Moskva sobiq madaniyat vaziri Aleksandr Kibovskiy hibsga olindi

Jahon 09:56 / 18.07.2024 3393

Moskvaning Zamoskvoretsk tuman sudi qarori bilan Moskva madaniyat departamenti sobiq rahbari Aleksandr Kibovskiy 16 sentabrgacha tergov izolyatoriga jo‘natildi. Bu haqda 17 iyul, chorshanba kuni kechqurun “Mediazona” internet nashri xabar berdi.

Avvalroq, 17 iyul kuni tushdan keyin Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi (TQ) matbuot xizmati mansabdor shaxsning hibsga olingani haqida xabar bergan edi. Tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Svetlana Petrenkoning aniqlik kiritishicha, Kibovskiy 8 ta pora olish (Jinoyat kodeksi 290-moddasi 6-qismi) va firibgarlikka urinish bo‘yicha (Jinoyat kodeksi 30-moddasi 3-qismi, 159-moddasi 4-qismi) bitta epizod bo‘yicha ayblangan. 

“Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kibovskiy pora evaziga tijorat tashkilotlariga davlat shartnomalarini tuzishda yordam bergan, shu bilan birga u uyushgan guruh tarkibiga kirgan”, - deyiladi press-relizda. 

Aleksandr Kibovskiyning davlat xizmati 

Aleksandr Kibovskiy 2015 yil martidan 2023 yil sentabriga qadar Moskva madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Bungacha 2010 yil noyabridan 2015 yilgacha shahar madaniy meros bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2008 yildan 2010 yilgacha Kibovskiy Madaniy merosni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish federal xizmati (Rosoxrankultura)ni boshqargan. 2006 yildan 2008 yilgacha u Rossiya hukumati ommaviy kommunikatsiyalar, madaniyat va ta’lim bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari bo‘lgan. 

“RBK” internet nashrining eslatishicha, Aleksandr Kibovskiy Rossiya Federatsiyasi 2-darajali davlat maslahatchisi, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, II darajali “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: