Olimpiada pul mukofotlari - kim qancha to‘laydi?

Sport 21:20 / 01.08.2024 45724

Hongkong, Singapur va Tayvan olimpiada medallari uchun eng ko‘p mukofot puli to‘laydigan davlatlar hisoblanadi. Bu haqda Kaktus.media nashri ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, Hongkong olimpiada oltin medali uchun $768,5 ming, Singapur $737 ming va Tayvan $720 ming to‘laydi, bu dunyodagi eng katta mukofot pullaridir.

Medallar kam – mukofotlar miqdori katta

Hongkong Olimpiadada Xitoydan alohida, o‘z bayrog‘i ostida qatnashmoqda. Oltin medal uchun Hongkong 768,5 ming dollar, kumush va bronza uchun mos ravishda 384 ming va 192 ming dollar to‘laydi. Jamoaviy sport turlarida medallar uchun mukofot yuqoriroq: birinchi o‘rin uchun 1,5 million dollardan sal ko‘proq, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 768 ming va 384 ming dollar. Qizig‘i shundaki, Hongkong quyi o‘rinlarni ham taqdirlaydi: yakka sport turlarida to‘rtinchi o‘rin egalari 96 ming dollar va jamoaviy sport turlarida 192 ming dollar oladi. Beshinchidan sakkizinchigacha bo‘lgan o‘rinlar uchun - shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda mos ravishda 48 ming va 96 ming dollar. Bunday saxiylikni tushunsa bo‘ladi — Hongkong Olimpiya o‘yinlarida kamdan-kam hollarda medal oladi.

Singapur o‘zining mukofot dasturi orqali, yakka sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga 1 million singapur dollari (taxminan 737 ming dollar) taklif qiladi. Jamoaviy sport turlari bo‘yicha g‘oliblarga 2 million singapur dollari (taxminan 1,5 million dollar) to‘lanadi. Yuqoridagi summalarning 50 foizi kumush medal sohiblariga, 25 foizi bronza medali sohiblariga beriladi. Hozircha faqat bir nafar singapurlik bunday mukofotga sazovor bo‘lgan - suzuvchi Jozef Skuling 2016 yilgi Olimpiada o‘yinlarida 100 metrga batterflyay usulida suzishda g‘olib chiqqan. Bu Singapurning birinchi va hozircha yagona oltin medalidir.

Olimpiadada «Xitoy Taypeyi» rasmiy nomi bilan ishtirok etayotgan Tayvan o‘z sportchilariga oltin uchun 720 ming dollar, kumush uchun 252 ming dollar va bronza uchun 180 ming dollar taklif qilmoqda. Tokiodagi o‘yinlarda Tayvan 12 medalni qo‘lga kiritdi, bu 2000 yilda o‘rnatilgan rekordni ikki baravar oshirdi. Bundan tashqari, tayvanlik Olimpiada chempionlari hukumat dasturi doirasida bir martalik 20 million Tayvan dollari (600 ming dollar) va har oy 125 ming Tayvan dollari (4000 dollar) miqdorida umrlik stipendiya oladi.

Indoneziya, Qozog‘iston, Malayziya, Marokash, Italiya, Filippin, Tailand, Vengriya, Kosovo, Estoniya va Misr ham Parij Olimpiadasi medallari uchun olti raqamdan iborat mukofotlarni (112 ming dollardan 365 ming dollargacha) taklif qilgan.

Ba’zi hollarda sportchilar ham hukumatlar, ham milliy sport tashkilotlari tomonidan mukofot oladi. Masalan, Hindiston hukumati oltin medal sovrindorlariga 7,5 million rupiy (90 ming dollar), Hindiston Olimpiya assotsiatsiyasi esa 10 million rupiy (120 ming dollar) to‘laydi.

Medallar ko‘p, mukofot puli kamroq

Olimpiadada o‘z chempionlariga boshqalarga nisbatan kichik mukofot pullarini taklif qiladigan mamlakatlar ham bor, ammo ularda g‘oliblar soni ko‘p bo‘lgani uchun umumiy to‘lov astronomik miqdorga yetadi. Xitoy o‘z g‘oliblariga to‘laydigan summalarni e’lon qilmagani uchun bu mamlakat reytingga kiritilmagan, ammo u bemalol birinchi o‘rinni egallashi mumkin edi. Xitoy olimpiadalarda yuzlab medallarni qo‘lga kiritadi.

AQSh oltin medal uchun 37,5 ming dollar to‘laydi, kumush va bronza medal sohiblari mos ravishda 22,5 ming va 15 ming dollar oladi. Milliy sport tashkilotlarining ham sportchilarni rag‘batlantirish dasturlari mavjud. Masalan Living The Dream Medal Fund jamg‘armasi kurash bo‘yicha oltin medallar uchun 250 ming dollar, USA Swimming esa suzish bo‘yicha oltin medallar uchun 75 ming dollar taklif qilmoqda. Bonuslar umuman katta emasdek ko‘rinadi, biroq, Tokio-2020 olimpiadasida AQSh norasmiy medallar reytingida birinchi o‘rinni egalladi, bu esa Milliy Olimpiya qo‘mitasiga 9 million dollarga tushdi.

Markaziy Osiyoda mukofotlar miqdori qanday?

Qozog‘iston Olimpiya chempionlari qancha olishini allaqachon ma’lum qilgan: oltin uchun 250 ming dollar, kumush uchun 150 ming dollar va bronza uchun 75 ming dollar. Shuningdek, 4-, 5- va 6-o‘rinlar uchun 30 ming dollar, 10 ming va 5 ming dollar miqdoridagi naqd pul to‘lovlari ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston o‘z sportchilariga oltin medal uchun 200 ming dollar, kumush uchun 100 ming dollar va bronza uchun 50 ming dollar va’da qilmoqda.

Tojikiston sportchilari Olimpiadada birinchi o‘rin uchun Prezident mukofoti dasturi doirasida 150 ming somoniy (taxminan 14 ming dollar), ikkinchi o‘rin uchun – 100 ming (taxminan 9 ming dollar), uchinchi o‘rin uchun – 50 ming (taxminan 4,5 ming dollar) miqdorida mukofotlanadi. Taniqli sportchilarning ustozlari ham mukofot oladi. Bundan tashqari, o‘tgan yili Tojikistonda Olimpiada, Paralimpiya va Surdolimpiya o‘yinlari medallari va sovrindorlari uchun oylik maosh belgilandi.

Qirg‘izistonda sportchilar quyidagi sovrinlar bilan taqdirlanadilar: oltin medal - 10 million qirg‘iz so‘mi (taxminan 119 ming dollar); kumush medal - 7 million qirg‘iz so‘mi (taxminan 83 ming dollar); bronza medali - 5 million qirg‘iz so‘mi (taxminan 60 ming dollar).

Mukofot puli yo‘q, sportchilarni taqdirlash homiylar zimmasida

Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Shvetsiya hukumatlari an’anaviy tarzda o‘z g‘oliblariga pul to‘lamaydi. U yerda sportchilar faqat homiylar ko‘magida pul ishlab topishadi. Hukumat, MOQ va mahalliy federatsiyalarning mashg‘ulotlari, murabbiylar va xodimlar uchun haq to‘lashga yordam berish bilan cheklanadi.

2024 yilda ba’zi sport tashkilotlari birinchi marta sportchilarni mukofotlashga qaror qildi. Butunjahon yengil atletika federatsiyasi (World Athletics) barcha oltin medal sovrindorlari 50 ming dollar olishi haqida xabar berdi. 2024 yil iyul oyida XOQ tarkibidan chiqarilgan Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) boks bo‘yicha oltin medallar uchun 100 ming dollar to‘lashini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: