Futzal bo‘yicha “Mirabror Usmanov cup-2024” xalqaro xotira turniri: O‘zbekiston terma jamoasi turnir g‘olibi bo‘ldi

Sport 15:45 / 26.07.2024 4856

Joriy yilning 19-24 iyul kunlari poytaxtimizdagi Yunusobod sport majmuasida futzal bo‘yicha “Mirabror Usmanov cup-2024” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va Mirabor Usmanov nomidagi xalqaro xayriya jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

Marhum davlat arbobi Mirabror Usmanovning sa’y-harakatlari bilan yurtimizda bir qancha sport majmualari barpo etilgan. U yoshlarni sportga keng jalb etish, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga ulkan hissa qo‘shgan.

Mirabror Usmanov xotirasiga bag‘ishlangan va o‘tkazilishi an’anaga aylangan navbatdagi turnirda O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston Respublikasi va Gvatemala futzal bo‘yicha milliy terma jamoalari ishtirok etishdi.

Ushbu turnir joriy yilning sentabr-oktyabr oylarida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha jahon chempionatiga tayyorgarlik jarayonida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Turnirning birinchi kuni qiziqarli bahslarga boy bo‘ldi. Birinchi turda Qirg‘iziston Respublikasi va Gvatemala terma jamoalari o‘zaro bahs olib borishdi va natijada 4:3 hisobida Qirg‘iziston foydasiga hal bo‘ldi.  Ikkinchi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi Tojikiston terma jamoasi bilan uchrashdi va 3:2 hisobida g‘alaba qozondi.

Gvatemala terma jamoasi ikkinchi davradagi ilk o‘yinda Tojikiston termasiga qarshi maydonga tushdi va 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Keyin O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikasi jamoalari o‘rtasida o‘yinda vakillarimiz 3:1 hisobida ustun kelishdi.

Uchinchi turning ilk o‘yini Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasida kechdi va 4:1 hisobida Tojikiston foydasiga hal bo‘ldi. Ushbu turning navbatdagi o‘yinida O‘zbekiston va Gvatemala terma jamoalari maydonga tushishdi. Keskin o‘yin natijasida O‘zbekiston terma jamoasi 5:4 hisobida zafar quchdi.

Turnir jadvaliga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq g‘alabali seriya bilan birinchi o‘rinni egalladi. Vakillarimiz 3 ta o‘yin o‘tkazdi va ularning har birida g‘alaba qozonib, 11 ta gol urdi va 7 ta gol o‘tkazib yubordi. Ushbu natija bilan jamoa maksimal 9 ochko jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Gvatemala terma jamoasi atigi bitta g‘alabaga erishdi va to‘plar nisbatiga ko‘ra 10-10 hisobi qayd etildi, bu esa ularga 3 ochko keltirdi. Tojikiston va Qirg‘iziston terma jamoalari ham bittadan g‘alaba va ikkita mag‘lubiyatga uchragan holda 3 ochko jamg‘ardi.

Qayd etilgan umumiy natijalarga ko‘ra, finalda O‘zbekiston terma jamoasi Gvatemala terma jamoasi bilan to‘qnash keldi. Vakillarimiz o‘z kuchini ko‘rsatdi va 7:4 hisobida g‘alaba qozonib, turnir g‘olibiga aylandi.

Qayd etish joiz, “Mirabror Usmanov cup-2024” turniri nafaqat sport musobaqasi, balki O‘zbekistonda futzal rivojida muhim qadam bo‘ldi. Umid qilamizki, jamoamizning muvaffaqiyati shu yilning sentabr-oktyabr oylarida mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan futzal bo‘yicha jahon chempionatida ham hamroh bo‘ladi.

 
Ko‘proq yangiliklar: