“Talablar kuchli, raqobat katta” – Amazon’da ishlayotgan o‘zbekistonlik IT mutaxassisi hikoyasi

Jamiyat 15:55 / 20.07.2024 10966

O‘zbekistonlik Nodirjon Turdiyev AQShning beshta yirik texnologik kompaniyalaridan biri – Amazon’da ishlaydi. U Kun.uz’ga bergan intervyusida bu kompaniyaga kirish oson bo‘lmaganini aytadi. Qahramonimiz Kremniy vodiysiga yetib borgunga qadar yo‘l harakati xavfsizligini sun’iy intellekt yordamida boshqaradigan qurilma, 60 mingdan ziyod shifoxonalar ishlatayotgan tibbiyot kompyuterlari va boshqa qiziqarli IT yechimlarni ishlab chiqqan.

Nodirjon Turdiyev – “Amazon Web Services” kompaniyasida startaplar bo‘limida bulutli yechimlar yetakchi arxitektori sifatida faoliyat yuritadi.

Amazon Web Services” kompaniyasida vazifam - startap mijozlarga bulutda optimal arxitekturali yechimlar yaratishda yordam berish”

Hozirda “Amazon Web Services” kompaniyasida kiberxavfsizlik startaplari bilan ish olib bormoqdaman. Mening bo‘limimda xavfsizlik yechimlari va xizmatlarini ishlab chiqayotgan mijozlar uchun ixtisoslashgan yordam ko‘rsatiladi. Mening asosiy vazifam, kiberxavfsizlik sohasida innovatsion yechimlar ishlab chiqayotgan startap kompaniyalarga texnik maslahat va yordam ko‘rsatishdir. Ularning “Amazon Web Services” xizmatlari va eng yaxshi amaliyotlardan foydalangan holda, xavfsiz, tez ishlaydigan, arzon, va umuman olganda optimal bulutli yechimlarni loyihalashtirishlariga yordam beraman.

Buning uchun “Amazon Web Services”da 200dan ziyod mahsulot va xizmatlar bor, shularning hammasidan optimal foydalanish kerak. Tasavvur qiling, kompaniyangiz tez o‘sib boryapti-da, kuniga 5-10 ming qolaversa, bundan ham ko‘p yangi onlayn foydalanuvchilar paydo bo‘lyapti. Agar siz xizmatlarning optimal kengayishini to‘g‘ri amalga oshira olmasangiz, mijozlar bu xizmatlarning sekin ishlashi sababli uning sifatidan qoniqmasliklari mumkin. Bu esa sizning kompaniyangizning muvaffaqiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Nodirjon Turdiyev

O‘zingizning veb saytingiz Kun.uz ham, kuniga qancha mijozlar kirishiga qarab, ularga kerakli tezlik va boshqa resurslarni vaqtida ajrata olishi kerak. Men mijozlarning turli talablarini inobatga olib, tizim arxitekturasini tuzishlariga yordam beraman. Bulutli platformaning shunday xususiyati borki, undagi sizga ajratilgan resurslar talabingizga qarab ko‘payishi va kamayishi mumkin. Bu masalan, kunduzi ish vaqtida yuz minglab foydalanuvchilari bor, kechqurun esa arzimagan sonlarga tushib qoladigan yechimlar juda qulay va ular arzonga tushadi.

Agar bu kabi yechimlar uchun o‘zingizning data markazingiz bo‘lsa, kechqurun undagi serverlardan foydalanish kamaysa, ular elektr energiyasi va boshqa resurslarni sarf qiladi-da, sizga juda kam foyda yoki zarar ham keltirishi mumkin. Kunduzi esa, foydalanuvchilar sizdagi mavjud serverlardan ko‘proq resurs talab qilsa, bu xizmat sifatining pasayishi, qolaversa qo‘shimcha mijozlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga to‘siqlik qiladi. Bu talabni qondirish uchun yangi serverlar sotib olish mablag‘ va ko‘p vaqt talab qiladi. Bulutli platformalar shu kabi muammolarni oson yechishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, bulutli platformalarning data markazlariga qaraganda juda ko‘p boshqa afzallik taraflari ham bor.

Avval iqtisodiyot, keyin menejment, so‘ng IT”

1996 yil JIDUga xalqaro iqtisodiy aloqalar yo‘nalishiga o‘qishga kirganman, 3-kursda o‘qib yurganimda, 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining iqtidorli yoshlarning chet elda ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash “Umid” jamg‘armasining granti g‘olibi bo‘lib, Kremniy vodiysida joylashgan San Xose davlat universitetida menejment yo‘nalishida ta’lim olishga keldim. Bu yerda 3 yil o‘qib, O‘zbekistonga qaytib borib, u yerda biroz ishladim. Bolaligimdan IT sohasiga qiziqqanman. Kremniy vodiysida IT kompaniyalar juda ko‘p, bu yerda 3 yil yashab, IT komaniyalar dinamikasini ko‘rib va ko‘plab shu kompaniya xodimlaridan universitetda ta’lim olib, mendagi qiziqish yanada ortgan.

Nodirjon Turdiyevning shaxsiy arxividan

Shu va boshqa sabablarga ko‘ra, Tayvanga yo‘l oldim. U yerda IT sohasida ishladim. Ta’lim bo‘yicha menejment va iqtisodiyot ilmida borardim, lekin qiziqish tufayli borgan sari texnik yo‘nalishga kirib bordim. Tayvanda 16 yil mobaynida turli xil loyihalar ustida ishlab, yechimlar yaratdim. 2020 yilda yana AQShga, Kremniy vodiysiga qaytishga qaror qildim. Bu safar, San-Fransisko davlat universitetida kompyuter fanlari sohasida magistrlik darajasini olishga muvaffaq bo‘ldim. Shundan keyin esa “Amazon Web Services”ga ishga kirdim.

Amazon’ga ishga kirish – talablar kuchli, raqobat katta”

Amazon’ga 2022 yilda ishga kirdim. Magistraturani tugatishimga 6 oy qolganda ish qidirishni boshladim, menda ayni Amazon diqqat markazimda edi. Oldinroq Microsoft bulutli platformasida loyihalar qilganman. Shu vaqtda ko‘p mijozlar Amazon platformasini ma’qul ko‘rishlarini aytar edi. Qolaversa, Amazon eng yirik bulutli platforma hisoblanadi. Shu sabablarga ko‘ra, shu platformani chuqurroq o‘rganishga va shu kompaniyada ishlashga qaror qildim.

Nodirjon Turdiyevning shaxsiy arxividan

Qiziq tomoni shundaki, talabalar o‘nlab, yuzlab ishlarga hujjat topshirishadi, men o‘zimning aniq maqsadim bo‘lgani uchun faqat Amazon’ga hujjat topshirdim. Shundan keyin kompaniya hodimlari menga aloqaga chiqib, intervyularga yo‘l yo‘riq ko‘rsatishdi. 4-5 oy intervyuga tayyorlandim. Intervyuda raqobat juda katta, texnik va xulq-atvor jihatidan nomzodlarni sinashadi. Umumiy olganda, 7 tadan 10 tagacha intervyudan o‘tish kerak. 4-5 oy, kuniga 6-8 soat tayyorlandim va hamma sinovlardan o‘tib, ishga kirdim.

Jarayon bunday: rekruter (inglizcha recruiter – yollovchi) sizga telefon qilib, siz bu rolga to‘g‘ri kelasizmi, aniqlab oladi. Keyingi pog‘onada sizga texnik tomondan har xil savollar berishadi, siz shunga yechimlar berishingiz kerak. Bu bir soat davomida bo‘ladi. Shundan o‘tganingizdan keyin 5 ta ketma-ket intervyu bo‘ladi. Bunda sizga har xil situatsion savollar beriladi, o‘zingizni tutishingiz, boshqalar bilan yaxshi ishlay olasizmi, shu kabi xislatlaringizni bilib olishga harakat qilishadi. Keyin 1 soat davomida taqdimot qilishingiz kerak. Shulardan keyin, to‘g‘ri kelsangiz, sizga ish taklifini berishadi. Sizga beriladigan maoshni ham shu paytda kelishib olishingiz mumkin bo‘ladi.

Har bir ish o‘rniga raqobat har xil bo‘limlarda har xil bo‘ladi, bizga aniq aytishmaydi. Lekin agar ish qidirish veb saytlariga qarasangiz, o‘nlab, hattoki yuzlab nomzodlardan bir yoki ikkitasi ishga qabul qilinadi.

Tayvandagi IT loyihalar

Tayvanda16 yil mobaynida bir necha startaplarda ishladim. Keyinroq o‘zimning texnologik maslahatchilik kompaniyamni ochib, shu yerda faoliyatimni olib bordim. Ko‘p loyihalar ustida ishlaganmiz, katta loyihalardan bir nechtasini aytib o‘taman: biri shu Irlandiyadagi mijozlar buyurtmasi bilan qilingan sun’iy intellektdan foydalanib ikki g‘ildirakli shahar mikrotransport vositalarida yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan IoT qurilmasi. Bu qurilma kamera, sun’iy intellekt chipi, Bluetooth, mobil aloqa va boshqa ko‘plab funksiyalardan iborat edi.

IoT qurilmasi. Foto: CNN

Yana bir ishimiz - shifoxonalarda qo‘llanadigan kompyuterlarni loyihalash va ishlab chiqarish edi. 60 mingdan ortiq kompyuterlar jahondagi 200dan oshiq shifoxonalarda, jumladan AQSh, Kanada, va Yevropadagi bir necha davlatlarda qo‘llanmoqda. Ularning biz ishlatadigan shaxsiy kompyuterlardan nima farqi bor: ular shifoxona sharoitlariga moslashtirilgan bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Masalan, unda telefon trubkasi, barmoq izi sensorlari, pul to‘lash komponentlari bor. Undan tashqari, kuchli ximikatlar ishlatib dizinfeksiyalash funksiyasi bor. Buning uchun chidamli korpus qilganmiz. Bemorlar haqida sirli ma’lumotlarni o‘zida jamlagani uchun turli xavfsizlik talablariga javob beradi. Misol uchun, HIPAA va GDPR standartlari.

Shifoxonalarda qo‘llanadigan kompyuterlar
Shifoxonalarda qo‘llanadigan kompyuterlar

Yana bir loyihamiz konchilik va qurilishda ishlatiladigan sanoat konveyerlarini avtomatlashtirish edi. Biz buni Yaponiyadagi mijozlar uchun yaratganmiz. Bu konveyerlar masofadan boshqarish va video nazorat qilish imkoniyatlarini beradi. Bu qanday holatlarda kerakli? Inson uchun zararli muhitlarda, masalan konlarda tosh tushish havfi bor yoki zaharli havo bor yerlarda, ushbu yechim operatorlarga bu konveyerlarni xavfsiz joydan turib nazorat qilish va boshqarishlariga imkon beradi.

Konchilik va qurilishda ishlatiladigan sanoat konveyerlarini avtomatlashtirish loyihasi

Sun’iy intellekt yordamida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish qurilmasi haqida

Bu yechim elektr skuterlar uchun mo‘ljallangan, skuterlarning oldiga bitta, orqasiga bitta kamera qo‘yish mumkin. Haydovchi yo‘ldagi hamma holatlarni nazorat qilib boradi. Masalan, yo‘lda boshqa transport kelyapti yoki piyodalar ko‘p, yo‘lda qurilish bo‘lyapti yoki orqangizdan tezlik bilan avtomobil kelyapti – shu holatlarni doimiy real rejimda, ya’ni kechiktirilmagan rejimda nazorat qilib turadi va haydovchiga signal berib turadi.

IoT qurilmasi

U Wi-Fi va mobil aloqaga ega bo‘lgani uchun adminstratorlarga ham ma’lumot yetkazib turadi. Misol uchun, hozir ko‘p davlatlarda shunday muammolar bor: siz elektr skuterlarni ijaraga olib minishingiz mumkin, lekin ularda skuterlar katta yo‘llarga chiqishi, yoki piyodalar yuradigan yo‘lga kirishi mumkin emas degan o‘zining cheklovlari bor. Bizning qurilma, haydovchilar bu qoidalarga amal qilishyaptimi, harakat xavfsizligini buzishmayaptimi, tezlikni oshirishmayaptimi, shularni nazorat qiladi. Agar ular xavfli harakat qilayotgan bo‘lsalar, elektr skuterlarga ogohlantirish berib, masofadan o‘chirib qo‘yish ham mumkin. Maqsad – yo‘llarda xavfsizlikni oshirish.

Bu qurilma Irlandiyalik buyurtmachilar uchun qilingandi. Keyinchalik AQShdagi katta shaharlarda, Yevropada – Fransiya, Germaniyada, O‘rta Sharqda – Dubay kabi katta shaharlarda qo‘llash borasida loyihalar ko‘rib chiqilyapti.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: