Hozirgi bosqichda Moskva Vashingtonning strategik barqarorlik va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha muloqotdan haqiqiy manfaatdorligini hamda uni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni ko‘rmayapti. Bu haqda Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova izohida aytiladi.
AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Mellori Styuartning Rossiya qurol nazorati bo‘yicha muloqotni qayta tiklashni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish bilan bog‘lashi haqidagi bayonotiga izoh berish so‘roviga javoban diplomat Amerika tomonining Rossiya pozitsiyasi bo‘yicha talqini o‘ta sodda ko‘rinishini aytdi.
«Styuart qurollarni nazorat qilish tizimining qulashi uchun javobgarlikni Rossiyaga yuklashga harakat qildi. AQShning RQH shartnomasi va O‘KMRShdan chiqishi haqida eslatilganda, u darhol «plastinkani o‘zgartirdi» - go‘yoki, bunday ayblovlar bizni hech qayoqqa olib bormaydi va ularni chetga surib qo‘ygan ma’qul», dedi Zaxarova.
Diplomatning eslatishicha, Ochiq osmon shartnomasidan chiqqanlik va YaSKKTni ratifikatsiya qilishdan bosh tortganlik uchun «AQSh ham javobgardir».
Bundan tashqari, Vashington va uning NATO bo‘yicha ittifoqchilari Rossiyaning asosiy xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazadigan possovet makonini harbiy va siyosiy jihatdan rivojlantirishga intilishdi va ularga qarshilik ko‘rsatilgach, Rossiya Federatsiyasining jang maydonidagi «strategik mag‘lubiyati» uchun gibrid urush boshladilar, deb ta’kidladi rasmiy vakil.
Bunday harakatlar, Zaxarovaning fikricha, yadroviy kuchlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkin. «Va bunday sharoitda Styuart Rossiya tomoni qurol nazorati bo‘yicha muloqotni umumiy salbiy harbiy-siyosiy kontekstdan, munosabatlarning tushkun holatidan «bo‘lib olishga» tayyor emasligidan shikoyat qiladi. Bu pozitsiya bizga ikkiyuzlamachilik yoki absurd ko‘rinadi», — dedi Mariya Zaxarova.
Diplomatning eslatishicha, AQSh bilan strategik barqarorlik va qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha muloqot uchun asos Vashington Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligiga putur yetkazish bo‘yicha hozirgi «aqldan ozgan yo‘l»dan (so‘zda emas, amalda) bosh tortgandan keyingina paydo bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, ushbu mavzular bo‘yicha har qanday faraziy munozaralar faqat keng qamrovli bo‘lishi mumkin, bunda asosiy e’tibor xavfsizlikning asosiy muammolari, masalan, NATOning Sharqqa agressiv ekspansiyasini bartaraf etishga qaratilishi lozim, deya tushuntirdi diplomat.
«Hozirgi bosqichda biz Vashingtonning muloqotga haqiqiy qiziqishini, shuningdek, uni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni ko‘rmayapmiz», deb ta’kidladi Mariya Zaxarova.