Tehronda Hamas yetakchilaridan biri o‘ldirildi. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 08:27 / 31.07.2024 36872

31 iyulga o‘tar kechasi Eron poytaxti Tehronda Hamas yetakchilaridan biri Ismoil Haniya halok bo‘ldi. Uning o‘limi haqida dastlab falastinliklar guruhi, shuningdek Eron inqilobi muhofizlari korpusi rasman xabar berdi.

Hamas bayonotida Haniya isroilliklar uning Eron poytaxtidagi qarorgohiga hujum qilishi oqibatida halok bo‘lgani aytiladi. U bilan birga uning tansoqchisi ham halok bo‘lgan. Al Mayadeen telekanaliga ko‘ra, Haniya joylashgan uyga boshqa davlat hududidan turib raketa zarbasi yo‘llangan, ammo uning o‘limi sababi bo‘yicha hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi. Hamasning yuqori martabali vakili Muso Abu Marzuq Haniyaning o‘ldirilishini «qo‘rqoqlarcha akt» deb atagan va bu «javobsiz qolmasligi»ni bildirgan. Iordan daryosining g‘arbiy sohilidagi Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham Haniyaning o‘ldirilishini qoralagan.

Isroil hukumati hozircha Haniyaning o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot bermadi. Bir kun oldin Livan poytaxti Bayrut shahriga zarba berilishi oqibatida  «Hizbulloh»ning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Fuad Shukr o‘ldirilgani haqida xabar bergan Isroil mudofaa armiyasi vakili CNN telekanalining Hamas yetakchisi o‘limi borasidagi savoliga javob qaytarmagan. Haniyaning o‘ldirilishi haqida gapirgan yagona isroillik mulozim Quddus ishlari va Isroil merosi bo‘yicha vazir Amihay Eliyahu bo‘ldi, u bu holatni «dunyoni ifloslikdan tozalashning to‘g‘ri yo‘li» deb atagan.

Rossiya TIV Haniyaning o‘limini «mintaqadagi keskinlikning yanada kuchayishi»ga olib keluvchi «mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan siyosiy qotillik» deb atadi. Bunday bayonot vazir o‘rinbosari Mixail Bogdanov tomonidan berilgan.

2019 yildan buyon Qatar va Turkiyada surgunda yashab kelgan Haniya Eronning 2024 yil mayida aviahalokatda vafot etgan prezidenti Ibrohim Raisiy o‘rniga yangi saylangan prezidenti Ma’sud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun Tehronga kelgandi. The New York Times nashri yozishicha, Haniya biroz oldinroq Eron diniy rahnamosi, oyatulloh Ali Xominaiy bilan uchrashgandi.

Ismail Haniya Eron prezidenti inauguratsiyasi marosimida, 2024 yil 30 iyul
Vahid Salemi / AP / Scanpix / LETA

Ismail Haniya 62 yoshda edi, u G‘azo sektoridagi Ash-Shati qochqinlar lagerida tug‘ilgan. U G‘azodagi Islom universitetida arab adabiyotini o‘qigan, keyin esa Hamas harakatiga qo‘shilgan. 2006 yilda, Hamas G‘azo sektorida hokimiyatga kelganidan keyin, Haniya qisqa muddatga Falastin milliy ma’muriyati bosh vaziri lavozimini egallaydi. Bir yilga yaqin vaqt o‘tib Falastin milliy ma’muriyati prezidenti Mahmud Abbos Haniyani iste’foga chiqaradi, ammo u G‘azo sektoridagi guruh rahbari bo‘lib qoladi. 2017 yilda Haniya Hamas siyosiy byurosiga rahbar bo‘ladi. 2021 yilda uni bu lavozimga qayta saylashadi.

Isroil hukumati Haniyani ikki bor hibsga olgan — 1987 yilda Birinchi intifada doirasidagi namoyishlarda ishtirok etgani uchun, keyin esa 1988 yilda. Shundan keyin u uch yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. 1992 yilda Haniya ozodlikka chiqariladi va Livan janubiga deport qilinadi.

Ismoil Haniya Hamasning boshqa yetakchilari qatori Isroilga 2023 yil 7 oktyabrda qilingan hujum uchun javobgar hisoblanadi. O‘sha hujum oqibatida 1200 dan ortiq isroillik halok bo‘lgan, yana 250 dan ortiq kishi garovga olingan. Ularning bir qismi hamon G‘azo sektorida asirlikda qolmoqda. Isroil ularni ozod etish uchun Qatar va Misr vositachiligida Hamas bilan muzokaralar olib bormoqda. Isroil hukumati bir necha marta Haniyani Hamasning boshqa yetakchilari qatori o‘z hujumlari nishoni sifatida keltirgan.

2024 yil aprelida, isroillik harbiylarning G‘azo sektori bo‘ylab zarbasi oqibatida Haniyaning uch nafar o‘g‘li halok bo‘lgan. Qatardagi «Al-Jazira» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, zarba G‘azo shahri yaqinidagi Ash-Shati lageriga yo‘llangan. Haniyaning o‘zi o‘z o‘g‘illari va nabiralari halok bo‘lganini tasdiqlagan. U shuningdek urush boshlanganidan buyon oilasi a’zolaridan 60 nafardan ortiq kishi halok bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Isroilda Haniya asirdagilarni ozod etish va G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi muhim figuralardan biri sifatida ko‘rilardi. Jurnalist Barak Ravid (eng tajribali isroillik siyosiy jurnalistlardan biri) hisoblashicha, Haniyaning o‘limi muzokaralarga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi — shu bilan birga, u uning o‘limi vaqt masalasi bo‘lganini qayd etgan. U shuningdek Haniyaning o‘limini «isroilliklarning 7 oktyabr buyon amalga oshirgan eng jiddiy amaliyoti» deb atagan. Haniyaning o‘limi muzokaralar jarayonini barbod qilishi mumkinligi haqida Bloomberg nashri ham yozgan.

Haniya AQSh sanksiyalari ostida edi. 2018 yilda AQSh Davlat departamenti uni terrorchi deb tan olgan. Ammo Haniya Vashingtondan farqli o‘laroq Hamasni terrorchi tashkilot sifatida tan olmagan Moskva bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatgandi. Hamas delegatsiyasi bir necha bor Moskvaga muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan, Haniyaning o‘zi Vladimir Putin 2024 yil martida prezidentlikka qayta saylanganida uni tabriklagan hamda Hamas Rossiya bilan «do‘stlik aloqalari mustahkamlanishi va hamkorlik rivojlanishi»dan umidvorligini aytgan, shuningdek Rossiyaning «Falastin masalasidagi qo‘llov» pozitsiyasini «yuqori baholashi»ni ta’kidlagandi.

2024 yil mayida Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon Hamasning uch nafar yetakchisi — Isroilga 7 oktyabr kuni qilingan hujum uchun javobgar hisoblangan Yahyo Sinvar, Muhammad Deyf va Ismoil Haniyani hibsga olish uchun order berishni so‘ragan. Shu bilan birga, Karim Xon isroilliklarning yetakchilari — mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahu va mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olish uchun ham order talab qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: