Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat hamkorligining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, keyingi yillarda birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun yaxshi zamin yaratilganini alohida ta’kidladi.
Ushbu tashrif doirasida keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yanada yuqori darajaga olib chiqishga o‘zaro intilishdan dalolat bo‘lishi qayd etildi.
Parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari, "Markaziy Osiyo plyus" formatlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish muhimligi qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi. Kuni kecha o‘tgan biznes forumi muvaffaqiyatli bo‘ldi, yakunida yangi kelishuvlar to‘plami qabul qilindi.
Bu galgi tashrif doirasida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, avtomobilsozlik va to‘qimachilik sohalarida kooperatsiya loyihalari ishga tushiriladi.
Strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, "Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston" temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.
Transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha yangi loyiha takliflari ko‘rib chiqildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni, jumladan, Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar almashinuv faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu hafta mamlakatimizda Qirg‘iziston madaniyati kunlari o‘tkazilmoqda. Kuni kecha Samarqandda ikkinchi Rektorlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tomonlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib oldilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy kun tartibidagi tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Shundan so‘ng muzokaralar ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirildi.
Mazkur sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forumi, Rektorlar forumi, Avlodlar muloqoti va qator madaniy tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilindi.
Xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, BMT, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi va boshqa ko‘p tomonlama maydonlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish, eng avvalo, import o‘rnini bosish dasturlari va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shu maqsadda tashrif davomida o‘zaro savdo hajmini oshirishga qaratilgan dastur qabul qilinmoqda. Bundan tashqari, yaqin yillarda 2 milliard dollar ko‘rsatkichiga chiqish uchun poytaxtlarda savdo uylari tashkil etiladi, eksport-import shartnomalari to‘plami shakllantiriladi, eksportoldi moliyalashtirish vositalari joriy etiladi, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlarini tezkor tashish bo‘yicha "yashil yo‘lak" ishga tushiriladi.
Sanoat kooperatsiyasi doirasidagi joriy loyihalar portfeli 300 million dollarga yetgani ta’kidlandi. Kuni kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, logistika, elektrotexnika, to‘qimachilik, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda savdo shartnomalari va investitsiya bitimlarining yangi to‘plami qabul qilindi.
Bunday loyihalarni ilgari surish uchun O‘zbekiston-Qirg‘iziston jamg‘armasining ustav kapitali 200 million dollargacha oshiriladi.
Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish etib belgilandi.
Qambarota GES-1 qurilishi bo‘yicha bitimni tez fursatda imzolash va loyihaning amaliy bosqichini boshlash muhimligi qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat salohiyatini hisobga olgan holda kichik gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha kompleks hamkorlik dasturi tayyorlanadi.
Mintaqada transport bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
“Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘lini qurish bo‘yicha strategik loyiha to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani bu borada tarixiy voqea bo‘ldi.
Uchrashuvda istiqbolli transport loyihalari ham ko‘rib chiqildi.
Ikki mamlakat hududlari savdo-iqtisodiy hamkorlikning haqiqiy drayverlari ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, Bosh vazirlar raisligidagi Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi doirasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Hududlar delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari jadvalini tayyorlash va qo‘shma "yo‘l xaritalari"ni yangilashga kelishib olindi.
Qishloq xo‘jaligi o‘zaro hamkorlikning muhim yo‘nalishidir. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirish, intensiv bog‘lar va agroklasterlar tashkil etishni nazarda tutuvchi agrokooperatsiya dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.
Madaniyat, yoshlar, turizm, ta’lim, fan va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Shu ma’noda, tashrif arafasida Samarqandda O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kelgusi yillarga mo‘ljallangan madaniy tadbirlar taqvimini tayyorlashga kelishib olindi.
Yig‘ilishda Bosh vazirlar o‘rinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari qo‘shma "yo‘l xaritasi"ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdilar.