Yekaterinburgdagi Sverdlovsk viloyat sudi ikki majlisda Rossiya rasmiylari The Wall Street Journal jurnalisti Evan Gershkovichni ayblagan «josuslik» ishi bo‘yicha tergovni yakunladi. 18 iyul, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan ikkinchi majlis yana yopiq eshiklar ortida o‘tkazildi. Tomonlar chiqishi 19 iyulga belgilangan. Itʼs My City Telegram-kanali xabariga ko‘ra, xuddi shu kuni prokuratura Gershkovichga hukm so‘rashi mumkin.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, sudga «Yagona Rossiya» partiyasidan Sverdlovsk viloyati qonun chiqaruvchi majlisi deputati Vyacheslav Vegner ham chaqirilgan. Jurnalistlar ta’kidlashicha, u guvoh sifatida so‘roq qilingan. Avvalroq Vegner Gershkovich undan intervyu olganini, uning davomida odamlarning «Vagner» XHKga munosabati va sanoat korxonalari ishi haqida so‘raganini aytgandi. Sud yopiq eshiklar ortida o‘tayotgani bois Evan Gershkovich ishi bo‘yicha aniq qancha guvoh so‘roq qilingani ma’lum emas.
Gershkovich 20 yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin
The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yil mart oyida Rossiyada qo‘lga olingan. U Moskvadagi Lefortovo sudi qarori bilan «josuslik» ishi bo‘yicha hibsga tashlandi. Gershkovich Sovuq urush tugaganidan keyin Rossiyada shunday ayblovlar bilan hibsga olingan birinchi xorijlik muxbir bo‘ldi.
«FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan birining faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, WSJ ham bu ayblovlarni rad etadi, Oq uy esa ularni «bema’ni» deb atadi. Rossiyada jurnalist 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Yekaterinburgda Evan Gershkovich ishi bo‘yicha birinchi sud majlisi 2024 yil 26 iyunda bo‘lib o‘tdi. Jurnalist 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.