Monopol sohadagi xizmat sifati talab darajasida emasligi, chipta topilmasligi muammosi, vagonlardagi konditsionerlar bilan bog‘liq holat, eronlik sayyohning shikoyati, sohada raqobatning yo‘qligi va boshqalar. Kun.uz muxbiri eng ko‘p tanqid qilinadigan tashkilotlardan biri – “O‘zbekiston temiryo‘llari” tizimidagi mas’ullar bilan sohaga oid munozarali masalalar atrofida suhbatlashdi.
Yoz jaziramasida poyezdlar vagonlaridagi konditsionerlar ishlamasligi yoki yaxshi ishlamasligi haqidagi shikoyatlar bot-bot quloqqa chalinmoqda. Tezyurar poyezdlarda tariflarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinib, bozor iqtisodiyotiga o‘tilgani e’lon qilingani va qisqa vaqt ichida bir necha marta narxlar oshirilganidan keyin, yo‘lovchilar haqli ravishda shunga munosib sifatni ham talab qilishyapti.
Kun.uz muxbiri sohadagi qator bahsli masalalarga kompaniyaning o‘zidan javob olish uchun bir qator mas’ullarni studiyaga taklif etdi.
O‘zbekiston temiryo‘llari tizimida nega haliyam raqobatchilar yo‘q?
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJning Mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Suhrob Davletovning aytishicha, soha rasmiylari temiryo‘l bozoriga kirishga qiziqish bildirgan tadbirkorlar uchun ochiq, lekin bu borada birorta ham taklif kelib tushmagan.
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ departament boshlig‘i Fozilov Sharipov “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tizimida o‘tgan yili qilingan tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlarni sohada raqobat sari tashlangan birinchi qadam deb hisoblash mumkinligini aytdi.
Nega narx-navolar qimmatlashdi?
Mahalliy yo‘nalishlardagi chipta narxlari 2023 yilning oktyabrida, 2024 yilning esa yanvar va may oylarida oshirildi. Suhbatdoshlarning fikricha, bu bozor iqtisodiyoti tamoyilidan kelib chiqilgan qaror bo‘lgan. O‘tgan yildan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi va tezyurar poyezdlardagi chipta narxlarini subsidiyalash to‘xtatilgan, ular o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashi kerak. Xarajatlar esa oz emas...
Eronlik mashhur blogerning videosi
Yaqinda O‘zbekistonda bo‘lgan eronlik sayohatchi-bloger Muizin Miratvariy mahalliy poyezdlar haqida o‘z sahifasida video joylagandi. Qator Telegram-kanallarga ko‘ra, bloger holatni 19-asrlardagi Eronga qiyoslagan, vagonlarda havo yetishmasligi, juda issiqligi va sassiq hidga chidab bo‘lmasligi haqida gapirgan. Temiryo‘lchilar esa blogerning gaplari noto‘g‘ri tarjima qilingani, bir qator jumlalarni eronlik yo‘lovchi o‘z videosida aslida ishlatmaganini aytishdi.
Suhrob Davletov bloger videosini poyezd to‘xtab turgan vaqtda olgani, harakat vaqtida vagondagi harorat qanday bo‘lgani muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘liq elektrlashtirilgan temiryo‘llarda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlaridan tashqari barcha poyezdlarda konditsionerlar tezlik 40 km/soatdan oshgan holatdagina ishlaydi. Mas’ullar yuqoridagi holat bo‘yicha eronlik blogerning so‘zlarini noto‘g‘ri tarjima qilib tarqatganlarga nisbatan chora ko‘rish niyatida ekanini qo‘shimcha qilishdi.
Nega ko‘plab poyezdlarning vagonlari eski va sifatsiz?
Aksariyat hollarda yo‘lovchilar poyezd vagonlarining eski va sifatsiz, noqulay, yoqimsiz hidli ekanidan norozi bo‘ladi. Ayniqsa, platskart vagonlaridagi qulayliklar doimiy tanqidlar ostida. Temiryo‘lchilarning izohlashicha, bunday vagonlarning hammasini bir kunda almashtirish imkonsiz. Hozir 1985-1986 yillarda ishlab chiqarilgan vagonlar ham yo‘lovchilarga xizmat qilmoqda. Lekin shu yil yangi vagonlar qabul qilib olingach, ulardan voz kechiladi.
Eski tipdagi vagonlarda esa sovitish tizimi bo‘lmagan, hozir ham yo‘q, yangi platskart vagonlarining hammasida konditsioner ishlamoqda. “Konditsionerli” deb yozilgan bo‘lsa-da, sovitish tizimi ishlamagan poyezdlar masalasi esa texnik nosozlik bilan bog‘liq. Yo‘lovchilar kompaniyaga murojaat qilishsa, ular to‘lagan chipta haqining konditsionerga oid qismi qaytarib beriladi, deydi temiryo‘lchilar.
Shoxrux Majidov suhbatlashdi.