Iyul oyining ikkinchi yarmida ham qator katta transferlar amalga oshirildi. Ayrim kelishuvlar Yevro-2024ning oxirgi kunlarida amalga oshib bo‘lgandi, ammo ularning asosiy qismi — turnir yakunlanganidan keyin e’lon qilindi. Quyida ulardan eng asosiylari haqida.
Leni Yoro: «Lill» → «Manchester Yunayted» (62 mln yevro)
Mankunianliklar 18 yoshli himoyachi uchun raqobatda «Real»dan ustun keldi. Iste’dodli futbolchi transferi uchun 62 mln yevro to‘lashga to‘g‘ri keldi. Madridliklar futbolchini keyingi yil yozida olishni rejalashtirgandi, ammo fransuzlar klubi o‘z aktivini tezroq pullashga qaror qildi. Leni Yoro «Lill» safida 16 yoshida debyut qilgan va hozirgacha professional darajada 60 o‘yin o‘tkazishga ulgurgan. «MYu» fransuz futbolchi bilan besh yillik shartnoma tuzdi. Yoro — hozircha mankunianliklarning mavsumlar oralig‘idagi eng qimmatbaho xaridi.
Seri Girassi: «Shtutgart» → «Borussiya» Dortmund (18 mln yevro)
Dortmundliklar klubi Bundesliganing o‘tgan mavsumidagi eng yaxshi ikkinchi to‘purarni (28 o‘yinda 28 gol) qo‘lga kiritdi. Gvineyalik 28 yoshli hujumchi gol urishda faqat «Bavariya» vakili Harri Keyndan ortda qolgan. «Borussiya» Girassining shartnomasidagi banddan foydalanib, uni 18 mln yevro evaziga o‘ziniki qildi, Girassining o‘ziga esa to‘rt yillik shartnoma taklif etildi. «Shtutgart» Seruni 2022 yilda «Renn»dan ijaraga olgan, bir yil o‘tib uning transfer huquqini 9 mln yevroga sotib olgandi.
Joshua Zirkzeye: «Bolonya» → «Manchester Yunayted» (42,5 mln yevro)
«Bolonya» — Yevropa futbolining o‘tgan mavsumidagi kashfiyot jamoalardan bo‘ldi. Jamoa A Seriyada beshinchi o‘rinni oldi va Chempionlar ligasiga yo‘llanmaga ega chiqdi. Lekin endi jamoa parchalanmoqda, avvaliga bosh murabbiy Tiagu Motta «Yuventus»ga o‘tib ketdi, endi asosiy hujumchisi Zirkzeyesiz qoldi (yana bir asosiy futbolchi, himoyachi Rikkardo Kalafiori «Arsenal»ga o‘tishga yaqin). Italiya chempionatining o‘tgan mavsumida 34 o‘yinda 11 gol urgan niderlandiyalik hujumchi «Manchester Yunayted»ga qo‘shildi. Mankunianliklar murabbiylar shtabida Joshuaning bir qancha vatandoshlari, jumladan bosh murabbiy Erik ten Hag va uning yordamchisi Ruud van Nistelroy ishlaydi, futbolchida APLga moslashish jarayoni osonroq kechishi aniq.
Alvaro Morata: «Atletiko» → «Milan» (13 mln yevro)
Yevropaning yangi chempioni A Seriyaga qaytmoqda. Morata bungacha ikki bor «Yuventus»da o‘ynagan. 2014 yilda bu «Real»dan to‘laqonli transfer asosida bo‘lgandi, 2020 yilda esa —«Atletiko»dan ijaraga olingandi. Endi ispaniyalik «Milan» futbolchisi sifatida o‘ynaydi. Morata o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 48 uchrashuvda 21 gol urgan. Yevropa chempionati vaqtida Alvaro bir necha marta o‘z manziliga bildirilayotgan tahdidlar tufayli Ispaniyada o‘ynash unga og‘irligini aytgandi. Morataning «Milan» bilan shartnomasi 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan.
Meyson Grinvud: «Manchester Yunayted» → «Marsel» (26 mln yevro)
Angliyalik futbolchi yangi ish joyi masalasini hal qildi. «Marsel» ushbu mojaroli futbolchi transferini 26 mln yevroga sotib oldi, Grinvudning o‘zi bilan 2029 yilga qadar amal qiluvchi shartnoma imzoladi. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, yana 5 mln yevro bonuslar ko‘rinishida to‘lanishi mumkin. Qolaversa, «MYu» futbolchining qayta sotuvidan ulushga ega bo‘ladi. Meyson o‘tgan mavsumni ijara asosida «Xetafe»da o‘tkazgandi (36 o‘yyinda 10 gol). Endi uni italiyalik mutaxassis Roberto De Dzerbi boshqaruvidagi yillar kutmoqda.
Piyer-Emerik Obameyang: «Marsel» → «Al-Qodisiya» (9 mln yevro)
Gabonlik hujumchi 35 yoshida Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi, holbuki u o‘tgan mavsumda «Marsel»ning asosiy yetakchisi bo‘lgandi. Obameyang bu klub safida barcha turnirlar doirasida 30 gol urdi (10 tasi — Yevropa Ligasida) va yana 11 golga assistentlik qild. Endi u keyingi ikki yilni Osiyoda o‘tkazadi — harholda uning shartnomasi 2026 yil yoziga qadar tuzilgan. Avvalroq «Al-Qodisiya» safiga «Real»ning sobiq sardori Nacho Fernandes kelib qo‘shilgandi. Ushbu faxriy futbolchi saudiyaliklarga tekinga tushgandi, futbolchining madridliklar klubi bilan shartnomasi muddati tugagandi. Eng yaxshi yillarida «Borussiya» va «Arsenal»ning to‘purar hujumchisi bo‘lgan afrikalik uchun esa 9 mln yevro to‘landi.
Jorj Mikautadze: «Mets» → «Lion» (18,5 mln yevro)
Yevro-2024 turnirida porlagan va eng yaxshi to‘purarlardan biri bo‘lgan (uch gol) gurjistonlik hujumchi kattaroq klubga o‘tdi, lekin Fransiya chempionatida qoldi. U o‘tgan mavsumda ham Liga 1 da yaxshi ishtirok etgandi — ijara asosida «Mets» safida o‘ynagan futbolchi 20 o‘yinda 14 gol urgan. Yozda fransuzlar klubi uning transfer huquqini «Ayaks»dan 13 mln yevroga sotib oldi va biroz o‘tib qimmatroqqa pulladi. Yozda u «Monako»ga o‘tishi haqida ham xabarlar tarqalgandi, ammo yakunda «Lion» bilan shartnoma imzolandi. Bu klub oldindagi mavsumda Yevropa Ligasida ishtirok etadi.
Serxi Gomes: «Manchester Siti» → «Real Sosiyedad» (9 mln yevro)
«Manchester Siti» himoyachi Serxi Gomes bilan xayrlashdi. Ayni vaqtda Ispaniya jamoasi bilan Parij olimpiadasida ishtirok etayotgan futbolchi yangi mavsumni vatanida davom ettiradi — u «Real Sosiyedad» bilan shartnoma imzolagan. «Siti» 23 yoshli futbolchisi transferidan 9 mln yevro ishladi, futbolchi yangi klubi bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Gomes o‘tgan mavsumda «Siti» safida barcha turnirlar doirasida 15 o‘yinda qatnashgan, ammo uning maydondagi o‘yin vaqti jami 449 daqiqani tashkil etgan.
Chiro Immobile: «Latsio» → «Beshiktosh» (3 mln yevro)
Italiyalik hujumchi sakkiz mavsumdan keyin «Latsio»ni tark etdi. Immobile rimliklar klubi safida 2016 yildan buyon 340 o‘yinda maydonga tushib, 207 gol urdi. Endi 34 yoshli hujumchi yana bir bor vatanini tark etdi va Turkiyaga yo‘l oldi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «Beshiktosh» futbolchiga yiliga 6 mln yevro to‘laydi. Futbolchining yangi klubi bilan shartnomasi ikki yilga tuzilgan.
Saul Niges: «Atletiko» → «Sevilya» (ijara)
Saul — «Atletiko» tarbiyalanuvchisi. Oxirgi yillarda madridliklar klubi uni tez-tez ijaraga bermoqda (bungacha u shunday formula bo‘yicha «Rayo Valekano» va «Chelsi» klublarida o‘ynab kelgandi). Endi 29 yoshli futbolchi bir yilni «Sevilya»da o‘tkazadi. Ispaniyalik futbolchi o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 49 uchrashuvda maydonga tushib, ikki gol urgan va besh golga uzatma bergan.
Ussem Auar: «Roma» → «Al-Ittihod» (12 mln yevro)
O‘z vaqtida Yevropaning grand klublari nazariga tushgan jazoirlik yarimhimoyachi «Lion»da qolib xato qildi, uning Rimdagi faoliyati esa faqat bir mavsum davom etdi va endi Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. «Al-Ittihod» futbolchi uchun 12 mln yevro taklif qilgan, «Roma» darhol rozilik bergan. Rimliklar Auarni bir yil oldin erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib olgandi. Afrikalik futbolchi o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 25 o‘yinda maydonga tushdi va to‘rt gol urdi. Lekin u 2024 yil boshidan zaxiraga o‘tirib qolgandi.
Metyu Rayan: AZ → «Roma» (erkin agent)
O‘zbekistonlik muxlislarga yaxshi tanish bo‘lgan avstraliyalik darvozabon Rayan — ancha tajribali futbolchi. 32 yoshga chiqqan futbolchi o‘z vaqtida APL («Brayton», «Arsenal») va La Liga («Valensiya», «Real Sosiyedad») klublarida o‘ynagan. Bundan tashqari, u Avstraliya milliy jamoasi bilan uch marta (2014, 2018, 2022) jahon chempionatida qatnashgan. Endi Rayan o‘z kuchini Yevropadagi yana bir top darajadagi chempionat — A Seriyada sinab ko‘radi. «Roma» biror yevro sarflamasdan darvozabon pozitsiyasini mustahkamladi, Rayan Rim klubiga erkin agent sifatida kelib qo‘shildi.
Allan Sent-Maksimen: «Al-Ahli» → «Fenerbahche» (ijara)
Fransuz futbolchisi bir yil o‘tib Yevropaga qaytdi. Uning Saudiya Arabistoniga safari uzoqqa cho‘zilmadi. Lekin u yana bir mavsumdan keyin Osiyoga qaytishi mumkin, turklar klubi uni ijaraga olgan. Sent-Maksimen so‘nggi mavsumda barcha turnirlar doirasida 31 o‘yinda maydonga tushib, to‘rt gol urgan va 10 golga uzatma bergan. Endi Allan mavsumlar oralig‘ida «Fenerbahche» bosh murabbiyiga aylangan Joze Mourinio bilan ishlaydi.
Boshqa transferlar:
- «Barselona» va «Sevilya»ning sobiq yarimhimoyachisi Ivan Rakitich vataniga qaytdi. So‘nggi yarim yilni Saudiyaning «Ash-Shabob» klubida o‘tkazgan 36 yoshli xorvat «Hayduk» bilan «1+1» sxemasida shartnoma imzolagan.
- «Tottenhem» va «Sevilya»ning sobiq futbolchisi Erik Lamela faoliyatini Gretsiyaning AYeK klubida davom ettiradi. Argentinalik yarimhimoyachi yangi klubiga erkin agent maqomida kelib qo‘shilgan;
- Belgiyalik himoyachi Toma Myone Fransiya chempionatiga qaytdi. «PSJ» va «Borussiya»dan keyin yarim yil Turkiyaning «Trabzonspor» klubida ham o‘ynagan futbolchi «Lill» bilan 2026 yilga qadar shartnoma tuzgan;
- «Liverpul»dagi o‘yinlari bilan tanilgan ispaniyalik himoyachi Alberto Moreno 32 yoshida Italiyaning «Komo» klubiga o‘tdi. Shartnoma «1+1» sxemasida tuzilgan. Futbolchi so‘nggi yillarda «Vilyarreal» safida o‘ynayotgandi;
- Daniyalik darvozabon Kasper Shmeyhel «Seltik» bilan bir yillik shartnoma imzoladi. 10 yildan ortiq vaqt mobaynida «Lester» darvozasini qo‘riqlagan Shmeyhel so‘nggi mavsumlarni «Nitssa» va «Anderleht» klublarida o‘tkazgandi;
- Serbiyalik himoyachi Nikola Milenkovich faoliyatini «Nottinghem Forest»da davom ettiradi. Inglizlar klubi uning transferi uchun «Fiorentina»ga 14,3 mln yevro to‘lagan;
- 41 yoshli darvozabon Pepe Reyna «Komo» bilan bir yillik shartnoma imzoladi. U «Vilyarreal»ni erkin agent maqomida tark etgan;
- «Bayyer» 20 mln yevro evaziga «Renn»dan qanot hujumchisi Marten Tereni sotib oldi. 27 yoshli futbolchi bunga qadar faqat fransuz klublarida o‘ynagan («Lill», «Strasburg», «Lion», «Renn»), o‘tgan mavsumda «gol+pas» tizimi bo‘yicha 13 (9+4) ochko jamg‘argach, «Bayyer» e’tiborini o‘ziga qaratgan;
- «Chelsi» 14 mln yevroga «Bazel»dan tayanch yarimhimoyachisi Renatu Veygani sotib oldi. 20 yoshli portugaliyalik futbolchi bungacha «Sporting» va «Augsburg» klublarida ham to‘p surgan;
- «Napoli» «Torino» himoyachisi Alessandro Buondjornoni 35 mln yevroga transfer qildi;
- APLga qaytgan «Sauthempton» «Vest Hem»dan 17,85 mln yevroga Flinn Daunsni sotib oldi. Ushbu tayanch yarimhimoyachi o‘tgan mavsumni ijara asosida «avliyolar» safida o‘tkazgandi;
- Chempionshipdan APLga chiqqan jamoalardan yana biri «Ipsvich Taun» ham tarkibini kuchaytirmoqda. Jamoa «Hall Siti»dan 21,5 mln yevroga markaziy himoyachi Jyeykob Grivzni, «Manchester Siti»dan 17,85 mln yevroga hujumchi Liam Delapni xarid qildi;
- Bosniyalik hujumchi Ermedin Demirovich 21 mln yevro evaziga «Augsburg»dan «Shtutgart»ga o‘tdi.