Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanmoqda. Qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda.
Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari aniqlashtirilmoqda. Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik va (yoki) psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari ko‘zda tutilyapti.
— Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar asosida undagi normalar maromiga yetkazilmoqda, — deydi deputat Zumrad Bekatova. — Albatta, qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratish, fuqarolarning malakali psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishda psixologlarning qonuniy faoliyat olib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.