17 iyul kuni Toshkent shahrida joylashgan “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Alfiya Musin Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevdan suv va alkogolsiz mahsulotlarga raqamli markikovkalashni joriy etishni kechiktirishni so‘radi. DSQ raisi taklifni rad etdi.
U 1 martdan suv va alkogolsiz mahsulotlar uchun majburiy raqamli markirovkalash joriy etilganini to‘g‘ri qaror deb baholadi.
Alfiya Musinning so‘zlariga ko‘ra, bunga hatto yirik kompaniyalar tomonidan ham samarali texnik yechim yo‘q.
Ammo Soliq qo‘mitasi rahbari ishlab chiqarishni sekinlashtirmaydigan markirovkalash uskunalari mavjudligini ta’kidladi.
Sherzod Qudbiyev, shuningdek, kontrafaktlar ko‘payib borayotgani sababli o‘zi yopishtiruvchi yorliqlarga qarshi chiqdi va stol ustida turgan suvning markirovka kodini tekshirdi.
“Bu suv noqonuniy ravishda sotib olingan. Endi men soliq nazoratiga mehmonxona bu suvni qanday sotib olganini tekshirishni topshiraman. Ushbu DataMatrix (markirovka) hali ham ishlab chiqaruvchida. Agar bu to‘g‘ri bo‘lsa, qonuniy jihatdan, bu suv yo iste’molchida, yo dilerda bo‘lardi”, dedi u.
Lekin Qudbiyev o‘tish davrida suvga yorliq qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Markirovkalash bozorni oqqa olib kiradi, biroq jarayon uzoq davom etgani uchun uning ta’siri nozik bo‘lib qolmoqda”, - deya qo‘shimcha qildi Soliq qo‘mitasi raisi.
Spot.uz nashrining eslatishicha, fevral oyi oxirida alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi prezidentga raqamli markirovkalashni majburiy joriy etishni bekor qilishni, biznes va hukumat o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yishni so‘rab xat yo‘llagan.
Raqamli markirovkalash talabi kuchga kirishidan bir necha kun oldin yirik alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilari bunga tayyor emasligini xabar qilgan. Bundan tashqari, korxonalar markirovkalashning ijobiy ta’sirini ko‘rmayotgani, shuningdek, ishlab chiqarish va sotishning keskin qisqarishini kutayotganini ma’lum qilgan. Biroq Soliq qo‘mitasi suv va ichimliklarni raqamli markirovkalash yashirin iqtisodiyot hajmini kamaytiradi deb hisoblaydi.
Avvalroq, markirovkalash uchun zarur bo‘ladigan uskunalar bojxona bojidan ozod etilishi ma’lum qilingandi.