Toshkent va Farg‘onada advokatlar 50 ming dollar bilan ushlandi

Jamiyat 11:24 / 18.07.2024 7216

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda joylarda tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Farg‘ona shahridagi advokatlik firmalarida ishlovchi 2 nafar advokat o‘zaro til biriktirib, 2023 yilda sud hukmi bilan 6 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan va hozirda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini viloyat sudi tomonidan taftish tartibida ko‘rish davomida, unga nisbatan tayinlangan jazoni sud organlaridagi tanishlari orqali ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazoga o‘zgartirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Toshkent shahridagi advokatlik firmasining muqaddam bir necha marotaba sudlangan advokati Ichki ishlar vazirligining Tergov departamenti tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgan, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida aniqlangan 12 mlrd. so‘m miqdoridagi zararning 6 mlrd so‘mini prokuratura va ichki ishlar organlaridagi tanishlari yordamida jabrlanuvchi foydasiga undirib berish evaziga 100 ming AQSh dollari talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘idan 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, advokatning mazkur noqonuniy ishga aloqador bo‘lgan hamkasbi va muqaddam prokuratura organlarida ishlagan tanishi ham 50 ming AQSh dollaridan 30 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ushlandi. 

Samarqand shahridagi advokatlik firmasining muqaddam sudlangan advokati Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaroning turmush o‘rtog‘i bilan qonuniy nikohini bekor qilishda sud tizimidagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: