Markaziy Osiyo davlatlarida tarvuz bozorida murakkab vaziyat yuzaga keldi - EastFruit 

O‘zbekiston 08:40 / 23.07.2024 19455

EastFruit kompaniyasining ulgurji narxlari monitoringi shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekiston bozorida yangi pishgan tarvuzning kichik ulgurji narxlari hozirda rekord darajada past bo‘lib, har bir kilogramm uchun 8 sentni tashkil etadi. Biroq, bu allaqachon tanlab olingan, bozorga yetkazib berilgan va sotuvga qo‘yilgan mahsulotlar uchun narx. Pastroq narxda tarvuz savdosi shunchaki foydasiz bo‘lyapti. 

Narxlarning arzonlashishi va O‘zbekistonda tarvuzga deyarli talab yo‘qligining asosiy sabablaridan biri uni asosiy bozor – Rossiya Federatsiyasiga eksport qilishning foydasizligi. Rossiyada tarvuz narxi rekord darajaga tushib ketdi va ayni damda bu mamlakatda tarvuzning ulgurji narxi taxminan uni O‘zbekistondan jo‘natish narxiga teng. 

«O‘zbekistondan Sharqiy Yevropa va Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga tarvuz eksporti joriy mavsumda qiyin kechmoqda, chunki bu hududlarda narxlar juda past. Xususan, Ukrainadagi fermerlar tarvuzning ortiqcha hosili va ommaviy terim mavsumi boshlanishidan oldin narxlarning qulashi bilan duch kelgan. Shu bois Ukraina va O‘zbekistonda tarvuz narxidagi farq transport xarajatlarini qoplamaydi. Qolaversa, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun O‘zbekistondan olib o‘tishdan ko‘ra, Ukrainadan arzon tarvuz sotib olish foydaliroq», — deydi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) sarmoyaviy departamenti iqtisodchisi Andriy Yarmak. 

Meva-sabzavot biznesi bo‘yicha xalqaro ekspert Baxtiyor Abduvohidov Tojikistonda ham vaziyat shunga o‘xshashligini qayd etadi. «Fermerlar kichik tarvuzlarni hammaga tekin tarqatyapti, lekin katta tarvuzlarni hech bo‘lmaganda biron bir narxda sotish mumkin», deydi Abduvohidov.

Shu bilan birga, bozorning ayrim ishtirokchilari yaqin kelajakda Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yuqori sifatli tarvuz narxi biroz tiklanishi mumkinligini istisno qilmadi. Bu g‘ayritabiiy issiq ob-havo bilan bog‘liq bo‘lib, hosilning bir qismi yo‘qotilishi yoki sifati pasayishiga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, qarama-qarshi fikr bor - tarvuzni ommaviy yig‘ish faqat 2-3 hafta ichida boshlanadi, bu esa Ukraina bozorida narx darajasini yanada pasaytirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: