Kunida singan ko‘za: Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi “burni ostidagi” taqiqni nega nazorat qilmadi?

O‘zbekiston 18:53 / 25.07.2024 14171

Xalqimizda ko‘za kunda emas, kunida sinadi, degan gap bor. Chorvoq suv havzasida yuz bergan holat – 19 yoshli fuqaroning gidrosiklda katamaranga borib urilishi oqibatida 2 kishining halok bo‘lishi “kunida singan ko‘za” bo‘ldi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 260-moddasi (Temiryo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Shu bahona biz masalaning “parda ortida” qolayotgan qismiga nazar tashlamoqchimiz.

Chorvoqdagi halokat

20 iyul kuni soat 14:30 larda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv omborining Burchmulla suv havzasida baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi: suv havzasiga dam olish maqsadida kelgan Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli fuqaro gidrosikl haydash vaqtida boshqaruvni eplay olmay, qarshisidagi katamaranga borib urilgan. Oqibatda katamaranda bo‘lgan 2 nafar Farg‘ona viloyatidan kelgan fuqaro olgan tan jarohati tufayli voqea joyida vafot etgan.

4 yil oldingi taqiq

Vazirlar Mahkamasining 2020 yilning 10 iyul kuni «Turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Mazkur qaror bilan Chorvoq suv omborida barcha turdagi motorli suv transporti vositalarining harakatlanishi taqiqlangan.

«Chorvoq suv omborida motorsiz, muqobil energiya manbalarida harakatlanuvchi hamda maxsus vazifalarni bajarish vakolatiga ega bo‘lgan vazirlik va idoralarning motorli suv transporti vositalaridan tashqari barcha motorli suv transporti vositalarining harakatlanishi taqiqlanadi», deya aniq belgilab qo‘yilgan qarorda.

Bu taqiqni kim nazorat qilishi kerak edi?

Taqiq bilan “tengdosh” prokuratura

Prezidentning 2020 yil 27 avgustdagi «Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida, Bosh prokuratura tizimida ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilishi ko‘rsatilgan edi.

Makzkur ixtisoslashtirilgan prokuratura zimmasiga tabiatni muhofaza qilish, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish vazifalari yuklatilgan.

2020 yilning noyabr oyida prezident farmonida nazarda tutilgan ixtisoslashtirilgan prokuratura – Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi ish boshlagan. O‘sha paytda Farrux Boborahimov Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi prokurori lavozimiga tayinlangandi. Hozirda ushbu lavozimda Sanjar Husainov faoliyat yuritmoqda.

Respublika hududida qonunlarning aniq va bir xilda ijro etilishini nazorat qilish prokurorlarga yuklatilgani inobatga olinsa, Chorvoqda motorli qayiqlardan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi nazorat qilishi kerak edi.

Aslida, Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi binosi shundoqqina Chorvoq suv omborining yonida joylashgan. Ammo prokuratura “burni ostida”gi bu qonunbuzilishiga nega “ko‘z yumgani”, suv havzasida tong otishidan kun botgunga qadar tinmaydigan gidrosikllar harakatini nima sababdan “ko‘rmagan”ligi ma’lum emas.

Chiqindixonaga aylanayotgan Bo‘stonliq

Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi tabiatni muhofaza etish, hududning ekologik holatini yanada yaxshilashni nazorat qilish borasida o‘z ishini qay darajada eplay olyapti, degan savolga Kun.uz kuzatuvchilari tomonidan yuborilgan mana bu suratlar biroz bo‘lsa-da javob bera oladi.

Prokuratura xodimlarining mansabiga sovuqqonlik bilan qaraganiga huquqiy baho beriladimi?

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, Chorvoqdagi halokat yuzasidan Jinoyat kodeksining 260-moddasi (Temiryo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Biroq, holatning “parda ortida” qolayotgan yana bir tomoni bor: agar Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi suv havzasida motorli qayiqlardan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni nazorat qilganida yigit gidrosikl minmagan, 2 kishi esa halok bo‘lmagan bo‘lar edi. Bu mansabga sovuqqonlik bilan qarash sifatida malakalanishi mumkin

Chorvoq halokatida binosi shundoqqina suv havzasi yonida bo‘lgan Toshkent tabiatni muhofaza qilish prokuraturasi xodimlariining ham kamida intizomiy javobgarligi masalasi ko‘rib chiqilishi kerak. Agar shunday bo‘lsa, bu tizimda qonun ustuvorligining bir namunasi sifatida ko‘riladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: