Apple o‘zining birinchi buklanadigan smartfoni ustida ishlamoqda. Koreyalik manbalar Amerika kompaniyasi kelajakdagi buklanuvchi telefonni qanday ko‘rishi va u bozorda qachon paydo bo‘lishi haqida ma’lumot berdi.
Xabarlarga ko‘ra, so‘nggi oylarda Apple o‘zining buklanadigan smartfoni uchun ehtiyot qismlarga buyurtma berish maqsadida Osiyodagi ta’minotchilarga murojaat qilgan. Qurilma bozorda 2026 yilda paydo bo‘lishi kutilmoqda, shu vaqtgacha Apple kamerani yaxshilaydi va unga o‘zgaruvchan diafragmani qo‘shadi.
Ma’lumki, birinchi buklama iPhone Samsung Galaxy Z Flip smartfoniga o‘xshab ketadi, ya’ni u qisqichbaqasimon shakl faktoriga ega bo‘ladi. Manbaning yozishicha, ushbu dizayn Galaxy Fold smartfonida qo‘llaniladigan «kitob» shakliga qaraganda ancha amaliy va foydalanuvchilar uchun qulayroq.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, buklanadigan iPhone o‘zini «davolaydigan» ekranga ega bo‘ladi. Biroq, Apple hali ham smartfon ochilganda ekranda paydo bo‘ladigan burmalardan xalos bo‘lish yo‘lini topishga harakat qilmoqda.
Apple hali ham o‘z assortimentida buklanadigan qurilmaga ega bo‘lmagan yagona IT giganti bo‘lib qolmoqda.
Yangi iPhone 16 haqidagi ma’lumotlarga kelsak, ular sentabr oyida namoyish etiladi.
Shuningdek, Apple kompaniyasi iPhone SE modelini 2025 yilning bahorida chiqarishni rejalashtirgan.