Kuvayt O‘zbekiston bilan tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi

O‘zbekiston 12:29 / 24.07.2024 2459

O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Kuvaytning Energy Solutions kompaniyasi delegatsiyasi Buxoro viloyatiga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Kuvayt kompaniyasi delegatsiyasi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov tomonidan qabul qilindi va Energy Solutions kompaniyasi rahbari Iyad Solih bilan video-konferens-aloqa shaklida onlayn muzokaralar tashkil etildi.

Muzokaralar chog‘ida Buxoro viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit haqida batafsil ma’lumotlar Kuvayt tomoniga yetkazildi. Viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, asosiy drayver sohalari bo‘lgan turizm, neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, qulay geografik joylashuvi alohida ta’kidlandi. Tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, Kuvayt vakillari tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim markazini tashkil etish va tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflarini ilgari surdi.

Uchrashuv yakunida, o‘zaro hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olindi va ularga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Ko‘proq yangiliklar: