G‘arbning Rossiya bilan yaqin kelajakdagi munosabatlari, ehtimol, cheklash siyosati orqali belgilanadi. Biroq, uzoq muddatda Rossiya bilan qurolsizlanish bo‘yicha shartnomalarni qayta tuzish kerak. Bu fikrni Germaniya kansleri Olaf Shols 17 iyul, chorshanba kuni ARD telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
«Biz qilayotgan har bir ish jahon kuchlari o‘rtasida qurol nazorati haqida gaplashadigan vaqt yana kelishiga olib kelishi kerak, hatto bu vaqt hali juda uzoqda bo‘lsa ham», - deydi Germaniya hukumati rahbari.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya «qurolsizlanish bo‘yicha barcha kelishuvlardan» chiqdi va Germaniya «bunga reaksiya bildirishi kerak». «Shuning uchun biz shunday kuchli bo‘lishimiz kerakki, hech kim bizga hujum qilmasin», deb tushuntirdi u.
Shols Germaniya federal budjetidagi «teshik» haqida
Boshqa narsalar qatorida, intervyuda 2025 yil uchun Germaniya federal budjeti mavzusiga to‘xtalib o‘tildi. 17 iyul kuni hujjat loyihasini ko‘rib chiqqan Reuters agentligi u Ukrainani harbiy qo‘llab-quvvatlashga sarflanadigan xarajatlarni ikki baravar - 8 milliarddan 4 milliard yevrogacha qisqartirishni ko‘zda tutayotganini yozgan.
Avvalroq 5 iyulga o‘tar kechasi federal kansler idorasida ko‘p soatlik maslahatlashuvlar, undan oldin esa hukmron partiyalar darajasidagi bir necha oy muzokaralardan so‘ng Olaf Shols, Germaniya moliya vaziri Kristian Lindner va iqtisodiyot vaziri Robert Xabek 2025 yilgi federal budjet va hukumatning 2028 yilgacha mo‘ljallangan moliyaviy rejasi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Kelishuvga ko‘ra, Germaniyaning kelasi yil mudofaa budjeti hozirgi 52 milliard yevrodan 53,2 milliard yevroga ko‘tariladi. Bu Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius so‘ragan 6 milliard yevrolik qo‘shimcha mablag‘dan sezilarli darajada kam.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Germaniyaning 2025 yilgi federal budjetida 17 milliard yevro miqdoridagi daromadlar va xarajatlar o‘rtasida «teshik» mavjud. ARD mualliflari ta’kidlaganidek, hukumat bu teshikni qanday qilib «yamoqlash» niyatida degan savolga, Shols aniq javob bermay, «zamonaviyroq» bo‘lishi mumkin bo‘lgan investitsiyalarni moliyalashtirish haqida eslatib o‘tgan. «Yashasak, ko‘raveramiz», - deya jurnalistlar uning javobi mohiyatini mana shunday yetkazdi.
ARD iltimosiga ko‘ra, yoz mavsumidagi eng kuchli istagi haqida gapirar ekan, kansler: «Rossiya Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatishi kerak» dedi. «Ammo bundan tashqari, men o‘zimga va boshqalarga yozda dam olishlarini tilayman», deb qo‘shimcha qildi Shols.