Rossiya strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlar mashqlarining uchinchi bosqichini boshladi

Jahon 10:06 / 01.08.2024 2494

Rossiya harbiylari strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlar mashqlarining uchinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi, unda ular bo‘linmalarni taktik yadro qurolidan jangovar foydalanishga tayyorlash masalalari ishlab chiqiladi. «Rossiya Federatsiyasi prezidentining qaroriga muvofiq, strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlar mashqlari uchinchi bosqichi boshlandi», — deya ma’lum qildi 31 iyul, chorshanba kuni Rossiya Mudofaa vazirligi.

Unga ko‘ra, ushbu bosqichda Janubiy va Markaziy harbiy okruglarning raketa qo‘shinlari tomonidan «Iskandar-M» tezkor-taktik raketa komplekslari uchun maxsus o‘quv o‘q-dorilarini olish, ular bilan raketalarni jihozlash va yashirincha oldinga siljish bo‘yicha jangovar tayyorgarlik vazifalari ishlab chiqiladi. 

«Mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan Havo-kosmik kuchlarning aviatsiya bo‘linmalari shaxsiy tarkibi maxsus jangovar bo‘linmalar bilan mashq qiladi va belgilangan patrul hududlariga uchadi», — deya «Interfaks» Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotini keltirgan.

Dastlabki ikki bosqichda mashqlar Janubiy va Leningrad harbiy okruglariga tegishli edi

Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, avvalroq strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlar mashqlarining birinchi va ikkinchi bosqichlari doirasida Janubiy va Leningrad harbiy okruglari bo‘linmalarini, shuningdek, havo-kosmik kuchlar va harbiy-dengiz floti bo‘linmalarini strategik bo‘lmagan yadro qurollaridan jangovar foydalanishga tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Rossiya keng ko‘lamli dengiz mashqlarini ham boshladi

Rossiya Arktika, Boltiq va Kaspiy dengizlari hamda Tinch okeanida keng ko‘lamli harbiy-dengiz mashqlarini boshladi. «Rossiya harbiy-dengiz kuchlarining birlashmalari va tuzilmalari Shimoliy, Tinch okeani va Boltiq flotlarining operatsion zonalarida, shuningdek, Kaspiy flotiliyasi mas’uliyati zonasida rejalashtirilgan mashg‘ulotlarni o‘tkazishni boshladilar», deb xabar qildi 30 iyul kuni Rossiya Mudofaa vazirligi Telegram’da.

Manevrlarda 300 ga yaqin kemalar, katerlar, suvosti kemalari va yordamchi kemalar, 50 tagacha uchish apparati, 200 dan ortiq harbiy va maxsus texnika, shuningdek, 20 mingdan ortiq harbiy va fuqarolik xodimlari ishtirok etmoqda, deyiladi xabarda. 

Ko‘p kunlik o‘quv mashg‘ulotlari maqsadi dengiz flotining «harbiy qo‘mondonlik va nazorat organlari harakatlarini sinovdan o‘tkazish» va «kemalar ekipajlari, dengiz aviatsiyasi bo‘linmalari va Rossiya dengiz floti qirg‘oq qo‘shinlari o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga tayyorligini tekshirish». Manevrlar davomida 300 dan ortiq «qurollardan amaliy foydalanish bilan jangovar mashqlar» o‘tkazilishi kutilmoqda. Gap boshqa narsalar qatorida zenit-raketa va artilleriyadan dengiz va havodagi nishonlarni otish haqida bormoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: