Monopoliyaga qarshi organ tomonidan moliyaviy sanksiyalar belgilash tartibi o‘rnatilmoqda

O‘zbekiston 10:12 / 27.07.2024 1139

Vazirlar Mahkamasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan hukumat ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan:

  • iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining vakolatli davlat organi tomonidan ish qo‘zg‘atmasdan ko‘rib chiqilib, ko‘rsatma beriladigan ayrim holatlari belgilanmoqda;
  • raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun monopoliyaga qarshi organ tomonidan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilish tartibi o‘rnatilmoqda.

Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi to‘g‘risidagi masalalar quyidagi hollarda vakolatli davlat organi tomonidan ish qo‘zg‘atmasdan ko‘rib chiqilib, ko‘rsatma beriladi:

  • tovarlarning (ish, xizmatlarning) nazorat xaridi doirasida ularning ekspertiza qilish yoki akkreditatsiyadan o‘tgan sinov laboratoriyalarida testdan o‘tkazish natijasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga nomuvofiqligi aniqlanganda;
  • tovarlarning (ish, xizmatlarning) saqlash qoidalariga rioya etilmasdan savdoga chiqarilganligi natijasida sifati o‘zgarganligi tasdiqlanganda;
  • tovarlarning (ish, xizmatlarning) iste’mol qilinishi, foydalanilishi natijasida iste’molchilarning sog‘lig‘i, mol-mulkiga zarar yetkazilganligi aniqlangan yoki zarar yetkazish xavfi tug‘ilgan holatlarda;
  • iste’molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish holatlarida;
  • yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ularning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatini ko‘rsatmagan holda, realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik holatlarida;
  • qonunchilik buzilishi o‘z tasdig‘ini topgan va chora ko‘rish uchun asoslar yetarli bo‘lgan holatlarda;
  • huquqbuzar xo‘jalik yurituvchi sub’yekt yoki jismoniy shaxs qonunchilik talablarini buzganligiga iqror bo‘lgan va (yoki) ixtiyoriy tartibda bartaraf etgan holatlarda;
  • ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari to‘g‘risida, shuningdek, tovarlar (ish, xizmatlar) to‘g‘risida ma’lumot taqdim etmaganda;
  • “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 19- va 21-moddalaridan tashqari boshqa talablari buzilganda;
  • reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganda aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha huquqbuzarning e’tirozi mavjud bo‘lmaganda;
  • savdo obekti tomonidan sotuvga qo‘yilgan tovarga narxnoma qo‘yilmaganda, sotuvga qo‘yilgan tovarning narxi kassa chekidagi narxdan farq qilganda.

Agar reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan va aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olgan shaxs moliyaviy sanksiyalar summasini ixtiyoriy ravishda to‘lamasa, vakolatli davlat organi tegishli moliyaviy sanksiyalar belgilash to‘g‘risida sudga murojaat qiladi.

Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun vakolatli davlat organi moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qiladi.

Raqobatga qarshi kelishuv tuzgan yoki o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatni sodir etgan jismoniy yoki yuridik shaxs bu haqda vakolatli davlat organiga birinchi bo‘lib ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, vakolatli davlat organi ushbu shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiyalar belgilash va undirish to‘g‘risida sudga murojaat qilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: