Turkiyalik mergan Parij Olimpiadasi yulduziga aylandi: Yusuf Dikech o‘zi kim?

Sport 18:48 / 01.08.2024 23185

Odatda ushbu sport turida sportchilar o‘q otish vaqtida quyosh nurlaridan qochish uchun maxsus ko‘zoynak, shovqinlarni qaytaruvchi quloqchin taqishadi. Ba’zida esa nishonga olish vaqtida tebranishlarni kamaytirish va ulardan qochish uchun qattiq charmdan ishlangan yengi uzun kurtkalardan ham foydalanishadi. 

Yusuf Dikech 4 yillikning eng yirik sport musobaqasida shu kabi ekipirovkalarsiz, oddiy kundalik ko‘zoynagi bilan qatnashdi. Uning nishonga olish va o‘q otish uslubi kinolardagi killerlarni eslatib yuboradi. Yusuf bir qo‘lini cho‘ntagiga solgan holda ikkala ko‘zi bilan nishonga qaraydi va shunchaki xotirjamlik bilan o‘q uzadi.

Umuman olganda, Yusuf Dikech o‘ziga xos sportchi. Olimpiadaning boshqa ishtirokchilaridan u harbiy o‘tmishi orqali ajralib turadi. Yusuf turk jandarmeriyasining iste’fodagi kichik ofitseri. 

Dikech 2006 yil Norvegiyada harbiylar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida to‘pponchadan 25 metrdan o‘q otish bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatadi. 2008 yildan Olimpiadalarda qatnashib keladi. U va nihoyat Parij Olimpiadasida o‘zining ilk medalini qo‘lga kiritdi.

Foto: Anadolu Agency

Yusuf o‘zining otish uslubi orqali tarmoqlar yulduziga aylandi. Sport ixlosmandlarining ko‘pchiligi hatto nahotki Turkiya Olimpiadaga professional killerni yuborgan bo‘lsa deb hazil aralash izohlar yozishdi. 

Ayrimlar esa uni har xil ashqol-dashqollarsiz sayohatga jo‘naydigan yigit sifatida e’tirof qilgan.

Boshqalar bo‘lsa uni taniqli aktyor Kianu Rivz gavdalantirgan “Jon Uik” filmidagi bosh qahramon Jon Uikka qiyoslagan.

Yana bir tarmoq foydalanuvchisi: “Turk bir ko‘zoynak bilan kelib, Olimpiadaning kumush medalini yutib ketdi”, — deya yozgan.

Dikech o‘zi esa bu haqda shunday deydi: “Menga maxsus jihozlar kerak emasdi. Chunki men tug‘ma otuvchiman”.

Ko‘proq yangiliklar: