Isroilning Bayrutga bergan zarbasi oqibatida 70 dan ortiq kishi jarohat oldi

Jahon 07:25 / 31.07.2024 5462

30 iyul, seshanba kuni Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Isroilning Bayrut janubiy chekkasiga bergan zarbasi oqibatida kamida uch kishi halok bo‘ldi. Yana 74 kishi jarohatlangan. «Vayronalar ostida bedarak yo‘qolganlarni qidirish davom etmoqda», — deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari Livandagi «Hizbulloh» harakati qo‘mondoniga zarba berilgani haqida xabar qilgan edi. Isroilga ko‘ra, u bir necha kun avval Jo‘lan tepaliklarini o‘qqa tutib, 12 kishining hayotiga zomin bo‘lgani uchun javobgardir.

TsAHAL: «Hizbulloh» qo‘mondoni o‘ldirildi

Bayrutga hujum haqida xabar berilganidan bir necha soat o‘tib TsAHAL «maqsadli» hujumda «Hizbulloh» bosh kotibi Hasan Nasrulloh maslahatchisi bo‘lib ishlagan yuqori martabali «Hizbulloh» harbiy qo‘mondoni Fuad Shukr halok bo‘lganini aytdi.

BMT Isroil hujumidan «qattiq xavotirda»

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livan bo‘yicha maxsus koordinatori Janin Xennis-Plassxart 30 iyul kuni Isroilning Bayrut chekkasidagi aholi zich joylashgan hududiga uyushtirgan zarbasi tufayli «ko‘p sonli tinch aholi qurbon bo‘lganidan qattiq xavotirda» ekanini aytdi.

Hennis-Plassxart «Isroil va Livan o‘rtasidagi mojaroga harbiy yechim yo‘qligini» ta’kidladi va urushni to‘xtatish uchun «diplomatik variantlardan» foydalanishga chaqirdi. 

Jo‘lan tepaliklariga hujum

Isroil 27 iyul kuni Livanning «Hizbulloh» harakatini Jo‘lan tepaliklari shimolidagi Majdal Shams qishlog‘ini o‘qqa tutganlikda aybladi. Otishma oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan, ularning aksariyati o‘smirlardir. Zarba vaqtida ular futbol maydonida bo‘lgan.

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats «Hizbulloh» Majdal Shamsga hujumi bilan «barcha qizil chiziqlarni kesib o‘tganini» aytdi va «to‘liq ko‘lamli urush» ehtimoli haqida ogohlantirdi. 

O‘z navbatida, «Hizbulloh» hujumga aloqadorligini rad etadi. Harakat vakili AP agentligiga bergan izohida guruh «Majdal Shamsga hujum uyushtirganini qat’iyan rad etishi»ni va zarbasi faqat Isroil harbiy bazasiga qaratilganligini ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: