Germaniyaning 2025 yilgi federal budjeti Ukrainaga harbiy yordam uchun sarflanadigan xarajatlarni ikki barobarga qisqartirishni nazarda tutadi. Bu haqda 17 iyul, chorshanba kuni hujjat loyihasini ko‘rib chiqqan Reuters agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Germaniya hukumati 17 iyulda ma’qullagan budjet loyihasida Ukrainani Rossiya hujumidan himoya qilish uchun 4 milliard yevrolik xarajatlar o‘z ichiga olgan bo‘lsa, joriy yilda u 8 milliard yevroni tashkil etadi.
Germaniya "katta yettilik" davlatlari kelishib olgan Rossiyaning muzlatilgan aktivlari garovi ostidagi umumiy qiymati 50 milliard dollar miqdoridagi kreditlar orqali Ukraina harbiy ehtiyojlarining katta qismini qondira olishiga umid qilmoqda, deya qayd etadi agentlik.
2025 yil uchun federal budjet to‘g‘risidagi kelishuv
5 iyulga o‘tar kechasi federal kansler idorasida ko‘p soatlik maslahatlashuvlar va hukmron partiyalar darajasida bir necha oy davom etgan muzokaralardan so‘ng Germaniya kansleri Olaf Shols, mamlakat moliya vaziri Kristian Lindner va iqtisod vaziri Robert Xabek o‘zaro kelishuvga erishdilar. U 2025 yilgi federal budjet va hukumatning 2028 yilgacha bo‘lgan moliyaviy rejasiga tegishli.
Kelishuvga ko‘ra, Germaniyaning kelasi yil mudofaa budjeti hozirgi 52 milliard yevrodan 53,2 milliard yevroga ko‘tariladi. Bu Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius so‘ragan 6 milliard yevrolik qo‘shimcha mablag‘dan sezilarli darajada kam.