Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonliklar eng sifatli ta’lim o‘quv markazlarida beriladi deb hisoblayapti – so‘rovnoma
O‘zbekistonda ta’limning qaysi turida yaxshiroq va sifatliroq ta’lim berilishini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazildi. 60 mingdan ortiq kishi qatnashgan so‘rovda 50 foiz ishtirokchi o‘quv markazlari faoliyatini eng yaxshi deb baholagan.

Respublikadagi ta’lim turlarining qaysi biri sifatliroq ekanini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovda ta’lim dargohlarining qaysi biri boshqalariga nisbatan yaxshiroq, sifatliroq ta’lim beradi, qaysi birida zamonaviylikka intilish va ta’lim oluvchi yoshlarning xohishlarini qondirishga harakat bor degan savol qo‘yilgan.
Unda ishtirok etgan 60 ming foydalanuvchining eng ko‘pi – 50 foizi o‘quv markazlarini, 19 foiz foydalanuvchi javob berishga qiynalishini, 18 foizi universitet va institutlarni, 11 foizi maktab va litseylar va 2 foiz foydalanuvchi kollej va texnikumlarni yaxshi deb hisoblagan. Nega o‘quv markazlari ko‘p ovoz olganini huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shunday izohlagan.
“Salkam 60 ming kishi ovoz bergan so‘rovda nima uchun o‘quv markazlari eng ko‘p ovoz (50 foiz) oldi, bilasizlarmi? Chunki bizda o‘quv markazlari vazirligi yo‘q. Bironta vazirlik yoki davlat idorasi o‘quv markazlarida nima o‘qitilishini, qanday o‘qitilishini, kim o‘qitishini, nazorat qilmaydi. Bironta vazirlik o‘quv markazlariga qaysi darslikdan va qaysi dastur asosida o‘qitishni yuqoridan belgilab bermaydi. Mana shuning uchun ham o‘quv markazlarida erkinlik bor va ular erkin raqobat bozorida bir-biridan o‘tish uchun o‘z ustida tinimsiz izlanishga majbur. Sifatli ta’lim berish yo‘llarini qidiradi. Yangidan yangi usullar va metodikalar bilan ishlaydi. Har bir o‘quvchiga individual yondashishga harakat qiladi. Mijoz doim haq prinsipiga rioya qiladi.
Agar Xudo ko‘rsatmasin, ertaga o‘quv markazlarini ham qaysidir vazirlik nazorat qilishni boshlasa, biz tasdiqlab bergan o‘quv dasturlari asosida, biz belgilab bergan darsliklar bilan o‘qitasan deb shart qo‘ysa, bilingki, o‘sha kundan boshlab o‘quv markazlari ham “o‘ladi”, tamom bo‘ladi”, – deb yozgan u.
Mavzuga oid

15:00
O‘zbekiston va Malayziya xalqaro tan olingan o‘quv dasturlarini joriy etadi

15:26 / 09.07.2025
Rossiya O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha tadqiqot olib boradi

13:30 / 05.07.2025
Xususiy OTM uchun litsenziya talablari o‘zgardi, bu yaxshimi yoki yomon? – mutaxassislar bilan suhbat

10:55 / 02.07.2025