“Arab bahori” vaqtida yuz bergan inqiloblardan hech biri o‘ylagan maqsadiga erishmadi. Liviya ham shu davlatlar qatorida edi. 42 yil hukmronlik qilgan diktator Muammar Qazzofiy ag‘darilgan bo‘lsa-da, bu Liviya xalqiga ro‘shnolik keltirmadi. “Geosiyosat” Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspertlar bilan Liviya inqirozi va Qazzofiyning siyosatini tahlil qildi.
— Liviyada fuqarolar urushi qanday boshlandi?
Bektosh Berdiyev: — Qazzofiy o‘rtahol, kambag‘alroq oiladan chiqqan, alohida xarizalari bilan ajralib turardi. Hokimiyatga kelgach, G‘arb davlatlariga qarshi siyosat olib bordi, birinchi navbatda ularning investitsiyalarini milliylashtirdi, ya’ni Liviyadagi chet el neft kompaniyalari aktivlarini tortib oldi. Qazzofiy bilardiki, Yevropa davlatlari Liviya neftiga muhtoj, O‘rta Yer dengizi tomondan Yevropaga eng yaqin neft-gaz potensiali Liviyada edi. Qazzofiy dunyo bozorida neft narxi oshib borishidan yaxshi foydalanib, mamlakatni iqtisodiy va mavqe jihatdan o‘stirdi. Lekin shu sabablar G‘arb davlatlari bilan munosabatlar yomonlashuviga, Qazzofiyga tish qayrashiga olib keldi. Qazzofiyning katta miqdorda neft sotishi ba’zi arab davlatlari va ba’zi OPECʼga a’zo davlatlarga yoqmasdi. Bundan tashqari, Qazzofiy G‘arbga qarshi ba’zi kampaniyalarni ham moliyalashtirgan. Bu oqibatida kelib chiqqan fojialar uchun na javogarlikni tan olardi, na kechirim so‘rardi. G‘arbga yana bir yoqmaydigan tomoni oldin Sovet ittifoqi, keyin Rossiya bilan yaqin bo‘lgani va arab sotsializmi g‘oyasini ilgari surishi edi. Shu kabi sabablar tufayli G‘arb davlatlari bilan munosabatlar sovidi.
Lekin Qazzofiy qo‘lidagi katta moliyaviy resurs G‘arb davlatlarida qiziqish uyg‘otardi. Qazzofiy G‘arb davlatlari banklariga katta miqdorda pullar qo‘yar, bundan ular foydalanardi. Hatto Sarkozining saylovoldi kampaniyasini ham Qazzofiy moliyalashtirgani haqida gaplar chiqqan edi. Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Blerni o‘ziga maslahatchi sifatida yollagani xaqida ham gaplar bor edi.
Rossiyalik ekspertlar tomonidan ilgari suriladigan Qadim Nubiya hududidagi (Chat, Sudan,Liviya, Misr) chuchuk yerosti suvlari manbasi haqida gaplar bor. Bu suv zaxirasi Bayyeal ko‘li suviga teng ham deyiladi. Bu neftdan ham qimmatroq resurs hisoblanadi. Qazzofiy shu muvlar orqali yerosti daryolari qurib, Liviya qishloq xo‘jaligini ham rivojlantirib, mamlakat iqtisodini ko‘taruvchi katta loyihalar boshlagandi. Bu G‘arb davlatlariga yoqmasdi. Arab davlatlarini tanqid qilgani uchun ularga ham yoqmas edi.
— Qazzofiy G‘arbga, Isroilga qarshi bayonotlari bilan ham ko‘p eslanadi. Shu mavzuga ham to‘xtalsak.
Farhod Karimov: — Qazzofiy G‘arb davlatlari Afrika mamlakatlarining resurslari hisobiga shunday qudratli bo‘lganini qayta-qayta takrorlardi. Shunday imkoniyatlarni Afrikaning o‘zida qoldirib, kuchli integratsion mintaqa yaratish mumkinligini aytgan, bunga ko‘nmagan davlatlarni esa xoinlikda ayblagan. Shunday chiqishlari bilan ham o‘ziga xos statusga ega shaxs sifatida shakllangan.
Boshqa arab davlatlarida unga “Telba Muammar” deb laqab ham qo‘yilgan, chunki uning xalqona chiqishlarini o‘z jamiyatiga ta’sir qildirmaslik kerak edi. Shu sabab telba shaxs sifatida tasvirlashgan uni. Qazzofiy integratsiya bo‘lgan Afrika davlatlari birlashmasini shakllantirishga bo‘lgan harakatlari bilan ham mashhur bo‘lgan. Lekin bu mashhurlik o‘ziga qarshi ishladi. 70-yillarda boshlagan islohotlariga keyinchalik o‘zi amal qilmaslikni boshladi. Ijtimoiy, hamma teng bo‘lgan davlat tuzishga harakat qildi, ammo korrupsiya ko‘paydi, o‘z qarindoshlari, qabiladoshlariga ko‘plab imkoniyatlar berib, nepotizmga yo‘l qo‘ydi. Boshida xususiy mulkka ruxsat yo‘q edi, ammo Sovet ittifoqi zaiflashgach, 80-yillar oxiriga ruxsat beriladi Liviyada ham. Xususiy mulk ko‘payadi, investitsiyalar kiradi. Lekin u o‘z yaqinlariga beradi ko‘proq sektorlarni. Ayrim etnik guruhlarni tan olmaydi, masalan, berberlarni tan olmay, bunday xalq yo‘q, deydi. Natijada ijtimoiy bo‘linishlar, Qazzofiy siyosatini qo‘llamaslikka olib keladi. Neft-gaz kompaniyalari qarindoshlariga o‘tib ketadi, qurilish kompaniyalari sobiq quroldoshlariga, qabiladoshlariga o‘tadi. Oqibatda ichki dushmanlar ham ko‘payadi Qazzofiyga.
Uning noodatiy qarorlari ham bo‘ladi. Masalan, ayollardan iborat qo‘riqchilar gvardiyasi tuzadi, faqatgina oq tanli ayol shifokorlar davolaydi uni. U shariatga mos bo‘lgan prinsiplar bilan boshqarishni aytadi, ammo o‘zi bunga zid ishlar qiladi. Shu sabab uni qo‘llovchilar kamayadi.
Lekin uning ijtimoiy siyosati boshida yaxshi ish bergan. Ta’lim, tibbiyot kabi sohalar tekin bo‘lgan, jon boshiga kamida ming dollar maosh tayinlangan, 80 foiz aholi qashshoqlikdan chiqqan. O‘zi yoqtirmaydigan qabilalar yashaydigan hududlarga bu siyosat unchalik yetib bormagan, keyinchalik bu narsa kengayib ketgan va tamoyillari o‘ziga qarshi ishlay boshlagan.
Muxtor Nazirov: — Qazzofiy jamaxiriya siyosiy tuzumini o‘rnatadi, dunyoda boshqa bunday tuzum yo‘q. Qazzofiy hech qachon an’anaviy rasmiy kiyim kiymagan, badaviylarga xos kiyingan va shunday siyosiy madaniyat olib kirishga harakat qilgan. Jamaxiriya ham sotsialistik tuzum bo‘lgan, Sovet ittifoqi yaqin hamkor sifatida ko‘rilgan.
Qazzofiyning milliylashtirish siyosati ham qabila-urug‘chilikka asoslangan edi. Qazzofiy G‘arbga qarshi bo‘lgan davlatlarni, kuchlarni qo‘llashi, bayonotlar berishi G‘arbga yoqmas edi. U qo‘llagan kuchlar tomonidan Britaniyada samolyot urib tushirilishi kabi holatlar sabab Liviyaga nisbatan 2 marta BMT sanksiyalari qo‘llangan. Shu sanksiyalar sabab ham Qazzofiy Afrika integratsiyasi bo‘yicha loyihalarni kuchliroq ilgari surdi.
Chat bilan chegara muammolari, Fransiya moliyalashtirgan biznes obektlari joylashgan yerlardagi isyonchilarni qo‘llashi ham AQSh, Britaniya, Fransiyani Liviyaga qarshi qilib qo‘yadi. Bundan tashqari, O‘rtayer dengizida eng katta sohil Liviyaga tegishli, G‘arb davlatlari energetik tomondan boshqa davlatlarga bog‘langan, shu sabab ham Qazzofiy siyosatiga ta’sir qilishga urinishgan. Yevropaga boruvchi muhojirlar ham eng ko‘p Liviya orqali o‘tadi.
Sovet ittifoqi qulagach, Qazzofiy xam o‘zgara boshladi. Ba’zi teraktlarda aloqadorligini tan olib, kompensatsiya ham to‘lagan. Munosabatlarda taranglikdan chiqishga harakat qilgan. Ammo mintaqadagi geosiyosiy jarayonlar Liviyani ham chetlab o‘tmadi va shuning qurboni bo‘ldi.
— 1986 yilda AQSh Tripolini bombardimon qiladi, lekin maqsadiga erisholmaydi. O‘sha payt nega urush kengayib ketmagan, sabablari nimada?
Bektosh Berdiyev: — U vaqtda O‘rtayer dengizida AQSh bazalari kam edi. Bundan tashqari, Liviyada Sovet ittifoqidan olingan havo mudofaa tizimlari bor edi, buni yorib o‘tadigan hujum esa katta bo‘lishi kerak edi. Yana bir omil shuki, o‘sha paytda hamma G‘arb davlatlari ham AQShni qo‘llamagan. Chunki Yevropa davlatlari Liviyadan keladigan energiya resurslari uzilishidan xavotirda edi. Shundoq ham Eron-Iroq urushi neft eksportini qiyinlashtirayotgan edi.
Tripoliga hujum, Qazzofiyga suiqasdlarda Sovet ittifoqi razvedkasi katta yordam bergan. Sovet ittifoqi omili ham AQShni tiyib turgan.
Muxtor Nazirov: — Iqtisodiy omil ham bor. AQSh 2003 yilda Iroqqa kirganda hamma G‘arb davlatlari ham qo‘llamagan, Fransiya, Germaniya qarshi chiqqan. Liviya masalasida ham shunday. Liviya geografik Italiyaga yaqin, ikki davlat o‘rtasida gaz quvurlari ham qurilgan o‘z vaqtida. Shu kabi iqtisodiy omillar ham ta’sir qilgan.
Farhod Karimov: — Siyosiy manfaatlar ham bor. Chat urushidan keyin askarlar olib chiqishda ba’zi qolib ketgan askarlardan voz ham kechilgan. Qizig‘i, u yerda general Haftar ham bo‘lgan yaqin do‘sti bo‘lgan. 80-yillar oxirida pozitsiyalari o‘zgargan Qazzofiyning, G‘arb bilan yaqinlashishni ko‘targan. Ungacha AQSh Qazzofiga opponent bo‘lgan siyosiy shaxslarni shakllantirishga uringan, general Haftar shular jumlasidan. Qazzofiyning G‘arbga nisbatan pozitsiyasi yumshagach, AQSh va G‘arb u bilan qarama-qarshilikni eskalatsiya qilishdan qochgan. Qazzofiy yumshashiga yana bir sabab Sovet ittifoqi uni to‘liq qo‘llashini aytmagan, chunki ittifoq Afg‘onistonda urush olib borayotgan edi, ya’ni muammolari yetarli bo‘lgan.
Ammo 90-yillar oxiri, 2000-yillarga kelib vaziyat yana eski holga qaytdi. Shundan keyin AQSh va uning ittifoqchilari Liviyaga kiradi.
— Tripoli xartiyasiga qisqacha to‘xtalsak.
Farhod Karimov: — Bu g‘oya o‘zi, arab davlatlari mustaqil bo‘lgach birlasha boshlaydi, Isroil bilan mojarolarga bog‘liq bu. Isroil bilan urushlarda mag‘lub bo‘lgach, arab davlatlari birlashmoqchi bo‘ladi va Liviya yetakchilik qiladi bunda. Tripolini Isroilga qarshi arab birligi markazi sifatida e’lon qiladi. Lekin bu xartiya oxirigacha bormadi. Chunki Suriya va Misrni birlashtiruvchi umumiy hudud keyinchalik baribir 2 ga bo‘linib ketdi, u yerda Hofiz Asad hokimiyatga keladi. Fors ko‘rfazida katta neft zaxiralari aniqlanib, G‘arb davlatlari kirib kelishi ham bunga sabab bo‘ladi. Fors ko‘rfazi arab davlatlari G‘arbga yuzlanadi, panarabistik va sotsialistik arab davlatlari esa xartiyada qoladi. Xartiyada yana kelishmovchilik bo‘ladi, Hofiz Asad xartiyadagi boshqa davlatlar bilan raqobatga kirisha boshlaydi, Qazzofiy bilan ham raqobat bo‘ladi keyinchalik. Qazzofiy va boshqa sotsialistik davlatlar ambitsiyalari, Misrning G‘arbga nisbatan moyillik bildirishi, Kemp Devid shartnomasi imzolanishi bilan xartiyada asosiy qonun-qoidalardan voz kechiladi.
— Qazzofiy hokimiyatining yiqilishi qanday kechgandi? Fuqarolar urushi va “Arab bahori” haqida ham to‘xtalsak.
Bektosh Berdiyev: — “Arab bahori”ga qadar Qazzofiy hokimiyati yiqilishi pishib yetilgan. Chunki uning siyosati G‘arbga umuman yoqmasdi, geosiyosiy taranglik bor edi. Ancha katta bayonotlar bilan chiqardi G‘arbga nisbatan, arab monarxlarini ham tanqid qilardi, G‘arbga xizmat qilishda ayblab. Uzoq yillik hokimiyati davomida zamonaviy, erkin fikrli yoshlarni, siyosatchilarni xorijga quvib yuborgan yoki qamoqqa olgan, o‘ldirgan, so‘z va siyosiy erkinlik bo‘g‘ilgan. Shu sabablar bilan ichki jamiyatning ham sabri tugagan edi. Ijtimoiy, iqtisodiy imkoniyatlar yaxshi bo‘lgani bilan so‘z va siyosiy erkinlik yo‘qligi sabab muxoliflar shakllangandi.
“Arab bahori” boshlangach, G‘arb davlatlari tomonidan tayyorlangan muxolif kuchlar kirib keldi, bu tan olinmaydi aslida. Shunday kuchlar qo‘zg‘olon boshladi, Qazzofiy esa jazolovchi armiyasini ishga soldi. Bu armiyaning vahshiyliklari butun dunyoda ko‘rsatildi. Qazzofiyning o‘zi ham jarayonlarni nazorat qilolmay qoldi, boshqaruv apparati sust ekani ko‘rinib qoldi. Yosh qatlam Qazzofiyga qarshi chiqdi, shaharlarni bosib ola boshladi, tashqi ta’sir ham bo‘ldi. G‘arb davlatlari Qazzofiy aviatsiyasini ucholmaydigan qilib qo‘ydi, hududni uchish taqiqlangan hududga aylantirib. NATOning havo kuchlari Qazzofiy armiyasiga katta zarbalar berdi. Qazzofiy armiyasi qurollari eski ekani, boshqaruv apparati zaif ekani ko‘rinib qoldi. Oxiri esa fojia bilan tugadi.
Farhod Karimov: — Ichki siyosat ham bor edi. Qazzofiyning etno siyosiy qarashlari, ya’ni ma’lum bir urug‘-qabilalarga imtiyozlar berishi, boshkalarini esa tan olmasligi sabab mamlakat ichida bo‘linish bor edi. Qazzofiyning ijtimoiy siyosati asosan g‘arbiy Liviyada ishlaydi, sharqiy qismda esa bunday nazorat yuk edi, 40 foiz aholi qashshoqlikda yashardi. Bu narsa hukumatga nisbatan ishonchsizlik va nafratni shakllantirgan, “Arab bahori” esa faqat turtki bo‘ldi.
Yana bir omil – ishsizlik. Shuncha ishsiz aholi bo‘lsa ham, neft va boshqa korxonalarga mutaxassislarni boshqa davlatlardan olib kelardi. Bu ham unga nisbatan nafrat uyg‘otgan. Yoshlarning ishonchsizligi ham shundan shakllangan.
Katta resurslar Qazzofiy oilasi vakillariga tegishli bo‘lib qoldi, qolganlar hukumatdan ham, resurslarga egalikdan ham chetlatildi. Shu kabi bir qancha sabablar bilan Liviyada vaziyat pishib yetilgandi. “Arab bahori”gacha ham necha martalab Qazzofiyga suiqasdlar uyushtirilgan.
Liviyada 6 mln aholi yashaydi, hudud esa katta, nazorat qilib bo‘lmasdi. Tunisda “Arab bahori” boshlangach, Liviyaga ham qo‘zg‘olonchilar o‘tadi, hokimiyat ag‘darilishi faqat liviyaliklar tomonidan bo‘lmagan, yollanma guruhlar bo‘lgan.
Muxtor Nazirov: — Bir shaxsning 42 yil hukumatda qolishi legitimligini pasaytiradi xalq oldida. Hukumatda nepotizmga yo‘l qo‘yishi, ijtimoiy lift ishlamasligi masalalari ham bor edi. Chetda o‘qigan ko‘p liviyaliklar u yerga qaytmaslikni ma’qul ko‘rgan.
Liviyadagi qo‘zg‘olonchilarning aksariyati yoshlar bo‘lsa ham, kuch ishlatuvchi qo‘zg‘olonchilar tashqaridan kelganlar bo‘lgan, deyiladi. Asosiy qo‘zg‘atuvchi kuch Liviyaning o‘zidan bo‘lmagani haqida ham ma’lumotlar bor, lekin bunga qarshi turadigan kayfiyat ham bo‘lmagan Liviyada.
“Arab bahori” katta hududda bo‘ldi arab davlatlarida. Liviyadagi yetilib turgan norozilik, hukumatning namoyishchilarga kuch ishlatishi, G‘arb tomonidan qo‘llanishi kabilar bilan alanga oldi bu yerda. Qisqa vaqt ichida hokimiyat o‘zgardi. Bu jarayonda arab davlatlari Qazzofiy tarafida bo‘lmadi, chunki yuqorida aytilgandek, ularni tanqid qilgan, mintaqada o‘zi lider bo‘lishga intilgan.
— Qazzofiyda kuch, resurs bo‘lgan paytda nega Isroilga amaliy qarshi chiqmagan?
Bektosh Berdiyev: — Liviya Isroilga qarshi siyosat olib borardi, arab davlatlari tomonidan suriladigan umumiy g‘oyalarga ergashmasdi uncha. Shuning uchun Sovet ittifoqi bilan munosabatlarni saqlab, undan yordam olardi texnik-texnologik, mutaxassislar borasida. Isroilga hujum qilish uchun Liviyaning harbiy texnologiyalari to‘g‘ri kelmasdi, iqtisodiy kuchi bo‘lsa ham. Sovet ittifoqi qo‘llagani bilan to‘liq himoya qiladigan darajada emasdi, Isroilni esa AQSh to‘liq qo‘llagan doim.
Farhod Karimov: — Qazzofiy hokimiyatga kelguncha arablar Isroildan bir necha bor mag‘lub bo‘lib bo‘lgandi. Saddam Husayn bor edi, ammo u o‘zi bilan o‘zi ovora edi, mintaqa davlatlari bilan, Eron bilan raqobatda edi. Shunday vaziyatda Isroilga hujum qilishga tayyor emasdi u ham. Shu sabab Qazzofiy yolg‘izlanib qoldi va imkoniyatlari ham yo‘q edi.
— Qazzofiy dollarda savdoni cheklab, neft savdosida arablarning o‘z tuzumini yaratishga harakat qilgan, deyiladi. Bular qanchalik haqiqatga yaqin?
Farhod Karimov: — Qazzofiy doim chiqishlarida AQSh dollari kirib kelgani qaramlikni oshirishini aytgan. OPECʼga ham qarshi bo‘lgan u. Uning eng katta qo‘rquvi AQSh dollari edi, u o‘z milliy valutasida sotish masalasini ham ko‘taradi. Ammo amalda bo‘lmaydi, chunki Qazzofiy o‘zi sotib oladigan hamma narsa dollarda kelardi.
U doimiy G‘arb moliyaviy tizimiga chek qo‘yishni ilgari suradi. Neftni arab davlatlarining o‘z milliy valutasida sotishi takliflarini arab davlatlari qo‘llamaydi.
Muxtor Nazirov: — 2006 yildagina Liviyaga sanksiyalar yumshadi, ungacha 80-yillar oxiridan beri sanksiyalarda edi. Uzoq muddatli yopiqlikda bo‘lishi ham unga psixologik ta’sir o‘tkazgan deb o‘ylayman. AQSh dollaridan voz kechish rejasi esa noreal edi, hatto bugun BRIKS ham bu ishni qilolganicha yo‘q. Qazzofiyning bu boradagi bayonotlari kuchli bo‘lsa ham, amaliy asoslari yo‘q edi. Boshqa arab davlatlari esa pragmatik yondashib bu taklifni rad etadi.
— Qazzofiyning 2009 yil BMT sammitidagi nutqini eslasak.
Farhod Karimov: — O‘sha nutq BMTdagi oxirgi nutqi bo‘lgan. Bir necha soat gapirgan, zaldagi ko‘pchilik tark etgan ham. O‘z konsepsiyalari, “Arab bahori”, arab dunyosida yuzaga kelgan beqarorlik, AQSh va G‘arb harakatlari — hamma narsani gapiradi. Ammo bu nutqda aniq bir strategik maqsad yo‘q edi, faqat yomonlash, kimnidir ayblash edi.
O‘sha nutqda butun Yevropani Liviya ushlab turibdi, agar Liviya migrantlarni o‘tkazib yuborsa, butun Yevropani migrantlar bosishini aytadi. Butun noxushliklarda G‘arbni ayblab, javob bermayotganini aytadi.
Umuman, nutq yaxshi boshlangan, kerakli nuqtalarga ham to‘xtaladi. Ammo uning G‘arb xatolari, ayblarini takror aytaverishi nutqning kuchini tushirgan. Qazzofiy bu nutq bilan o‘z ojizligini ko‘rsatib qo‘ydi, chunki aniq rejalar, strategiya berolmadi. Liviyaliklarga ham bu ta’sir qildi, ular ham davlat rahbarining ojizligini ko‘rdi. Ishonchsizlik yanada ortdi.
Muxtor Nazirov: — 2006 yilda sanksiyalar olingach, Liviya G‘arb bilan diplomatik aloqalarni tiklay boshladi. Lekin Qazzofiy tarixni ko‘tarish siyosatidan bora boshladi. Koloniyalashtirishdagi ishlar, bombardimon qilgani kabi ishlar uchun tovon to‘lashni so‘ray boshladi. Bir qutblilik siyosatni tanqid qildi. Afrika davlatlari birlashishni, oltin dinor valutasini joriy qilishni ko‘taradi yana.
— Qazzofiydan keyin hozir Liviyada qo‘shhokimlik yuzaga kelgan. Inqilobdan avvalgi va keyingi Liviyani taqqoslasak.
Bektosh Berdiyev: — Qazzofiydan keyingi Liviyaga nisbatan yondashuvlar turlicha, xuddi sobiq Sovet ittifoqi davlatlari jamiyatidagi kabi. Liviyaning yo‘qotishlari ham, yangi imkoniyatlari ham bor.
To‘g‘ri, davlat bo‘linib ketdi. Lekin ba’zi liviyalik aytishicha, bu fojia emas, ular doimiy ichki bo‘linishlar bilan yashagan qabilalar. Ijtimoiy siyosat bo‘yicha katta yo‘qotish bor davlatda. Eng kam ish haqi ming dollar edi, ishsizlik uchun 600-700 dollar nafaqa berilardi, yoshlar xohlagan chet davlatda o‘qishi mumkin va buning xarajatlarini davlat to‘lar edi, ta’lim, tibbiyot butunlay bepul edi.
Ammo liviyaliklar bizda siyosiy va so‘z erkinligi yo‘q edi, endi dunyoga ochildik, dunyodagi geosiyosiy jarayonlarni bemalol ko‘ra olyapmiz, siyosiy fikrimizni bildiryapmiz, deydi. Baribir yo‘qotishlar katta bo‘ldi, notinchlik davom etyapti hali ham, davoat hududida geosiyosiy raqobat kuchaymoqda. Mamlakatda neft sotiladi, lekin uning puli qayerga ketayotgani noma’lum. Bundan tashqari, diniy radikallarning ta’siri oshyapti. Ijtimoiy, siyosiy, ma’naviy, madaniy jihatdan yo‘qotishlari katta.
— Xalifa Haftar kim o‘zi?
Farhod Karimov: — Haftar Qazzofiy bilan juda yaqin bo‘lgan, uni siyosiy o‘g‘lim deb ham atagan Qazzofiy. Chatdagi mag‘lubiyatidan keyin Haftardan voz kechadi, shundan keyin o‘rtada konflikt paydo bo‘ladi. Bundan tashqaridagi kuchlar unumli foydalanishga harakat qiladi. Asirga tushgan Haftarni olib ketib siyosiy boshpana berishadi AQShda, AQSh fuqaroligini ham oladi. Maxsus xizmatlar orqali Liviyaga olib kelinib bir necha bor hukumatni egallashga harakat ham qiladi.
2011 yilda AQSh koalitsiyasi kirishi, Qazzofiy o‘ldirilishi, hokimiyat egasiz qolib ketishi oqibatida yana Liviyaga keladi Haftar. U bir vaqtning o‘zida AQSh va unga raqobatchi bo‘lgan davlatlar bilan yaxshi munosabatda bo‘ladi. Haftar o‘zi Sovet ittifoqida harbiy ta’lim olgan. Hokimiyatga kelishidan oldin Shoygu va Lavrov bilan ham uchrashadi.
— Haftar o‘zi qaysi tomonni tanlagan, Rossiyami yoki AQSh?
Farhod Karimov: — Hokimiyatni egallash uchun kuch yig‘ganda unga AQSh va G‘arb yordam beradi. “Arab bahori”dan keyin Tripolida o‘zi G‘arbga moyil hukumat shakllanadi, shu sabab G‘arbga Haftardan ko‘ra o‘sha hokimiyat qulay bo‘ladi. Bundan tashqari, Haftarning o‘zi ham shoshqaloqlik qilib AQShdan boshqa kuchlardan yordam izlaydi, shu sababdan ham undan uzoqlashadi. U Putin bilan ham gaplashadi va buni butun dunyoga oshkor qiladi, bu harakatlari uning AQSh raqobatchilari tomonga o‘tganini ko‘rsatadi. AQSh hozirgi muvaqqat hukumatni qo‘llaydi va ularga hukumatni shakllantirishda yordam beradi.
Haftar katta hududlarni nazoratiga oladi, u yerlarda asosiy neft zaxiralari bor edi. Neft qazib olishda Rossiya bilan hamkorlik qila boshlaydi. Haftar qo‘lida katta kapital paydo bo‘ladi. Shundan keyin dunyo davlatlari Hafar bilan ham muloqotga kirishadi. Uning atrofida katta jipslashuv ham bor, Tripolidagi hokimiyatda esa hali ham etnik va siyosiy guruhlar o‘rtasida kelishmovchiliklar bor. Bugun Haftar katta siyosiy kuch sifatida shakllandi, unga Liviyani birlashtirishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida qaralmoqda va u bilan muloqot qilinyapti.
Muxtor Nazirov: — Liviyada hokimiyat ikkita hozir, nazoratda bo‘lmagan hududlar ham bor. Lekin 90 foiz hududni Haftar nazorat qiladi. Haftarning nazorati kuchli bo‘lsa ham, tashqi dunyo bilan butun Liviya nomidan ish ko‘ra oladigan hukumat mavjud yo‘q, deb o‘ylayman. Tripolidagi hokimiyatni G‘arb, Turkiya va Qatar kabi davlatlar qo‘llaydi. Arab davlatlari o‘rtasida ham ziddiyat bor. Misr va Saudiya Haftarni qo‘llaydi. Umuman, 90 foiz hududni nazorat qilsa ham, yagona kuch markazi Haftar emas deb o‘ylayman.
Farhod Karimov: — Turkiyaning ham pozitsiyalari o‘zgargan. U hozir 40 dan ortiq loyihalarni yutib olgan, Haftar bilan munosabatlari yaxshilanyapti. Asosiy loyihalarni Turkiya amalga oshiryapti u yerda.
Bektosh Berdiyev: — Shunday geosiyosiy holat vujudga keldiki, Liviyada an’anaviy ishtirokchilar orqa fonda qolib, yangi ishtirokchilar bo‘lgan Rossiya va Turkiya kirib boryapti.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.