Germaniyada neonatsistlarning «Uchinchi yo‘l» partiyasiga qarshi keng ko‘lamli reydlar chog‘ida 17 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan to‘qqiz kishi qo‘lga olindi. Ular Berlinda siyosiy sabablarga ko‘ra odamlarga hujum uyushtirganlikda gumon qilinmoqda, deb xabar berdi 18 iyul, payshanba kuni poytaxt politsiyasi va prokuraturasi.
Berlindagi Ostkroyts stansiyasida niqobli, dubinkali shaxslar odamlarga hujum qilgan
Ushlanganlar, xususan, Berlindagi Ostkroyts temiryo‘l stansiyasida odamlarga hujum qilishda ayblanmoqda: 6 iyul kuni 10-15 nafar kishidan iborat niqobli guruh besh kishiga hujum qilgan. Hujumchilarning ba’zilari dubinkalar va kastetlar bilan qurollangan edi. Hujum 15, 32 va 39 yoshli fuqarolarga qarshi qaratilgan - Die Welt gazetasining yozishicha, ular Ostkroyts stansiyasiga o‘ng ekstremizmga qarshi namoyishga birga borish maqsadida kelishgan.
Niqobli shaxslar voqea joyiga yetib kelgan ikki politsiyachiga ham hujum qilgan. Hujumga uchraganlarning ba’zilari jarohatlangan va davolanishga muhtoj. Gumonlanuvchilar dastlab qochishga muvaffaq bo‘lgan, biroq keyinroq shaxsi aniqlangan.
Prenslauer-Berg tumanidagi talonchilik
Bundan tashqari, qo‘lga olinganlar yanvar oyida Berlinning Prenslauer-Berg tumanida sodir bo‘lgan talonchilikka aloqadorlikda ayblanmoqda: bir necha shaxslar 20 yoshli yigitga hujum qilgan. Jabrlanuvchining yuzi va oyoqlariga urilgan, narsalari olib ketilgan. Hujum siyosiy sabablarga ko‘ra amalga oshirilgani aytilmoqda.
Reydlar davomida qurol-yarog‘ va targ‘ibot materiallari musodara qilindi
18 iyul kuni nafaqat Germaniya poytaxti, balki Brandenburg va Saksoniya federal yerlarida ham bo‘lib o‘tgan reydlarda 130 nafar politsiyachi ishtirok etdi. O‘nta joyda tintuv o‘tkazilib, ular davomida gazli to‘pponchalar, zarba beruvchi qurollar, shovqinli to‘pponchalar, shuningdek, targ‘ibot materiallari, mobil qurilmalar va raqamli axborot vositalari musodara etilgan, deb xabar berdi politsiya va prokuratura.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘lga olinganlarning barchasi «Uchinchi yo‘l» yoshlar qanoti – «Milliy inqilobchi yoshlar» (NRJ) deb ataluvchi tashkilotga mansub bo‘lgan. Poytaxtning konstitutsiyani himoya qilish boshqarmasi «Uchinchi yo‘l»ni Berlinda neonatsistlar mafkurasiga ochiqdan-ochiq amal qiladigan va qochqinlarga qarshi bo‘lgan eng faol o‘ng ekstremistik guruhlardan biri deb ataydi.