Xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 25 foizga oshdi - Nurmurodov

O‘zbekiston 15:14 / 25.07.2024 8676

Yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 6,5 mlrd dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ko‘paygan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 25 iyul kungi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Biz dekabr, aprel oylaridagi prognozlarimizda pul o‘tkazmalari 11-12 foiz miqdorida o‘sishini taxmin qilgan edik, haqiqatda bu o‘zgarish bizning taxminlarimizga qaraganda 2 baravar yuqori sur’atlarda o‘smoqda.

Yana bir holat – mehnat migratsiyasi geografiyasining o‘zgarishi va ish kuchining mamlakatlararo diversifikatsiyasining davom etayotgani. Agar raqamlarda aytadigan bo‘lsak, AQShdan keladigan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilga qaraganda 43 foizga, Germaniyadan pul o‘tkazmalari 64 foizga, Polshadan keladigan pul o‘tkazmalari qariyb 2 baravar (93 foiz)ga, Janubiy Koreyadan pul o‘tkazmalari 1,9 barobarga o‘sdi”, – deya Nurmurodovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MB rahbariga ko‘ra, Rossiyadan kelayotgan pul o‘tkazmalari ulushi ikki yil oldin 81-82 foizni tashkil etgan, 2024 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha bu ko‘rsatkich (4 mlrd 950 mln dollar) 77 foizga tushgan. Yanvar-iyun oylarida Qozog‘istondan 347 mln, AQShdan 271 mln, Koreyadan 267,3 mln dollar pul o‘tkazilgan.

“[Rossiyadan] pul o‘tkazmalari sonida ham [kamayishni] ko‘rib turibmiz. Nafaqat summa, qancha miqdorda, nechta tranzaksiya bo‘layotganini kuzatib boramiz, u yerda ham kamayish kuzatilyapti”, – dedi u.

Mamarizo Nurmurodovning ta’kidlashicha, birinchi yarim yillikda asosiy savdo hamkorlaridagi yuqori iqtisodiy o‘sish, eksport xomashyo tovarlarining birja narxlari qulay shakllanishi ta’sirida oltinsiz eksport hajmi 11 foizga o‘sgan. Import hajmining o‘sishi muvozanatlashib, 10,6 foizga teng bo‘ldi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 17 foizni tashkil qilgandi.

Eksport va pul o‘tkazmalarining ko‘payishi natijasida iqtisodiyotga valuta oqimi sezilarli oshishi kuzatilmoqda. Buning natijasida so‘mning ayirboshlash kursi nisbatan barqarorlashgan. Birinchi yarim yillikda so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 1,8 foizga qadrsizlangan.

Joriy tendensiyalarga asosan, yil yakunida to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligi qisqarishi kutilmoqda, dedi Nurmurodov.

Uning qayd etishicha, yil yakunida umumiy inflatsiya 9 foiz atrofida shakllanishi (apreldagi prognoz 9-11 foiz edi), 2025 yil oxirida 5 foizlik target darajasiga yaqinlashishi kutilyapti.

Shu va boshqa omillar sabab MB asosiy stavkani 0,5 foiz bandga pasaytirib, 13,5 foiz deb belgilagan.

Ko‘proq yangiliklar: