Iordaniyaning Ammon News gazetasida bo‘lajak "Yoshlar – kelajak bunyodkorlari" III xalqaro qurultoyiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.
"Dunyo" xabariga ko‘ra, shu yilning 8–13 avgust kunlari Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz tumanida "Yoshlar - kelajak bunyodkorlari" III xalqaro qurultoyi bo‘lib o‘tadi.
"Qurultoyning tantanali ochilish marosimi 9 avgust Shahrisabzning Oqsaroy majmuasida o‘tkaziladi. Shuningdek, ishtirokchilarni turli tanlovlar, plogging musobaqalari, ekologik va turistik loyihalar, kitobxonlik kuni, milliy va etnosport musobaqalari, yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va taniqli insonlar bilan uchrashuvlar kutmoqda", – deb yozgan Ammon News.
Iordaniya nashrida ta’kidlanganidek, qurultoy 1000 nafarga yaqin o‘zbekistonlik va xorijlik yoshlarni o‘z atrofida birlashtiradi. Maqsad yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish, yosh avlodning ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari hamda loyihalarini ro‘yobga chiqarishdir.