Rossiya Ichki ishlar vazirligi peterburglik surishtiruvlar bilan shug‘ullanuvchi jurnalist Andrey Zaxarovga nisbatan "chet el agenti" majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagani uchun jinoiy ish qo‘zg‘atib, uni qidiruvga berdi. "Mediazona" 17 iyul, chorshanba kuni departament ma’lumotlar bazasidagi kartochkaga e’tibor qaratdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Zaxarovning ta’qib qilinishiga uning Telegram-kanalidagi ikkita posti sabab bo‘lgan. Ular mart oyida "chet el agenti" belgisi bo‘lmagan holda chop etilgan.
Zaxarovga qarshi ish
Andrey Zaxarovga nisbatan jinoiy ish haqida 19 aprel kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari Sankt-Peterburgdagi "Fontanka" jurnalisti Kseniya Klochkovaning uyida tintuv o‘tkazganida ma’lum bo‘ldi. Klochkova ish bo‘yicha guvoh bo‘lgan, deb xabar berdi nashr.
Zaxarov 2016 yilgacha "Fontanka"da ishlagan. Sankt-Peterburgdan Moskvaga ko‘chib o‘tgach, u RBK uchun yozgan, BBC rus xizmatining maxsus muxbiri bo‘lgan va "Proyekt" nashri uchun surishtiruvlar olib borgan. 2021 yil oktyabr oyida Rossiya Adliya vazirligi Zaxarovni "chet el agentlari" reyestriga kiritdi. O‘sha yilning dekabr oyida jurnalist kuzatilayotganini payqagach, Rossiyani tark etgan.