Bobonov va Matniyozova yutqazdi, erkak bokschilar yo‘qotishsiz davom etmoqda

Sport 16:11 / 31.07.2024 25777

31 iyul, Parij Olimpiadasining beshinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi dzyudo, boks, kamondan otish va akademik eshkak eshish bo‘yicha bahslarda qatnashishdi.

Dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zosi Gulnoza Matniyazova o‘zining uchinchi Olimpiadasini g‘alaba bilan boshladi.

-70 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchi ilk bosqichda KXDR vakili Song Munni dog‘da qoldirib, ikkinchi davraga yo‘l oldi.

Ammo chorakfinalda Matniyazova yaponiyalik kuchli raqib Saki Nizoyega yutqazib, turnirdagi ishtirokini to‘xtatdi.

Erkaklar jamoasi vakili, medal kutilgan Davlatbek Bobonov ham muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

-90 kg vazn toifasida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dzyudochi BAA nomidan qatnashgan Aram Grigoryanga qarshi bahs olib bordi va mag‘lubiyatga uchrab musobaqani tark etdi.

Davlatbek Bobonov Osiyo va Jahon chempionati sovrindori hisoblanadi. Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada bronza medalini qo‘lga kiritgan. 

-57 kg bo‘lgan vazn toifasida jang qiluvchi O‘zbekiston Olimpiadasi bayroqdori Abdumalik Halokov Shvetsiya vakili Nebil Ibrahimga qarshi jang qildi. 

Nebil Ibrahim Yevropa chempionati sovrindori hisoblanadi. 

Uch raund davom etgan bahsda 24 yoshli o‘zbek sportchisi g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga yo‘l oldi. Hakamlar barcha raundlarda o‘zbek sportchisining g‘alabasini e’tirof etdi — 5:0.

Halokov endi 3 avgust kuni chorakfinal doirasida ringga chiqadi.

Ma’lumot uchun, bungacha O‘zbekiston erkaklar boks jamoasi vakillaridan Lazizbek Mullojonov (-92 kg), Ruslanbek Abdullayev (-66 kg), Bahodir Jalolov (+92), Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) hamda To‘rabek Habibullayev (-80 kg) birinchi janglarida g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga o‘tgandi.

Ayollar jamoasidan esa Sitora Turdibekova (-57 kg) birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan, Nigina O‘ktamova (-54 kg) ilk jangda yutqazib, turnirdagi ishtirokini yakunlagan.

Kun davomida O‘zbekiston erkaklar jamoasining -71 kg vazn toifasidagi vakili Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham bahslarga qo‘shiladi.

Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Shahzod Nurmatov va Sobir Safaraliyev juftligi ishtirokini yakunladi.

Yengil vazn toifasidagi sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda qatnashgan o‘zbekistonlik sportchilar C finalida ishtirok etib, 6:31.33 daqiqa ko‘rsatdi va 3-bo‘lib marraga yetib keldi.

Ushbu natija bilan sportchilar Olimpiadani 15-pog‘onada yakunlaydigan bo‘ldi.

Bugungi bahslarda O‘zbekistondan ikki kamonchi - Amirxon Sodiqov va Ziyodaxon Abdusattorova ham qatnashdi.

Amirxon Sodiqov pley-off bosqichining ilk davrasida argentinalik Damian Jarabilla bilan bellashdi va 6:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Ammo u  2-davrada London Olimpiadasi g‘olibi italiyalik Mauro Nespoliga 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va Olimpiya o‘yinlarida yakkalik dasturidagi ishtirokini yakunladi.

Ziyodaxon Abdusattorova esa pley-off bosqichida dastlabki bahsidayoq muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Chexiyalik Mariye Xorachkova bilan bellashgan Ziyodaxon 2:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va yakkalik dasturidagi ishtirokini shu nuqtada yakunladi.

Endi ushbu kamonchilar aralash juftlik dasturida o‘z imkoniyatini sinab ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: