Aftidan, bu munosabatlar kutilganidan ko‘ra jiddiyroq o‘zgarishlarga uchraydi — har holda, yevropalik siyosatshunoslar va ekspertlar Tramp saylovlardagi sherigi, g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, AQSh vitse-prezidenti bo‘lishga nomzod sifatida ohayolik senator Jyey Di Vensni tanlaganini shunday talqin qilishmoqda.
«Bu biz uchun yomon yangilik, ammo bu Ukraina uchun juda dahshatli xabar», — deya yevropalik yuqori martabali diplomatlardan birining so‘zlarini keltiradi Britaniyaning Guardian nashri.
«Senator Vens bahorda Ukrainaga yangi harbiy yordam paketiga qarshi chiqqanlardan biri edi va bu urushda bo‘layotgan voqealarga befarqlik bilan qaraydi, — deya qayd etadi AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi, hozirda Frimen Spogli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Maykl Makfol. — Vensni o‘z nomzodi sifatida tanlash orqali Tramp noyabrda ovoz berishga boradigan amerikalik saylovchilarga tashqi siyosat borasidagi o‘z pozitsiyasini aniq tushuntirib qo‘ydi».
Yevropani himoya qilish – Yevropaning ishi
Joriy yil fevralida o‘tkazilgan xavfsizlik masalalari bo‘yicha Myunxen konferensiyasida Vens Yevropa ko‘zini ochishi va AQShning manfaatlari endi Sharqiy Osiyoda ekani faktini anglashi lozimligini aytgandi.
«Amerikaning xavfsizlik ko‘rpasi Yevropa o‘z xavfsizligini susaytirishiga sabab bo‘ldi, — degan u. — Qo‘shma Shtatlar ko‘proq e’tiborini Sharqiy Osiyoga qaratishi kerak. Bu Amerika tashqi siyosatining keyingi 40 yillikdagi kelajagi bo‘ladi va Yevropa bu faktni anglashi kerak».
Bundestagga Germaniya kansleri Olaf Sholsning sotsial-demokratlar partiyasidan saylangan Nils Shmid esa BBC bilan suhbatda Vensning ihotalanish kayfiyati va Trampning beqarorligiga qaramasdan, AQSh NATOda qolishiga ishonchi komil ekanini aytadi. Ammo, uning fikricha, Tramp saylangan taqdirda Yevropaga AQSh bilan «savdo urushi»ning ikkinchi bosqichi xavf soladi.
Trampning oldingi prezidentligi davrida AQSh Yevropa ittifoqida ishlab chiqarilgan po‘lat va alyuminiy uchun tariflar joriy etgandi.
Jo Bayden ma’muriyati davrida bu tariflarning amal qilishi to‘xtatilgan bo‘lsa-da, Tramp agar Oq uyga qaytadigan bo‘lsa, xorijdan keladigan barcha mahsulotlar uchun 10 foizlik tariflar qo‘llashini ma’lum qilgan. Yevropa poytaxtlaridagilar AQSh bilan iqtisodiy qarama-qarshilik tiklanishi ehtimolini yomon va hatto halokatli natija sifatida ko‘rmoqda.
«Biz deyarli aniq biladigan yagona narsa shuki, — Yevropa ittifoqiga jazo tariflari kiritiladi, shunday ekan, biz savdo urushining yangi bosqichiga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak», — degan Nils Shmid.
Joriy yil boshida Vens armiyaning holati va tayyorgarlik darajasi sustligi uchun Berlinni tanqid qilgandi: uning fikricha, Germaniyada qurol ishlab chiqarish uchun yetarli sanoat bazalari mavjud emas.
«O‘ylaymanki, Vens tashqi siyosat va savdo siyosatidagi pozitsiyasi uchun ham tanlangan, — deydi Guardian uchun intervyusida Vashingtondagi Stimson markazining Reimagining US Grand Strategy dasturi katta ilmiy xodimi Emma Eshford, — Vens ma’lum darajada Respublikachilar partiyasida o‘sib borayotgan yangi o‘ng qanotni ifoda etadi. Bu ko‘proq millatchi va proteksionistik kayfiyatdagi kuchlar bo‘lib, ular immigratsiyaga qarshi… Tramp ham 2016 yilda ma’lum darajada shunday tashabbus ko‘rsatgandi, Vens esa Kongressda mazkur qanotning yetakchilaridan biriga aylandi».
Ukrainani qo‘llash
Ukraina ham Vensdan hech qanday yaxshilik kuta olmaydi. «O‘ylaymanki, biz Ukrainadagi bu chegaraga e’tibor qaratishimiz kulgili, — degan Vens 2022 yil fevralida, Rossiya bosqiniga bir necha kun qolganida Stiv Bennonning War Room podkastidagi intervyuda. — Men sizga rostgo‘ylik qilishim kerak: nima bo‘lganda ham Ukrainaga nima bo‘lishi meni tashvishlantirmaydi».
Shundan buyon u Amerikaning Ukrainaga yordamini tanqid qiluvchilar orasida yetakchilardan biri bo‘lib keladi va Vashingtonning 60 mlrd dollarlik navbatdagi harbiy yordam paketi yarim yilga kechikishida muhim rol o‘ynagan.
Fevraloyida Myunxendagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada u o‘z xodimlari Yevropa uchun «xavotirli qo‘ng‘iroq» deb atagan murojaat bilan chiqqandi, unda AQSh Ukrainaga urushni davom ettirish uchun zarur miqdordagi qurollarni ishlab chiqara olmasligini bildirgandi.
«Men Vladimir Putin Yevropa uchun ekzistensial tahdid soladi deb o‘ylamayman, agar shunday bo‘lgan taqdirda ham bu Yevropa o‘z xavfsizligini ta’minlashda faolroq rol o‘ynashi lozimligini anglatadi», — degan Vens.
«Ha, yakunda Ukrainaga nisbatan siyosatni Tramp belgilaydi, — deya yozadi Beylor Universitetining siyosatshunoslik bo‘yicha professori Sergey Kudel X ijtimoiy tarmog‘ida. — Ammo Vens tanlangani Tramp prezident bo‘lganida Ukraina masalasiga qanday yondashmoqchi ekani haqidagi barcha narsani aytadi: Ukraina uchun hech qanaqa NATO a’zoligi yo‘q, harbiy va iqtisodiy yordam qisqartirilishi hamda Zelenskiyni Putin bilan muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qilish».
«Biz Vensni buning aksiga ishontirishimiz kerak, — deydi Kiyevdagi Jahon siyosati instituti ijrochi direktori Yevgeniy Magda. — Biz u Iroqda jang qilgani faktidan foydalanishimiz mumkin, shuning uchun uni bu yerda nimalar bo‘layotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishi va Amerika pullari qanday sarflanayotganini ko‘rishi uchun Ukrainaga taklif etishimiz kerak».
Magda Trampning harakatlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmasligi Kiyev uchun muammo bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrga qo‘shiladi. Zelenskiy shu kunlarda uni Trampning saylanishi qo‘rqita olmasligini aytgandi: «Agar janob Donald Tramp prezident bo‘lsa, biz ishlaymiz. Men bundan qo‘rqmayman».
Tramp-Vens tandemining Yevroittifoqdagi asosiy tarafdori — yaqinda Tramp mehmoni bo‘lgan, undan oldin Kiyev, Moskva va Pekin shaharlariga ham tashrif buyurgan vengrlar bosh vaziri Viktor Orbandir.
YeI yetakchilariga maktubida Orban Donald Tramp g‘alaba qozongudek bo‘lsa, inauguratsiyani ham kutmasdan zudlik bilan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari boshlanishini talab qilishini aytgan.
Bularning barchasi Yevropaning eng yirik iqtisodiyoti, bugungi kunda Ukrainaga yordam yetkazib berish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turgan Germaniyani qo‘shimcha bosim ostida qoldiradi. Berlin qisqa muddatli budjet inʼeksiyalari bilan bo‘lsa-da, sovuq urush davridan buyon ilk bor YaIMning 2 foizini mudofaa xarajatlariga ajratdi, ammo endi mamlakatni yangi xarajatlar kutmoqda.
«2024 yilda AQSh harbiy yordami o‘rnini to‘liq bosish uchun Yevropa qurol yetkazib berish darajasi va sur’atlarini hozirgiga qaraganda ikki barobar oshirishiga to‘g‘ri keladi», — deya yozgandi Kiel Institute tahlilchilari shu yil aprelida.
Shu bilan birga, Eurasia Group konsalting kompaniyasining Germaniya bo‘yicha direktori va mudofaa masalalari bo‘yicha sobiq nemis mulozimi Yan Tehauning tasdiqlashicha, Vens Yevropada jiddiy kelishmovchiliklar vaqtida til topisha olish mumkin bo‘lgan shaxs sifatida obro‘ qozongan.
U bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatgan yevropalik siyosatchilar orasida Buyuk Britaniyaning yangi tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi ham bor.
«Vens yosh, shuhratparast, u o‘zini ko‘rsatishni istaydi, — deydi Tehau Wall Street Journal uchun intervyusida. — Karerasi hali oldinda ekani uni qiziqarli hamkasbga aylantiradi. Shuning uchun u juda ko‘p ko‘priklarni yoqib yuborishni istamasligi mumkin».