U yangi Messi bo‘la oladimi? Lamin Yamal oldidagi besh asosiy to‘siq

Sport 17:55 / 19.07.2024 24401

Lamin top darajadagi futbolchi bo‘lishiga shubha yo‘q. Ammo aytaylik, Robben, O‘zil, Grizmann, Mahrez, Di Mariya kabi shunchaki top-yulduz bo‘ladimi yoki ko‘pchilik kutayotgandek Ronaldu, Messi, Neymar, Ronaldino, Zidan, Mbappe kabi yulduzlardan ham bir bosh yuqori bo‘lgan guruhga qo‘shila oladimi? Nima xalaqit berishi mumkin? Quyida Yamalga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan bir necha omillarni ko‘rib chiqamiz. Ularni yengish orqali Lamin Yamal biz kutgan darajaga chiqa olishi mumkin.

1. Jarohatlar

Jarohatlar futbolning bir qismi, futbolchilik faoliyatida buni chetlab o‘tishning iloji yo‘q. Ammo Yamalning yoshidagi futbolchi uchun jismonan o‘sishi kerak bo‘lgan vaziyatda jarohatlanishning salbiy oqibatlari ko‘proq bo‘ladi. Yamaldan oldin yosh bo‘yicha ko‘plab rekordlarni zabt etgan Ansu Fatining faoliyati bunga yaqqol misol.

Futbolchi 17 yoshida yiliga 60 o‘yinda asosiy tarkibda o‘ynamasligi kerak. Albatta, murabbiylar ham buni yaxshi biladi. Ammo Yamal shunchaki yosh futbolchi emas, yulduzlik maqomiga erishib bo‘lgani unga o‘lchovli daqiqalar taqdim etilishida xalaqit berishi turgan gap. Natijalar bosimi ostida yetakchi futbolchini zaxirada ushlab o‘tirish oson emas. Ikkinchidan, «Barselona» o‘ng qanotga yuqori darajadagi futbolchini olib kelishi ham endi qiyin. Tabiiyki, Yamalning borligini bilgan futbolchi jamoada birinchi tanlov bo‘lishi qiyinligi, asosiy figura bo‘lmasligini sezgach, «Barselona»ga kelishni istamasligi mumkin. Oqibatda, o‘z-o‘zidan Yamal «Barselona» o‘ng qanoti uchun birinchi, balkim yagona yuqori saviyadagi futbolchiga aylanib qoladi. Bu holatda rejali ravishda undan foydalanishni cheklash deyarli imkonsiz.

Ortiqcha yuklamalar, Yamalning o‘yin uslubi ham himoyachilarning qoida buzishiga majbur qilishi va boshqa omillar uning jarohatlanish ehtimolini oshiradi.

2. Xarakter

Yevropa chempionati paytida Yamalning bizga ma’lum qilmagan ba’zi qirralari ochildi. Dastlab Fransiya bilan o‘yindan so‘ng, Rabioga nisbatan. Fransiyalik yarimhimoyachi yarimfinal oldidan jamoa Yamalga o‘zini qulay his qilishga yo‘l qo‘ymasligini, agar u finalga chiqishni istasa, odatdagidan boshqacharoq o‘ynashi kerakligini aytgandi. Aslida bu xafa qiladigan gap emas, aksincha, raqib jamoasi ichida aynan Yamalning tilga olingani qaysidir ma’noda e’tirof ham. Yamal avvaliga javob tariqasida ijtimoiy tarmoqda mashhur iqtibosni keltirdi: «Sokin holatda harakatlaning va qachonki “shoh va mot” deyish fursati kelgandagina gapiring ».

O‘yin tugagach esa, kameraga qarata «endi gapir, endi gapir» deb baqira boshladi. Bu so‘zlar kimga qaratilganini hamma tushungan va tabiiyki, bu harakat Yamalni yaxshi tomondan namoyon qilmasdi.

O‘sha kuni uning yana bir harakati ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Futbolchi miks-zonaga kirar ekan, qo‘lida «toshbaqa-ninza» niqobini ushlab olgandi. Keyin jamoa xodimlaridan biri niqobni Yamalning qo‘lidan olgani ham ko‘rindi. Albatta, Yamal qo‘lida o‘sha niqob bilan intervyu berishi xunuk ko‘ringan bo‘lardi. Keyinchalik, videoning boshida niqobni Yamalning qo‘liga yo‘lda uchragan jurnalistlardan biri bergani ham ko‘ringan. Aslida, futbolchining o‘zi niqobni xodimga berib yuborganini ham aytmoqchi bo‘lishdi, ammo Rabio bilan bo‘lgan voqeadan xulosa chiqarilsa, rostan ham Lamin Yamalda biroz yarashmaydigan xarakter borligini taxmin qilish mumkin.

Bundan tashqari, Yamalning ota-onasi afrikalik ekani berahm fanatlar olamida xuddi Vinisius Juniorda bo‘lgani kabi, qo‘shimcha salbiy fon yaratishi mumkin. Albatta, Vinisiusdan farqli ravishda Yamal Ispaniya milliy jamoasi futbolchisi ekani muhim rol o‘ynaydi, ammo baribir, bunday xavf ham mavjudligicha qoladi. Turli tanqidlar yoki haqoratlar ostida Yamalning o‘zini qanday tutishi juda muhim nuqta.

Albatta, futbolchi hali endi o‘n yetti yoshga o‘tganini ham inobatga olish lozim. Va futbolchining atrofida unga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatadigan va foydasiz harakatlardan tiyadiganlar bo‘lishidan umid qilamiz.

3. Qanotdan markazga o‘tish

Agar mana shu pallada ham sifatni tushirmasa, bemalol unga yorqin kelajak taxmin qilishimiz mumkin. Messi 2008 yilgacha dunyoning eng yaxshilaridan biri bo‘lgandi, ammo qachonki, Gvardiola o‘sha mashhur klassikoda (6:2) birinchi marta markazga tushirib, shundan buyon biz bilgan Messining paydo bo‘lishiga zamin yaratgach, futbol tarixi o‘zgarib ketdi.

Krishtianu ham Manchesterdagi dastlabki yillarida sof vinger sifatida harakat qilgan. Fergyuson keyinchalik o‘z kitobida yozishicha, Krishtianuning to‘liq salohiyatini namoyish qilish uchun u markazdan ham xavf solishi lozimligi, shundagina uning gollari soni oshishi haqida bilishgan va shu yo‘nalishda transformatsiya amalga oshirilgan. Dastlabki uch mavsumda Ronaldu 31 gol urgan. Ruud van Nistelroy ketib, Ronaldu markazga ixtisoslashishni boshlagach, keyingi uch yilda uning gollari soni 89 tani tashkil qildi. «Real»ga o‘tgach, bu o‘zgarish yanada sezildi, Ronaldu boshlang‘ich sxemada chap qanotda boshlasa-da, uning asosiy quroli aynan markaz bo‘lgandi.

Futbolchi har qancha iste’dodli bo‘lmasin, qanotda uning ta’siri cheklanadi. Raqib jamoa alohida e’tibor berib, o‘yindan chiqarish vazifasi osonlashadi. Futbolchi yuksalgan sari, e’tibor ko‘paygan sari, qarshilik oshib, qanotda o‘ynash tobora qiyinlashib boraveradi. Markazda o‘ynash esa, raqibga qiyinchilik tug‘dirishidan tashqari, futbolchining o‘ziga juda ko‘p qo‘shimcha qobiliyatlar kerak bo‘lishi, endi faqat oyoqni emas, miyani, ko‘zni rivojlantirishi lozim bo‘ladi. Butunlay boshqa daraja.

Yamal vinger sifatida ham yuksak cho‘qqilarni zabt etishi, zamonasining eng yaxshi futbolchilaridan biri bo‘lishi mumkin albatta, ammo chindan ham game-changer sifatida yuqorida sanalgan ikkinchi ruyxatdan joy olishi uchun markazga o‘tishga majbur.

4. Aldamchi kutilmalar

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Lamin Yamal qariyb bir yildan beri «Barselona»ning asosiy tarkib futbolchilaridan biri bo‘lsa-da, aynan Yevropa chempionati paytida u haqida gap-so‘z ko‘paydi, uni chinakam yulduz sifatida jiddiy qabul qilish boshlandi? Nega?

Sababi, terma jamoalarda o‘zini ko‘rsatish osonroq, ayniqsa, Ispaniya kabi yuqori darajada yo‘lga qo‘yilgan tizimda. Raqamlarga qaraylik: Lamin «Barselona»da o‘rtacha har 1.3 daqiqada to‘pga tegingan, Ispaniyada bu ko‘rsatkich 1.6 daqiqa. Raqib jarima maydonida to‘pga egalik qilish «Barselona»da har 12.8 daqiqada, Ispaniyada esa, har 15.3 daqiqa.

Lekin klubda qariyb 20 foizga to‘p bilan ko‘proq muomala qilgan bo‘lsa-da, «Barselona»da har 57 daqiqada golli vaziyat yaratgan, Ispaniyada bu ko‘rsatkich ikki barobar yaxshi – 26.6 daqiqa. Darvozaga zarbalar «Barselona»da har 37 daqiqada, Ispaniyada har 28 daqiqada.

Bu shuni anglatadiki, klublar futbolida qarshilik darajasi ham, o‘yin tempi ham bir ancha yuqoriroq bo‘ladi. Tabiiyki, faqat ayrim paytlarda yig‘iladigan jamoalardan ko‘ra, doim, har kuni shug‘ullanadigan klublarda yaxshi himoyani tashkil qilib olish osonroq. «Barselona»da Yamalga to‘p bilan muomala qilishga ko‘proq imkoniyat berilgan bo‘lsa-da, golli vaziyatlar yaratish va zarba berishda to‘siqlar kattaroq bo‘lib chiqyapti.

Aytmoqchimanki, Lamin Yamalning haqiqiy darajasi Yevropa chempionatida ko‘rsatilgan performansdan aslida biroz pastroq ekanini tushunishimiz kerak. Qarang, yaxshi tizim yo‘lga qo‘yilgan jamoalarda Embolo, Zabitser yoki Ispaniyaning aksariyat futbolchilari klubdagidan ko‘ra ancha yorqinroq ko‘rinishdi. Bu ham klublar futbolidagi qarshilik darajasi terma jamoadan ancha balandroq ekanini ko‘rsatadi.

Bu yerda xavfli tomoni, Yevropa chempionatidagi yorqin o‘yindan keyin undan kutilmalar keragidan balandroq bo‘lish ehtimoli bor. «Barselona»da, muxlislar tomonidan unga endi 16 yoshli vunderkind sifatida emas, o‘yinlarni hal qilishi lozim bo‘lgan yulduz sifatida qarashadi, bosim ortadi, tanqidlar paydo bo‘ladi. Laminning o‘zi ham Yevrodagi o‘yinini takrorlay olmayotganidan ruhan qiynalishi mumkin. Bu yerda muhimi, uning atrofidagilar, murabbiylar Yevropa chempionatidagi o‘yin boshqa daraja bo‘lgani, o‘sha o‘yinni barqaror holatga keltirish uchun sabr kerakligini uqtirishi lozim bo‘ladi.

5. Murabbiy

Biz shu paytgacha Xavi va de la Fuente qo‘l ostidagi Yamalni ko‘rdik. Xavi Yamalni bizga tanitgan bo‘lsa, de la Fuente uni qanday qilib yulduzga aylantirish mumkinligini maydonda ko‘rsatib berdi.

Hans Diter Flik «Barselona» bosh murabbiyiga aylangach, rahbariyatga to‘rt futbolchiga tegish mumkin emasligi, o‘z jamoasida aynan ular muhim figura bo‘lishini aytdi. Bu futbolchilar – Frenki de Yong, Pedri, Arauho va Lamin Yamal. Demak, asosiy qadam tashlandi – navbatdagi murabbiy ham Yamalni muhim deb bilmoqda, unga ishonmoqda.

Endi savol, yangi jamoa o‘yini qay darajada o‘zgaradi? Yangi uslub Yamal o‘zini yaxshi his qilgan Xavi va de la Fuente uslubiga qay darajada yaqin bo‘ladi?

Masalan, «Bavariya»da Flik o‘ta hujumkor va faol qanotlar bilan 4-3-3 sxemasini afzal ko‘rgan. Bu holatda Yamal va qanot himoyachisi o‘rtasidagi vazifalar qanday shaklda taqsimlanadi? Savollar yetarli.

Yangi «Barselona»da Yamalning o‘zini qanday topishi eng yaqin kelajakdagi muhim masala bo‘lsa-da, endigina o‘n yetti yoshga kirgan futbolchida hammasi uchun vaqt yetarlidan ham ortiq ekanini ham ta’kidlash kerak.

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: