Boltiqbo‘yi davlatlari Belarus raqamlari bo‘lgan avtomobillar kirishini taqiqladi

Jahon 12:47 / 18.07.2024 1444

Estoniya 17 iyul, chorshanba kuni Latviya va Litva tomonidan Belarus davlat raqamlariga ega avtomobillarning kirishiga qo‘yilgan taqiqqa qo‘shildi.

«Iyul oyi boshida Yevropa Ittifoqi Belarus Respublikasining Rossiya Ukrainaga qarshi agressiyasida ishtirok etish imkoniyatini cheklash va Belarus orqali Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Belarusga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi, - deyiladi Estoniya TIV xabarida. - Belarus Respublikasiga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar, xususan, Belarus davlat raqamlari bo‘lgan avtotransport vositalari Yevropa Ittifoqiga kirishini taqiqlashni o‘z ichiga oladi».

Vazirlikning ta’kidlashicha, taqiq «egasi yoki foydalanuvchisi Estoniya yoki Yevropa Ittifoqida qolishi sabablaridan qat’i nazar» Belarus davlat raqamlariga ega bo‘lgan barcha avtomobillarga taalluqlidir. Istisnolar «cheklangan hollarda» taqdim etiladi: «insonparvarlik sabablariga ko‘ra yoki diplomatik raqamga ega bo‘lgan transport vositasi uchun», deyiladi bayonotda.

Shu bilan birga, Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna uning davlati repressiyalar tufayli vatanini tark etishga majbur bo‘lgan belaruslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi.

Avtomobilni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish zarurati

Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, Estoniyada Belarus davlat raqamlariga ega bo‘lgan transport vositasi vaziyatga qarab besh kundan 12 oygacha bo‘lgan muddatda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak va import soliqlarini to‘lash yoki soliqdan ozod qilish uchun ariza berish zarur. Agar transport vositasi belgilangan muddatda qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, u yo‘l harakatidan olib tashlanadi va transport vositasi egasi jarimaga tortiladi.

Belarusdan Litva va Latviyaga avtomobillar kirishi taqiqlandi 

Shu kuni, 17 iyulda Litva bojxona boshqarmasi 18 iyuldan boshlab Belarus davlat raqamlariga ega avtomobillarning mamlakatga kirishiga taqiq amal qila boshlashini ma’lum qildi. Faqat diplomatik transport vositalari uchun istisno qilinadi. 

Hozirda Litvada bo‘lgan avtomobil egalari 2025 yilning 18 yanvarigacha mamlakatni tark etishlari yoki ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak. Buni qilmaganlarning mashinalari musodara etiladi. 

Litva bojxona qoidalariga ko‘ra, 16 avgustga qadar Belarus avtomobillari, agar ular sotish uchun mo‘ljallanmagan va amaldagi viza yoki yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lgan belaruslarga tegishli bo‘lsa, mamlakatga kirishi mumkin. Ushbu vaqtinchalik istisno yuridik shaxslarga taalluqli emas. 

Avvalroq, 16 iyuldan boshlab Latviyada Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan avtomobillar kirishi taqiqlangan edi. Riga bu chorani Yevropa Ittifoqining Rossiya Federatsiyasi va Belarusga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tish xavfini kamaytirish zarurati bilan izohladi. Qaror diplomatik va konsullik vakolatxonalari, jumladan, delegatsiyalar, elchixonalar va missiyalar foydalanishi uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalariga taalluqli emas. 

Ko‘proq yangiliklar: