Germaniya Federativ Respublikasining davlat qarzi rekord darajaga ko‘tarildi va 2023 yil oxirida 2445,1 milliard yevroga yetdi. Bu aholi jon boshiga 28 943 yevro qarz darajasiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumotlar 29 iyul, dushanba kuni Visbadendagi Federal statistika boshqarmasi tomonidan e’lon qilindi.
Ta’kidlanishicha, statistik ma’lumotlarda Germaniya davlat budjetlarining umumiy qarzlari: federal, yer va munitsipal budjetlar, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta jamg‘armalari hisobga olinadi.
Taqqoslash uchun: 2022 yil oxirida Germaniyaning davlat qarzi 2368 milliard yevroni yoki aholi jon boshiga 28 165 yevroni tashkil qilgan. 2023 yilda Germaniya davlat qarzining o‘sishi federal va munitsipal darajadagi qarzlar, shuningdek, ijtimoiy sug‘urta fondlari qarzlari oshishi bilan bog‘liq. Ayni paytda federal yerlar o‘z budjetlarining qarzlarini kamaytirishga muvaffaq bo‘ldi, deyiladi press-relizda.
Boshqa narsalar qatorida, 2023 yil uchun statistik ma’lumotlarda aks etgan davlat qarzi hajmiga Germaniyada arzon Deutschlandticket yo‘lkira chiptasi joriy etilishi ta’sir ko‘rsatdi, buning natijasida ko‘plab transport kompaniyalari katta zarar ko‘rdi. «Statistikada bu safar hisobga olingan jamoat transporti kompaniyalarining qarzi bo‘lmaganida, 2023 yil oxirida davlat qarzi darajasi 9,8 milliard yevroga kam bo‘lib, 2435,4 milliard yevroni yoki aholi jon boshiga 28 827 yevroni tashkil qilgan bo‘lardi», deb tushuntiradi Federal statistika idorasi.
Federal budjet qarzlari
Federal budjet darajasida Germaniyaning qarzi 2023 yil oxirida 1696,3 milliard yevroni tashkil etdi, bu 2022 yil oxiri darajasidan 75,9 milliard yevro yoki 4,7 foizga yuqori. Bu, birinchi navbatda, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi natijasida yuzaga kelgan energetika inqirozini bartaraf etish chora-tadbirlarini moliyalashtirgan Energetika iqtisodiyotini barqarorlashtirish jamg‘armasi bilan bog‘liq qarzlar o‘sishi, shuningdek, Bundesverning uskunalari modernizatsiyasi va qayta jihozlanish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratilishi bilan bog‘liq.. Umuman olganda, bu ikki soha, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, davlat qarzi 47,3 milliard yevroga oshishiga olib keldi.
Federal yerlarning qarzi kamayishi
Shu bilan birga, Germaniya federal yerlari budjetlarining qarzi 2023 yil oxirida 12,7 milliard yevroga yoki 2,1 foizga kamayib, 594,2 milliard yevroga yetdi. Bu aholi jon boshiga o‘rtacha 7033 yevro qarzga to‘g‘ri keladi. Tegishli ko‘rsatkich federal yer maqomiga ega bo‘lgan shaharlarda eng yuqori bo‘ldi: Bremen (aholi jon boshiga qarz 34 012 yevro), Hamburg (17 095 yevro) va Berlin (16 602 yevro). Biroq, shuni hisobga olish kerakki, boshqa federal yerlardan farqli o‘laroq, bunday maqomga ega bo‘lgan shaharlar ham munitsipal darajada xarajatlarni o‘z zimmasiga oladi, deb eslatadi Federal statistika boshqarmasi.
Germaniyada munitsipal budjetlar qarzi 2023 yil oxiriga kelib 154,6 milliard yevroga oshgan, bu 2022 yil oxiri darajasidan 9,8 foizga yuqori. Hisobot davrida ijtimoiy sug‘urta fondlari qarzining eng kam o‘sishi kuzatildi: 41 million yevro. Shunga qaramay, bu ko‘rsatkich qarzning 90 foizga o‘sishiga to‘g‘ri keladi: 2022 yilda bu sohadagi qarz hajmi «atigi» 22 million yevroni tashkil etdi.