2025 yil 1 yanvardan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilar tashish xizmatlarini ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1 yanvardan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish xizmatlari, yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilar tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tilishi qayd etilgan.
Hujjat bilan ichki qatnovdagi poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatishda ko‘rilgan zararni davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlangan. U quyidagi tartiblarni belgilaydi:
● tashuvchining ichki qatnovdagi poyezdlarda yo‘lovchilar tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan ko‘rgan zararlarini hisoblash;
● ushbu zararlarni davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilishni ko‘rib chiqish;
● kompensatsiyani to‘lash uchun zarur hujjatlarni taqdim etish.
2025 yil 1 dekabrgacha temiryo‘l transporti sohasida davlat tomonidan tartibga solinadigan xizmatlarga narxni aniqlash va tasdiqlash tartibi ishlab chiqiladi. Bunda xizmat ko‘rsatish sifati va operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan rag‘batlantirish mexanizmlarini (bonus), shuningdek avans to‘lovlarini kiritish uslubiyatini qo‘llash joriy etiladi.
2026 yil 1 iyulgacha temir yo‘l transportida ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan poyezdlar bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatish shartnomalarini (Public service agreement) tuzish va moliyalashtirish tartibi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bunda 2027 yildan boshlab davlat budjetidan kompensatsiya mablag‘lari faqat ichki yo‘nalishlarda qatnaydigan poyezdlarda yo‘lovchilar tashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari asosida moliyalashtiriladi.