Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Toshkent shahri hududiy boshqarmasi tomonidan «Toshkent issiqlik markazi» korxonasining 2021-2023 yillar davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) shakllanishi va qo‘llanilishi yuzasidan qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Qayd qilinishicha, mazkur tabiiy monopoliya sub’yekti tomonidan ishlab chiqarilgan issiqlik energiyasi narxlari Toshkent shahar moliya organi tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra har bir Gkal uchun 13,3 kub.m. suv me’yorda sarflanishi belgilangan.
Issiqlik energiyasi narxlari (tariflari) bo‘yicha haqiqatda qilingan xarajatlar o‘rganilganda har bir Gkal uchun belgilangan me’yor 14,01 kub.m.ga oshirilgani aniqlangan. Oqibatda jamiyat tomonidan 4728,85 ming kub.m. ortiqcha suv sarflangan va 2023 yil davomida sotilgan 6,7 mln Gkal issiqlik energiyasi hajmiga nisbatan 2,5 milliard so‘mdan ortiq asossiz daromad olingani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, «Toshkent issiqlik markazi» MChJ Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 28 oktyabrdagi 239-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilgan deb topilib, jamiyatga nisbatan o‘rnatilgan tartibda ish qo‘zg‘atilgan va ortiqcha olingan daromadni ixtiyoriy ravishda iste’molchilarga qaytarish yuzasidan ko‘rsatma berilgan.