Yangi tartib bo‘yicha tushuntirish – test balli aniq bo‘lgan abituriyent nimalarni tanlaydi?

O‘zbekiston 19:49 / 24.07.2024 99057

25 iyulda davlat imtihonlari tugagandan keyin yo‘nalish, OTM va boshqalarni tanlash uchun abituriyentlarga 15 kun vaqt beriladi. Bu muddat yakunlangach, 7 kun ichida kim qayerga kirganini bilib olishi mumkin bo‘ladi.

Qabulda nima o‘zgarmadi?

Deyarli hech nima. Faqat abituriyent qayerda o‘qishini tanlashidan oldin ballini biladigan bo‘ldi. Bu unga qayerga balli yetishi mumkinligini taxmin qila olish imkonini berdi. Bu qanday bo‘ladi? Buning uchun abituriyent Bilimni baholash agentligining mandat.uz saytiga kirib, oxirgi 3 yillik abituriyentlarning grant va kontrakt uchun o‘tish ballarini o‘rganib chiqishi kerak. Shundan keyin qo‘lidagi balli bilan solishtirib, qayerda o‘qishga imkoni yetishi mumkinligini prognoz qila oladi.

Lekin bunda ham hammasi 100 foiz aniq bo‘lmaydi. Chunki imtihonlar o‘tib bo‘lgach yo‘nalishlarda abituriyentlar ballari ketma-ketligi e’lon qilinmaydi. Masalan, yurisprudensiya yoki iqtisod yo‘nalishida o‘tish ballari eng balandidan eng pastigacha ochiq ma’lumot olish mumkin emas. Chunki abituriyentlar test topshirayotganda yo‘nalish tanlamagan. Tanlov o‘tgan yillardagi minimal o‘tish balliga asoslanadi. Bu yilgi qabul faqatgina abituriyentning o‘z imkoniyatini baholash qobiliyatini oshiradi”, – deb tushuntirdi agentlik mutaxassisi Jamshidbek Odilov.

Kvotalarda ham o‘zgarish bor

Faqat grant kvotada o‘zgarish bor. Grant kvotalar prezident farmoni bilan oldingidek OTM kesimida emas, balki yo‘nalishlar kesimida taqsimlandi. Lekin hali qaysi universitetga nechta grant berishi aniq bo‘lmadi. Buning uchun davlat komissiyasi qarori kutilyapti. To‘lov-kontrakt kvotasida o‘zgarish yo‘q. Kontrakt kvotasi odatiy tarzda OTM kesimida shakllantiriladi.

To‘liq kvotalar qachon tasdiqlanadi?

Hozircha faqat umumiy kvota e’lon qilindi. Batafsil kvotalar Davlat qabul komissiyasi tomonidan 1 hafta ichida e’lon qilinishi kerak. Komissiya quyidagilarni tasdiqlaydi:

  • umumiy qabul parametrlarini (oliygohlar, ta’lim shakllari va tillar kesimida);
  • qo‘shimcha qabul parametrlarini (imtiyozga ega abituriyentlar uchun);
  • maqsadli qabul kvotalarini va ushbu kvotalarning tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimotini;
  • o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish ballini;
  • umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushini.

Grant kvotalar yo‘nalishlar kesimida qanday taqsimlanadi?

Bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori ball olgan, deylik, 100ta abituriyent qaysi oliygohga topshirganidan qat’i nazar grantda o‘qiydi. Faqat ma’lum cheklov bo‘ladi: Qabul komissiyasi oliygohning bir yo‘nalishidagi umumiy kvotasiga nisbatan grant kvota ulushini belgilab beradi. Ya’ni ajratilgan hamma grant bitta oliygohda to‘planib qolmasligi uchun.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili Abduvali Xoliqoving tushuntirishicha, hozir davlat grantining umumiy kvotaga nisbatan ulushi aniq. Qaysidir yo‘nalishda 20 foiz, qaysidir yo‘nalishda 35 foiz, qaysidir yo‘nalishda 50 foizgacha ham bor.

Misol uchun matematiklar 20 ta davlat OTMda tayyorlanadi deb olsak, unga 500 ta grant tasdiqlangan. Bizda 20 ta oliy ta’lim muassasasida 100 tadan 2 mingta umumiy kvotasi bor. Demak, ya’ni 500 ni 20 ga bo‘lib yuborsak, har bir OTMga 25 tadan grant to‘g‘ri keladi. Lekin bu hamma matematikaga [yo‘nalishiga] ham 25 ta grant beriladi degani emas. Bu shu ta’lim yo‘nalishidagi yuqoridan pastga qarab 5 tagacha OTM tanlagan abituriyentlar o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Agar qaysidir OTM kam tanlangan bo‘lsa, o‘sha oliy ta’lim muassasasiga 25 foiz emas, 20-15 foiz grant borishi mumkin. Ko‘p yoshlar tanlagan OTMlar orqali qayerda qanday maktablar yaxshi shakllanganini bilish mumkin”, – dedi u.

Shuni alohida ta’kidlash kerak, Abduvali Xoliqovning tushuntirishiga oydinlik kiritish uchun Kun.uz vazirlik bilan bog‘landi. Vazirlik qabul komissiyasi grant kvotalarni qanday taqsimlashi bo‘yicha vazirlik tushuntirish berolmasligini, bu komissiya qarori chiqqanidan keyin ma’lum bo‘lishini bildirdi.

5 tagacha yo‘nalish tanlash nima degani?

Bu tartib xuddi oldingi yillardagidek davom etadi, o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

Abituriyentlar 5 tagacha yo‘nalish va OTM tanlashlari mumkin. Bu yo‘nalishlar xohishga qarab har xil yoki bitta OTM doirasida tanlansa ham bo‘laveradi. Faqat mutaxassislik fanlari va ularning ketma-ketligi bir xil bo‘lishi kerak. Deylik, imtihon topshiriladigan birinchi fan matematika, ikkinchi fan fizika bo‘lsa, qolgan yo‘nalishlarda ham mutaxassislik fanlari xuddi shunday ketma-ketlikda bo‘lishi talab etiladi.

Shuningdek, nafaqat turli OTMning turli yo‘nalishlariga, balki turli ta’lim shakllariga ham hujjat topshirish mumkin. Masalan, birinchi yo‘nalish/oliygohga kunduzgi, keyingisiga sirtqi, boshqasiga esa kechki ta’lim uchun ro‘yxatdan o‘tiladi.

Grant yoki ta’lim yo‘nalishi ustuvorligi

Javoblar chiqib bo‘lgach, ro‘yxatdan o‘tishda bittadan ko‘p yo‘nalish/oliygohni tanlagan abituriyentlar ikki xil variantdan birini tanlaydi: “davlat granti” yoki “davlat granti va to‘lov-kontrakt ustuvorligi”.

Agar abituriyent “davlat granti”ni tanlasa, tanlagan hamma yo‘nalishlarida avvaliga grant, keyin kontrakt asosida tanlovda qatnashadi. “Davlat granti va to‘lov-kontrakt”ni tanlasa, har bir yo‘nalishda grant va kontrakt asosidagi tanlovda ishtirok etadi. Grant emas, yo‘nalish ustuvorligi tanlansa, kontrakt bo‘lsa ham birinchi tanlagan yo‘nalishida o‘qishga kirgan hisoblanadi.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: