Erkaklar va ayollar alohida yashaydigan, toshda taom tayyorlaydigan qabila bilan yashagan o‘zbekistonliklar

Jamiyat 20:05 / 28.07.2024 25939

Kun.uz tahririyati Mysterious Uzbekistan va Uzbek Tourist alpinistlar jamoasi bilan hamkorlikda Avstraliya va Okeaniyadagi eng baland vulqonni zabt etdi va u yerda yashaydigan qabila turmush tarzini o‘rgandi. Papua Yangi Gvineya orollaridagi ajoyib manzaralar, hayratlanarli hayot tarzi bilan tanishing.

Kun.uz jamoasi Mysterious Uzbekistan va Uzbek Tourist alpinistlar jamoasi bilan hamkorlikda ajoyib ko‘rsatuv tayyorladi. U yerda aktiv vulqonlar mavjud, va tabiiyki vulqon otilganda ba’zan fojiaviy holatlar ham bo‘lib turadi. Papua Yangi Gvineyaga kiruvchi orollarda jami 94 ta vulqon bor. Bundan 18 tasi aktiv holatda. Avstraliya okeanidagi eng katta vulqon ham shu yerda joylashgan.

Alpinistlarimiz Avstraliya va Okeaniyadagi eng baland vulqon (4376 m) cho‘qqisini zabt etishdi.

Avvalo alpinistlar jamoasi Papua Yangi Gvineyadagi bu vulqon cho‘qqisini zabt etgunga qadar erishgan yutuqlarini sanab o‘tsak. Mysterious Uzbekistan (Sirli O‘zbekiston) va Uzbek Tourist jamoasi 4 eng baland cho‘qqini zabt etishgan.

1. Elbrus 5642 m - Yevropadagi eng baland cho‘qqi va vulqon. 2022 yilda.

2. Kilamanjaro 5895 m- Afrikaning eng baland cho‘qqisi va vulqoni 2023 yilda.

3. Demavend 5671 m. Osiyoning eng baland vulqoni. 2023 yilda.

4. Giluve 4367 m. Avstraliya va Okeaniyaning eng baland vulqoni. 2024 yilda.

Papua Yangi Gvineya tarixi

Dastlab Yangi Gvineyaga 16-asrning 1-yarmida portugal dengizchi sayyohlari kelgan. 1884 yil Yangi Gvineya orolining janubi-sharqiy qismi Angliya protektoratiga aylantirildi va u Papua nomini oladi, 1888 yil Buyuk Britaniya mustamlakasi deb e’lon qilindi, 20 asr boshlarida Avstraliya Ittifoqiga topshirildi.

1920 yil orolning Germaniya protektorati bo‘lgan shimoli-sharqiy qismi ham, Millatlar Ittifoqining mandatiga binoan, Avstraliya Ittifoqi boshqaruviga olib berildi. 1949 yil Avstraliya hukumati uning ikkala qismini ma’muriy jihatdan birlashtirdi va mamlakat Papua Yangi Gvineya nomini oldi. 1973 yil Papua Yangi Gvineya ichki o‘zini o‘zi boshqarish huquqiga ega bo‘ldi. 1975 yil 16 sentabrda esa mustaqil davlat deb e’lon qilindi. Papua Yangi Gvineya 1975 yildan BMT a’zosi hisoblanadi.

Papau Yangi Gvineya joylashuvi

Papua Yangi Gvineya Mustaqil Davlati uning poytaxti — Port Moresbiy shahri. Tinch okeanining janubi-sharqiy qismida joylashgan davlat. G‘arbda Indoneziya bilan chegaradosh, qolgan qismi dengizlar bilan o‘ralgan. Papua Yangi Gvineya tarkibiga Yangi Gvineya orolning sharqiy qismi va unga yondosh orollar, Bismark arxipelagi, Solomon orollarining shimoliy qismi, D’antrkasto orollari, Luiziada arxipelagi, Trobrian orollari, Murua orol va boshqa 200 ga yaqin katta-kichik orollar kiradi. Umumiy maydoni 463 ming km kv. Aholisi 5 mln kishidan ortiq deyiladi. Ma’muriy jihatdan 20 viloyatga bo‘linadi.

Ajoyib urf-odatlari

“Papua Yangi Gvineya aholisining yashash tarzi bo‘lingan holatda, ya’ni ayollar alohida erkaklar alohida yashashgan. Ularda ikkita alohida uy bo‘lgan “erkaklar uyi” va “ayollar uyi”. Vaholanki bu yerda ko‘pxotinlikka ruxsat berilgani uchun bitta erkakning ikkita, uchta xotini bo‘ladi.

Yana bir qiziq narsa bu ularning milliy taom tayyorlash jarayonidir. Papua Yangi Gvineyada taomlar asosan gulxanda emas, qizdirilgan toshlarda pishiriladi. Ularning eng mashhur taomlaridan biri “Momo” deb ataluvchi qizdirilgan toshda pishirilgan kartoshka ekan.

Bunday taom tayyorlash usuli birinchi o‘rinda hamjihat bo‘lishga yordam bergan, ikkinchidan ovlangan hayvonni tashib ko‘p vaqt sarflamaslik uchun, uchinchidan kulolchilik mehnati rivojlanmaganligidan. Ya’ni bu yerda turli xil idishlardan taom iste’mol qilish uchun va taom tayyorlaganda hech qanday ziravor yoki tuzdan foydalanmagan, chunki “Momo” usulida pishirilgan mahsulot tutunga dimlab quyishgani uchun go‘shtga yoki bunday kartoshkaga o‘zgacha ta’m bergan.

Skeleton odamlar (ChIMBU)

Papua-Yangi Gvineyaning olis tog‘li Chimbu viloyatida bir qancha etnik guruhlar yashaydi, ularning ko‘pchiligi qabilaviy tana san’ati bilan shug‘ullanadi.

1934 yilda avstraliyalik oltin ovchi tadqiqotchi birinchi marta ularni uchratganda, odamlar hayratlanarli ko‘rinishga egaligi va Chimbu qabilasi

boshdan oyoq skeletlar sifatida ko‘rinishi hayratlanarli tarzda bo‘lganini ko‘rishadi. Ularning hayratlanarli badiiy taqdimotining sababi yuzlab yillarga borib taqaladi.

Qabila, dahshatli g‘ayritabiiy mavjudot atrofdagi o‘rmonlarni ta’qib qiladi deb ishongan va shuning uchun arvohni mag‘lub qilish uchun ular arvohga aylanishlari kerak edi. Oq loy va kul aralashmasidan foydalanib ular tanalarini, bosh suyagini va barcha suyaklarini bo‘yashdi. Bu ularga o‘rmonlarda zararsiz ov qilish imkonini berdi. An’ana bir necha asrlar davom etdi.

Hozirgi kunda Bugamo qo‘riqxonasi aholisi har yili o‘tkaziladigan Xeygen Sing tog‘ festivali uchun tanalarini skeletga bo‘yashadi.

Bir vaqtlar bu an’ana o‘zga dunyo jonzotlaridan himoya qilish va jang oldidan qo‘rqitish uchun ishlatilgan bo‘lsa, endi bu, albatta, o‘rtacha narxlarda ta’sirchan rasm olishni istagan qiziquvchi fotograflarini jalb qilish vositasidir xolos.

Mudmen mud odamlar

Asaro Mudmen inglizcha: Asaro daryosidan kelgan odamlar, loyga botgan odamlar ma’nosida keladi. Sharqiy Tog‘lar provinsiyasi, Goroka shahridan bo‘lgan papua xalqi. Ular tanalarini oq loy bilan qoplashlari va maxsus loy niqoblarini kiyishlari bilan mashhur. Oq rang Papua madaniyatida o‘limni anglatadi.

Afsonaga ko‘ra, Asaro mudmenlari dushman qabilasi tomonidan mag‘lub bo‘lgan, buning natijasida ular Asaro daryosiga qochishga majbur bo‘lishgan. Ammo ular kechqurungacha kutishga qaror qilishdi. Loyga botgan Asaro mudmenlarini dushmanlar ko‘rib ruhlar deb o‘ylashgan. Dushman qabilasi bundan qattiq qo‘rqib, qochib ketishgan. Dushmanlar nima bo‘lganini tushunish uchun qishloqqa qaytib kelishdi. Lekin ular yana loyga botgan Asaro mudmenlarini ko‘rib qochib ketadi.

Jamoa a’zolari Papua Yangi Gvineyadagi eng baland cho‘qqini zabt etishda qiziqarli voqea va ajoyibotlarga duch keldi. Ko‘rsatuvda namlik yuqori bo‘lgan o‘rmon, yovvoyi tabiat, kamgap mahalliy aholi, xullas sarguzasht istovchilar uchun ajoyib ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: