Dang‘ara tumanida yo‘l chetida ketayotgan piyodalarni urib yuborish oqibatida 4 kishining umriga zomin bo‘lgan haydovchi jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hukmi bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 1998 yilda tug‘ilgan Sh.V. 2024 yilning 20 fevral kuni soat 23:30 larda ukasiga tegishli bo‘lgan Cobalt mashinasini mast holatda boshqarib chiqqan. U mashinani “Qo‘qon-Mulkobod-Gulbog‘-Pungan” avtomobil yo‘lining Dang‘ara tumanidan o‘tgan qismida boshqarib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan hamda yo‘lning o‘ng chetida harakatlanib ketayotgan 6 nafar piyodani urib yuborgan. So‘ngra jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rmasdan, hodisa joyidan qochib ketgan.
YTH oqibatida 4 nafar fuqaro – O‘.I., K.I., D.I. va O‘.Yo. hodisa joyida vafot etgan. Ular 20-21 yoshli yigitlar bo‘lgan. Shuningdek, Sh.J. o‘rtacha og‘irlikda hamda A.O. yengil tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
O‘tkazilgan sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, haydovchi Sh.V.ning peshobi tarkibida etil spirti va kuchli ta’sir qiluvchi tropikamid dori vositasi mavjudligi aniqlangan.
Sh.V. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan.
“Ukamning nomida bo‘lgan Sobalt mashinasida Toshkent shahriga yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanib kelaman. 2024 yil 20 fevral kuni soat 16:00 yoki 17:00 larda Toshkent shahridan 4 nafar yo‘lovchini Dang‘ara tumaniga olib kelib, manzillariga tashlab qo‘ydim. Kun kech bo‘lib qolgani bois ovqatlanish uchun “Kamron” nomli oshxonaga bordim. Yo‘lda ovqatlanish vaqtida ichish uchun aroq sotib oldim. Ovqatlanish davomida uning ma’lum miqdorini ichdim. O‘sha yerda biroz uxlab, o‘zimga kelganimda ancha vaqt o‘tib qolganini ko‘rdim.
Mashinamni boshqarib, Urganji qishlog‘i tomonga keta boshladim. Yo‘l ikki tomonlama harakatlanish uchun mo‘ljallangan edi. Mashinani boshqarib ketayotib charchoq va mastlikdan uxlab qolibman. Boshim “labavoy”ga urilganida uyg‘onib ketdim. Avvaliga velosipedchini urib yubordim deb o‘yladim. Shu vaqtda mashinam yo‘l chetidagi terakka borib urildi. To‘xtaganidan so‘ng mashinadan tushib, holatni ko‘rdim va qo‘rqib, u yerdan ketib qoldim. O‘zimga kelganimda Tumor mahallasi hududidagi dala yer maydonida, ariq ichida yotgan ekanman.
Marhumlarning yaqinlaridan va jabrlanuvchilardan kechirim so‘rayman, ularga yetkazilgan moddiy zararlarni keyinchalik qoplab beraman”, degan haydovchi o‘z ko‘rsatmasida.
Vafot etgan yigitlarning qonuniy vakillari dafn marosimi va boshqa xarajatlarni o‘z hisoblaridan amalga oshirganini, moddiy va ma’naviy zarardan voz kechishlarini aytib, suddan haydovchiga qonunda nazarda tutilgan eng og‘ir jazoni tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmi bilan haydovchi Sh.V. Jinoyat kodeksining 117-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavf ostida qoldirish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) va 266-moddasi 3-qismi “a” bandida (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo manzil-koloniyalarda o‘tash belgilangan.