“Xalq oldida hisobdormiz, ta’limga qilingan investitsiya o‘zini oqlaydi” – “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari bilan suhbat

Jamiyat 14:17 / 28.07.2024 7112

Kun.uz “El-yurt umidi” jamg‘armasining AQSh, Buyuk Britaniya, Gongkongda ta’lim oluvchi va bitiruvchi talabalari bilan suhbatlashdi. Ular o‘z yutug‘ining asosini – bilim olishga bo‘lgan qunt, hech nimaga qaramay olg‘a intilish, maqsadlar sari harakatda deb biladi. Shuningdek, stipendiatlar xalq oldida o‘zini hisobdor his etadi. Bu pullarga maktab, bog‘cha, qanchadan qancha tibbiyot muassasalari qurish mumkin edi, biroq davlat bizni tanladi. Ta’lim kiritilgan investitsiya, albatta, o‘zini oqlaydi, deydi yoshlar.

Gulbahor Nortojiyeva 20 yoshda. U bugun AQShning Jorj Meyson universitetida o‘qiydi, bo‘lg‘usi kimyogar. 17 yoshidanoq xorijga bilim istab yo‘lga chiqqan bu qiz – “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati. O‘zbekistonda kimyo – nisbatan yosh va lekin rivojlanishi kerak bo‘lgan soha. Men kelajakda Markaziy Osiyoda analogi bo‘lmagan laboratoriyani ochaman, deydi Nortojiyeva.

32 yoshli Bobur To‘rayev esa Buyuk Britaniya poytaxti Londondagi universitetning tibbiyot yo‘nalishida o‘qib, O‘zbekistonga qaytgan. Qizig‘i, yosh bo‘lishiga qaramay u bugungacha bolalarda 600 dan ortiq operatsiyalar o‘tkazgan. Tibbiyot xodimlarining qadri baland bo‘lishi kerak. Avvalo, ta’limda mutaxassis emas, olim-u ilm odamlarini chiqarish asosiy prioritet bo‘lishi lozim, deydi shifokor.

20 yoshli Humoyun Nasibqulov esa o‘qish uchun Gongkongni tanlagan. Nega hamma borgan va hamma tanlagan joyni tanlashim kerak? Men noodatiyligi, Osiyo moliyaviy habi ekani, tabiat va shahar uyg‘unligi bo‘lgani uchun Gongkongni tanlaganman, deydi bo‘lg‘usi moliyachi.

“Oldimda juda ko‘p boshqa variantlar bor edi, lekin Gongkongni tanladim. Birinchidan, Osiyo moliyaviy hablaridan biri. Ikkinchidan, bu yerda ham sof tabiat, ham osmono‘par binolar uyg‘unligi bor. Uchinchidan, men tanlagan oliygohda dunyoning eng bilimli, eng iste’dodli yoshlari ta’lim oladi. Universitetda o‘qish oson emas, baholash tizimi ham juda qiyin. Men yoshligimdan matematikaga qiziqqanman. Raqobat bor joyni qadrlayman. Toshkentdagi Vestminster universitetida o‘qishni xohlamaganim uchun Gongkongga yo‘l oldim. Eng mashhur va boy kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniga ham egamiz u yerda”, - deydi Gonkong Fan va texnologiyalar universiteti talabasi.

Suhbatda yoshlar xorijda o‘qishning qiyinchilik va afzalliklari, yurtdan uzoqdagi sog‘inch va mas’uliyat bilan yashash, jamg‘arma stipendiati bo‘lish ularning zimmasiga yuklagan vazifalar xususida to‘xtalgan. Talabalar o‘qishni bitirishi bilan O‘zbekistonga qaytish, jamiyat va davlat iqtisodiyoti rivojiga hissasini qo‘shish niyatida. Biri laboratoriya ochishni, ikkinchisi noyob bolalar operatsiyalarini O‘zbekistondan chiqmay qilishni yo‘lga qo‘yishni, uchinchisi esa iqtisodiyotni raqamlashtirishga o‘z hissasini qo‘shishni rejalagan.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: