Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkaziladi

O‘zbekiston 22:40 / 19.07.2024 3966

«Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra, siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

- qatag‘on qyrboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish;

- qatag‘on qurbonlarining avlodlari va yaqinlari, o‘sha davr voqealariga guvoh bo‘lgan insonlarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy manbalarni, noyob suratlarni to‘plash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish;

- Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning hududlardagi bo‘limlari hamda Jadidlar merosi davlat muzeyining mavzuga doir ma’lumotlar, ashyoviy dalil va hujjatlar, boshqa tegishli eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borilishini ta’minlash;

- qatag‘on qilingan yurtdoshlarimiz haqidagi tarixiy haqiqatni tiklash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobini chop etish hamda ularning nomlarini Toshkent shahridagi “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish ishlarini davom ettirish;

- chet eldagi turli fondlar, arxiv, muzey, kutubxona va boshqa ilmiy-ma’rifiy muassasalar hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o‘rnatgan holda, mavzuga oid ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish;

- yosh avlodni Vatanimiz ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning jasorati va ibratli faoliyatini targ‘ib etishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yo‘lga qo‘yish.

Respublika komissiyasining ishchi organi etib Mudofaa vazirligining umumiy rahbarligida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Mudofaa va harbiy xavfsizlik muammolarini o‘rganish instituti, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, “Shon-sharaf” davlat muzeyi mas’ul xodimlari va yetakchi mutaxassislaridan iborat guruh belgilandi.

Har yili oktyabr oyining birinchi haftasida Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi o‘tkaziladi.

Qatag‘on qyrbonlari, jumladan, jadidlik harakati namoyandalarining ibratli hayoti va faoliyati xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida targ‘ib etiladi.

Fanlar akademiyasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda Fanlar akademiyasi Tarix institutining “Jadidlar.uz” elektron platformasini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va platformani yangi elektron adabiyotlar, tarixiy manbalar, jadid matbuoti namunalari va audiovizual mahsulotlar bilan boyitish choralari ko‘riladi.

Turizm qo‘mitasi qatag‘on qurbonlarining nomlari bilan bog‘liq muzey va obektlarni sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish chora-tadbirlarini ko‘radi.

Qatag‘on qyrbonlari va jadidlik harakati vakillari bo‘lgan shaxslar tug‘ilib o‘sgan, yashagan xonadonlarda esdalik lavhalari o‘rnatiladi.

Mahallalarda va umumta’lim maktablarida tegishli tarzda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi burchaklari”, stendlar va boshqa ko‘rgazmali vositalar tashkil etiladi.

“O‘zarxiv” agentligi Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda davlat arxivlarida saqlanayotgan qatag‘on qyrbonlari va jadidlik harakati namoyandalariga oid muayyan arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda maxfiylikdan chiqaradi.

Ko‘proq yangiliklar: