36 million rubl miqdorida pora olganlikda ayblanayotgan Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-leytenant Vadim Shamarin o‘z aybini qisman tan oldi. Bu haqda 19 iyul, jumaga o‘tar kechasi «Kommersant» gazetasi yozdi.
Nashrning ta’kidlashicha, «general «Permskiy telefonnyy zavod «Telta» OAJ vakillaridan 19 million rubl olganini inkor etmadi, lekin yana 17 million rubl qabul qilganini rad etdi». «Kommersant» deb yozishicha, sud Shamarinni 22 oktyabrgacha tergov hibsxonasida qoldirdi.
General Vadim Shamarin ishi
Vadim Shamarin may oyining oxirida hibsga olingan. Yirik miqdorda pora olish moddasiga ko‘ra, unga 8 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
General Shamarin Rossiya Qurolli kuchlarida 24 yil xizmat qilgan va Suriyadagi jangovar harakatlarda qatnashgan. Uning mukofotlari orasida Rossiyaning eng yuqori ordenlaridan biri - 2-darajali «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» unvoni bor. «Kommersant» eslashicha, hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay Shamarin o‘z lavozimidan chetlashtirilgan, biroq Mudofaa vazirligidan bo‘shatilmagan, balki shtabdan chiqarilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga nisbatan jinoiy ishlar
Joriy yilning bahoridan beri Rossiya Mudofaa vazirligi rahbarlariga qarshi bir nechta jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi ma’lum bo‘ldi. Aprel oyi oxirida Moskvada mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov pora olganlikda ayblanib hibsga tashlangan edi.
May oyida Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligining kadrlar bo‘limi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov qo‘lga olindi. U ham pora olishda ayblanmoqda. Bundan tashqari, Rossiya Mudofaa vazirligini tanqid qilgan 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popov hibsda. U firibgarlikda ayblanmoqda.
2020 yilda Bosh shtab boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari, general-polkovnik Halil Arslonov qurolli kuchlarni texnika bilan ta’minlashda firibgarlik va korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan edi. U firibgarlik va pora olishda ayblangan.