ChatGPT «kengaytirilgan ovoz rejimi» yordamida yanada yaxshiroq suhbatdoshga aylanadi

Fan-texnika 22:20 / 31.07.2024 4715

OpenAI kompaniyasi joriy yil boshida ChatGPT’ning eng so‘nggi versiyasi uchun yangilangan ovoz rejimini namoyish etganida barcha foydalanuvchilar hayratiga sabab bo‘lgandi. Odamlar o‘rganib qolgan Alexa yoki Siri kabi raqamli yordamchilarning robotlashgan ovozlaridan farqli o‘laroq ChatGPT’ning kengaytirilgan ovozli rejimi haqiqiy insonniki kabi jaranglaydi. U real vaqtda yangraydi, kerakli vaqtda to‘xtashlarni amalga oshiradi, kimdir hazil qilsa, kulgan inson tovushini chiqarishi va gapirayotgan odamning ovoz tonidan uning hissiy holatini baholashi mumkin.

30 iyuldan chat-botning eng so‘nggi versiyasi ChatGPT-4o yordamida ishlaydigan kengaytirilgan ovoz rejimi pulli foydalanuvchilar e’tiboriga ham havola etildi. Kengaytirilgan ovoz rejimi «Plus» rejimidagi ayrib obunachilar guruhi o‘rtasida tarqatilmoqda, kuzdan boshlab u «Plus»ning barcha foydalanuvchilariga taqdim etilishi rejalashtirilgan. 

OpenAI kompaniyasining ma’lum qilishicha, oxirgi oylar davomida sun’iy intellekt yordamida ovoz imkoniyatlari «45 tilda so‘zlashuvchi va 29 ta turli geografik mintaqada yashovchi testlarlar tomonidan» sinovdan o‘tkazilgan. 

Xavfsizlik choralari nuqtai nazaridan ovoz rejimi dublyaj aktyorlari bilan birgalikda yaratilgan to‘rt turdagi ovozdan boshqasidan foydalana olmaydi. Shuningdek, sun’iy intellekt mualliflik huquqi bilan himoyalangan musiqa yoki boshqa audiomateriallarni yaratishga yo‘naltirilgan ma’lum so‘rovlarni bloklaydi. 

Kengaytirilgan ovoz rejimi oldinroq namoyish etilgan versiyasidan muhim bir jihati bilan farq qiladi: foydalanuvchilar OpenAI may oyida namoyish etgan Skarlett Yoxanssonning ovozidan foydalana olmaydi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu ovoz aslida boshqa aktyor yordamida yaratilgan va aktrisaning shikoyatidan keyin «hurmat yuzasidan» undan foydalanish to‘xtatilgan. 

ChatGPT’ning kengaytirilgan ovoz rejimini ishga tushirilishi o‘tgan hafta OpenAI sun’iy intellekt texnologiyasiga asoslangan qidiruv tizimini test qilayotganini e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Oxir-oqibat OpenAI’ning qidiruv tizimi onlayn-qidiruv sohasida yetakchi bo‘lgan Google’ga jiddiy raqobatchiga aylanishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: