, Germaniyada sobiq chechen qo‘mondonini o‘ldirgani uchun umrbod qamalgan Vadim Krasikov, shuningdek Sloveniyada josuslik uchun qamalgan Rossiya agentlari Artyom va Anna Dulsevalar ham bor.
Ko‘proq yangiliklar: