Xitoy AQSh bilan yadro quroli nazorati bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatdi

Jahon 09:58 / 18.07.2024 2087

Pekin Vashington bilan qurollarni nazorat qilish va yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda 17 iyul, chorshanba kuni Xitoy TIV rasmiy vakili Lin Tszyan ma’lum qildi. U bu qadamga Amerika qurollarining Tayvanga savdosi davom etayotganini sabab sifatida ko‘rsatdi.

Departament vakili maslahatlashuvlar to‘xtatilgani uchun mas’uliyatni Vashington zimmasiga yukladi va agar Qo‘shma Shtatlar «Xitoyning asosiy manfaatlarini hurmat qilsa», Amerika tomoni bilan «o‘zaro hurmat asosida» muloqotni tiklashga tayyorligini bildirdi.

Xitoy o‘zining yadroviy arsenalini kuchaytirmoqda

O‘tgan yilning noyabr oyida Xitoy va Qo‘shma Shtatlar AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasidagi muzokaralar oldidan o‘zaro ishonchsizlikni yumshatish maqsadida yadroviy qurollarni nazorat qilish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazgan edi. Keyinchalik bu masalalarning boshqa muhokamasi haqida xabar berilmagan. Yanvar oyida Oq uy Pekinni AQShning qurollar tarqalishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish bo‘yicha takliflariga «javob berishga» chaqirdi.

Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Xitoy o‘z yadro arsenalini kutilganidan tezroq kengaytirayotgani haqida xulosa qilgandi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil may oyida Xitoyda 500 dan ortiq foydalanishga tayyor yadro kallaklari bo‘lgan, 2030 yilga borib Pekin mingdan ortiq kallakka ega bo‘lishi mumkin.

Tayvan bo‘yicha AQSh-Xitoy keskinligi

Tayvan muammosi yillar davomida Vashington va Pekin o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqargan. 2024 yil iyun oyida AQSh Davlat departamenti orol xavfsizligini yaxshilash va mintaqada siyosiy barqarorlikni saqlash zarurati bilan izohlab, Tayvanga 300 million dollarlik raketa va uchuvchisiz uchoqlar sotish imkoniyatini tasdiqladi.

Qo‘shma Shtatlar Tayvan mustaqilligini tan olmaydi, lekin uning Xitoyga majburan qo‘shilishiga qarshi. Shu bilan birga, Xitoy rasmiylari Pekin Tayvanni isyonkor provinsiya deb bilishini, kerak bo‘lsa, harbiy kuch yordamida Xitoyga qaytarilishini bir necha bor ta’kidlagan. Orol hukumati 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qildi, ammo Tayvanni faqat Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin davlat suveren davlat sifatida tan oldi.

Ko‘proq yangiliklar: