Olimpiada ochilish kunida jinoyatchilar temiryo‘l harakatini falaj qilib qo‘ydi

Sport 17:19 / 26.07.2024 9495

Kompaniyadagilar hujumdan maqsad — mamlakatdagi yuqori tezlikdagi qatnovlarni falaj qilish bo‘lganiga amin.

Parijdan g‘arb, sharq va shimol yo‘nalishlarida temiryo‘l qatnov qismlari shikastlangan. Juma kuni tongida poyezdlar Fransiya g‘arbiga yo‘l oladigan «Monparnas» bekatida ulkan navbatlar yuzaga kelgan.

Poyezd reyslarining katta qismi bekor qilingan. SNCF vakillarining so‘zlariga ko‘ra, juma kuni bu uzilish 250 ming kishiga, dam olish kunlarida esa 800 mingga yaqin yo‘lovchiga ta’sir qiladi.

Ma’lum qilinishicha, sotilgan chiptalarga qaraganda juma kuni Fransiya temiryo‘llaridagi eng gavjum kunlardan biri bo‘lishi kerak edi: minglab kishilar O‘yinlar ochilish kuni munosabati bilan Parij tomon yo‘l olgan, yana minglab kishilar yozgi ta’til uchun shaharni tark etishga kirishgan.

«Monparnas» bekati juma tongida shunday ko‘rinishda edi. Foto: AFP

Shuningdek, Parij va Yevropaning qator shaharlarini bog‘lovchi qatnovlarni amalga oshiruvchi Eurostar kompaniyasi reyslari bekor qilingan yoki kechiktirilgan.

Londondagi Sent-Pankras vokzali, bu yerdan Eurostar poyezdi Parijga jo‘naydi, obrazovyvayutsya ocheredi

Mamlakat bosh vaziri Gabriel Attal bu yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan va harakatlar muvofiqlashtirilgan diversiya bo‘lganini aytgan.

X platformasida (sobiq Twitter) u yetkazilgan zarar ko‘lamli ulkan va juda jiddiy ekanini yozgan. U o‘t qo‘yilgan joylarda ish olib borgan o‘t o‘chiruvchilarga minnatdorchilik bildirgan va xavfsizlik xizmatlari aybdorlarni qidirayotganini ma’lum qilgan.

Bu vaqtda o‘t qo‘yilgan joylardan ilk tasvirlar paydo bo‘lgan. Ulardan birida simlar yonib ketgani aks etgan. Bu fotosurat Parijdan taxminan 143 km masofadagi Sen-Pelleren-Kurtalen temiryo‘l liniyasida olingan.

Parijdan 140 kilometr masofadagi shikastlanish. Foto: VALD’YERRE MAIRIE
Hujum joyida o‘t o‘chiruvchilar va politsiyachilar ishlamoqda

Keskin vaziyat kamida 29 iyulga qadar saqlanib qoladi, hozircha esa tiklash ishlari davom ettirilmoqda. Diversiya oqibatlarini to‘liq bartaraf etishga bir haftadan ortiq vaqt ketishi mumkin.

Fransiya transport vaziri Patris Vergrite nopok niyatli kimsalarning harakatlari rasmiylar tomonidan jinoiy huquqbuzarlik sifatida baholanayotganini aytgan. 

Sport vaziri Ameli Udea-Kastera yirik xalqaro sport tadbiri oldidan temiryo‘l tarmoqlariga uyushtirilgan ommaviy hujumlarni dahshatli deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muqarrar ravishda muxlislar jadvaliga, ehtimol sportchilarga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Juma kuni Parij markazida Olimpiadaning ochilish marosimiga 300 mingdan ortiq tomoshabin yig‘ilishi kutilmoqda. Fransuzlar tashkiliy qo‘mitasi atletlarning an’anaviy paradini Sena daryosida o‘tkazishni rejalashtirgan: minglab sportchilar qayiqlarda tomoshabinlar qarshisida suzib o‘tadi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax Yozgi Olimpiya o‘yinlari ochilishi reja bo‘yicha bo‘lib o‘tishiga ishonch bildirgan.

«Menda hech qanday xavotir yo‘q. Bir fransuz hukumatiga to‘liq ishonamiz», — degan u OAVga bergan izohida.

O‘yinlar tashkiliy qo‘mitasidagilar SNCF operatori bilan yaqindan aloqada bo‘lib turganini ma’lum qilgan.

«Biz SNCF temiryo‘l tarmoqlariga ta’sir ko‘rsatadigan hodisalarni ma’lumot uchun qabul qildik. Biz vaziyatni baholash uchun hamkorlarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilmoqdamiz», — deyiladi xabarda.

Fransiya politsiyasi hujum yuzasidan tekshiruvlar boshlagan. AFP agentligining huquq-tartibot organlaridagi manbasi temiryo‘l aloqasi tizimiga hujum maqsadlaridan biri — diversiya ekanini tasdiqlagan.

Hukumat jinoyatchilarning harakatlari muvofiqlashtirilganidan xavotir bildirgan. Bu hujum puxta rejalashtirilgani va keng tarmoqdagi jinoyatchilardan darak beradi.

Juma kuni portlash xavfi tufayli Fransiya-Shveytsariya chegarasi yaqinida joylashgan Bazel-Myuluz-Frayburg aeroporti evakuatsiya qilingandi.

Yuqori Reyn departamenti prefekturasi terminalga sapyorlar chaqirilganini ma’lum qilgan.

Ayni vaqtda aeroport faoliyati tiklangan.

O‘tgan yili ushbu aeroport xizmatlaridan 8 milliondan ortiq yo‘lovchi foydalangan.

Ko‘proq yangiliklar: