AQSh prezidenti lavozimiga qayta saylanishga intilayotgan Donald Tramp Respublikachilar partiyasidan davlat rahbari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlik bo‘yicha nominatsiyani qabul qildi va shu tariqa rasmiy nomzodga aylandi. 18 iyul, payshanba kuni kechqurun Viskonsin shtatining Miluoki shahrida bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasining milliy qurultoyida nutq so‘zlagan Tramp «Amerika yarmining emas, balki butun Amerikaning» prezidenti bo‘lishni xohlashini aytdi.
Donald Tramp, uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatni vayron qilayotgan AQSh amaldagi prezidenti Jo Baydenni keskin tanqid qilib, xalqni yaqinlashib kelayotgan falokatdan faqat uning o‘zi qutqarishga qodir ekanini ta’kidladi. Tramp o‘ziga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarni demokratik fitnaning bir qismi deb atadi.
Migrantlarga qarshi bayonotlar
Donald Tramp o‘z nutqida muhojirlarga qattiq hujum qilib, ularni bilvosita «chiqindi» deb atadi. «Ular hamma joydan kelishadi. Biz butun dunyo uchun chiqindixonaga aylanganmiz va ular bizni ustimizdan kulishadi. Ular bizni ahmoq deb o‘ylashadi», dedi AQSh prezidentligiga nomzod va Amerikaga kirib kelayotgan muhojirlar deyarli faqat jinoyatchilar va psixiatriya shifoxonalari bemorlari ekanligi haqidagi fikrni takrorlarkan.
Migratsiya har doim Tramp uchun saylovoldi tashviqotining asosiy mavzusi bo‘lib kelgan, biroq u so‘nggi yillarda o‘z ohangini keskinlashtirdi. Sobiq prezident muntazam ravishda muhojirlar va ozchiliklarga nisbatan haqoratli, nafrat va irqchilik so‘zlarini ishlatadi. Boshqa narsalar qatorida, u ba’zi muhojirlar Qo‘shma Shtatlar «qonini zaharlayotgani»ni aytgan.
AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Trampning raqibi Oq uy amaldagi rahbari Jo Bayden bo‘lib, uni Demokratik partiyadagi tobora ko‘proq siyosatchilar yoshi kattaligi va sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli o‘z nomzodini olib tashlashga chaqirmoqda.